Propiska bo‘yicha layfxak

  • 30 yanvar 2019, 19:30
  • 1 660
  • Jamiyat
  • Propiska bo‘yicha layfxak
    Toshkent propiskasini olish dardida tunlari bilan uxlolmay chiqayotgan yurtdoshlarimiz ko‘pchilikni tashkil qilishi bor gap. Agar lof deb qabul qilmasangiz, menga ham deyarli har kuni propiskaga oid savollar kelib tushadi.

    Savollardan kelib chiqib, huquqiy tomondan propiskaga kirishning birmuncha oson yo‘lini eslatib o‘tmoqchiman.

    Xabaringiz bor, yaqinda Toshkentda propiskasi bo‘lmagan shaxslar ham istalgan narxdagi yangi uylardan birini sotib olsa, 1-band bo‘yicha propiskaga kirishi belgilandi. Avvalgilarga o‘xshab, kamida EKIH 2500 baravari degan cheklov bekor bo‘ldi.

    Garchi Prezident Farmonida 2018 yilgi davlat dasturida propiskasiz shaxslarga ham ikkilamchi bozordan uy sotib olishga ruxsat berish belgilangan bo‘lsa-da, ammo bu band bajarilmadi (qoyil, birorta tashkilot bunga izoh bermadiya, jimmmmgina unutishdi). Mayli, gap hozir bu haqida emas.

    Xullas, ko‘pchilikda yangi uylardan sotib olish uchun imkoniyat bo‘lmasligi mumkin. Bugungi kunda «yangi uy» va «arzon» degan tushunchalar yer va osmon kabi bir-biriga qarama-qarshi.

    Yoki ayrimlarda uy olish uchun ehtiyojning o‘zi yo‘q. Sababi uning shundoq ham Toshkentda uyi bor, faqat o‘zining propiskasi bo‘lmagani uchun, biror tanishining nomiga rasmiylashtirishga majbur bo‘lgan. Ular o‘z uyini (!) o‘z nomiga (!) o‘tkazish uchun esa propiska olishi kerak va buning uchun yana falon pul sarflab yangi uylardan sotib olish «nevыgodno» albatta.

    ❗️Layfxak
    Agar shu kabi muammolar qiynayotgan bo‘lsa, unda sizlarga maslahatim, yangi uylarni bir kishi emas, bir necha kishi pul qo‘shib, sotib olsangiz bo‘ladi.

    Bu nima degani?
    Fuqarolik kodeksining 353-moddasiga binoan, ikki yoki bir necha shaxs shartnoma imzolashi mumkin. Ya’ni, biror mulkni albatta 1 kishi sotishi yoki 1 kishi sotib olishi shart emas. Taraflar ko‘pchilik bo‘lishi mumkin.

    Shundan kelib chiqib, yangi qurilayotgan uylarni 3-4 kishi o‘rtaga pul tashlab (ulush qo‘shib) sotib olishi ham mumkin. Bunday holda propiskaga oid qonun hujjatlariga binoan, sotib oluvchi tomon necha kishi bo‘lsa, ularning hammasi 1-band bo‘yicha propiskaga kiradi.

    Oddiy misol aytaman. Masalan, meros huquqi asosida yuzaga keladigan vaziyatni olaylik. Aytaylik, 1 kishi Toshkentdagi o‘z uyini propiskasi yo‘q bo‘lgan 3 kishining nomiga vasiyat qilib qoldirdi. Bunday holda uy egasining vafotidan so‘ng, o‘sha uchala merosxo‘rning nomiga uy rasmiylashtiriladi (kadastrdan ham o‘tkaziladi) va natijada o‘sha 3 kishi Toshkentdan propiska oladi. Yangi uylardan bir necha kishi sotib olishda ham xuddi shunaqa bo‘ladi.
    (ayrim maklerlar qari, yolg‘iz, kasalmand insonlarni topib, vasiyatnoma yozdirib berish evaziga biznes qilishi ham yolg‘on emas)

    ESLATMALAR
    Faqat bunday qarorga kelishdan oldin quyidagilarga e’tibor qarating:

    1) duch kelgan shaxslar bilan emas, o‘zingiz haqiqatdan ishongan insonlar bilan birgalikda uy sotib oling, chunki ertaga muammo bo‘lishi mumkin (aslida shartnomada kim qancha ulush qo‘shgani yozilsa, katta muammo ham bo‘lmaydi);

    2) o‘sha sotib olingan uyda barchaning birdek haqqi bo‘lishini unutmang;

    3) propiskaga kirib bo‘lgach, yangi uyni 3 yil ichida sotib bo‘lmas ekan, degan gaplar noto‘g‘ri. Bemalol sotish mumkin. Faqat bu ortiqcha katta xarajat degani. Aniqrog‘i, agar yangi uy 3 yil ichida qayta sotilsa, EKIHning 400 baravari, ya’ni 81 mln 92 ming so‘m davlat boji to‘lanadi. Va o‘z-o‘zidan bu davlat boji odatda uyni sotayotgan shaxslar zimmasiga tushishini unutmang;

    4) olingan ma’lumotlarga ko‘ra, barcha developerlar ham o‘zlari qurgan yangi uylarni bir necha kishiga sotishga rozi bo‘lmayotgan ekan. Ular bunday ko‘p tomonlama oldi-sotdi shartnomalarini notarius tasdiqlab bermasligidan xavotirda. Ammo bu asossiz qo‘rquv. Bir necha taraflardan iborat oldi-sotdi shartnomalarini notariuslar rad qilishga hech qanday asos yo‘q.

    Ushbu maqolani tayyorlash chog‘ida ayrim notariuslar bilan gaplashdim, ular ham bir necha kishi sotib olayotgan uylarning shartnomasini tasdiqlashda hech qanday muammo yo‘qligini, bu haqida Adliya vazirligidan ham maslahat olishganini ta’kidlashdi;

    5) Quruvchi bilan tuzilayotgan oldi-sotdi shartnomasida sotib oluvchi sifatida albatta bir necha kishining ism-sharifi ko‘rsatilishi kerakligini unutmang. Ya’ni shartnomada faqat 1 kishining nomi tilga olinib, notariusga borganda «biz 3 kishimiz» deya da’vo qilmang, baribir foydasi yo‘q.

    6) Agar uy sotib olishga imkoningiz yetarli bo‘lsa va o‘zgalar bilan ulush qilishga ehtiyoj bo‘lmasa, unda yana bir maslahatim, uy sotib oluvchisi sifatida turmush o‘rtog‘ingizni ham shartnomaga qo‘shib qo‘yishni unutmang. Chunki, bunday holatda turmush o‘rtog‘ingiz 1-band bilan propiskaga kiradi. To‘g‘ri, aytishingiz mumkin, axir men 1-band bilan kirsam, turmush o‘rtog‘imni bemalol propiskaga olib kira olmanku, deb. Ha, rost, kirita olasiz. Lekin 5-band bilan kiritasiz. 5-band bilan kirganlar kelgusida 3 yil ichida na nomiga uy sotib ololadi, na boshqalarni propiskaga kirita oladi. Hattoki 5-band bilan propiskaga kirgan rafiqa, o‘zining eriyu farzandlarini ham propiskaga kirita olmaydi.

    1-band bilan kirganda esa, kelgusida bemalol o‘z nomiga boshqa uylarni sotib olishi, ota-onasini (ya’ni qaynota-qaynonani) propiskaga kirita olishi mumkin. Bu esa kelgusida turmush o‘rtog‘ingizning aka-ukalarini ham propiskaga kirishiga imkon yaratadi.

    Xullas, shunaqa gaplar. Propiska yaratayotgan taqiqlar shu darajada «ajoyib»ki, uni aylanib o‘tish uchun xalq tomonidan mana shunaqa undanda ajoyib usullar o‘ylab topilaveradi, topilaveradi... Faqat bir tomoni yomon, bugun propiska ilinjida har narsaga tayyor shaxslar ko‘rayotgan usullar ertaga yangi nizolarni ko‘paytirishi, muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Sun’iy to‘siqlar hech qachon jamiyat foydasiga ishlamagan. Buni tarix isbotlab qo‘yganiga ancha bo‘lgan.
    Xushnud Xudayberdiyev, huquqshunos

    Manba: Kun.uz

    » » Propiska bo‘yicha layfxak