23:50 / 31.01.2019
11 283

Samarqandlik juvonning erining jiyani bilan ishqiy munosabati tafsilotlari oshkor bo‘ldi

Samarqandlik juvonning erining jiyani bilan ishqiy munosabati tafsilotlari oshkor bo‘ldi
Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumanida yashovchi 30 yoshli Rushana Rahmonqulova o‘z farzandlarini qasddan o‘ldirganligi haqida xabar berilgan edi. «Huquq» gazetasi tomonidan mana shu voqea batafsil o‘rganilib, e’tiboringizga havola etilmoqda, deb yozadi O‘zA.

Ayni vaqtda o‘ttiz yoshni qoralagan Nasiba Xo‘jaqulovaning (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) birinchi turmushi bo‘lmadi. Ajrashib, bir qizi bilan ota uyiga qaytib keldi. U ikkinchi marta xolasining o‘g‘li Anvar Rahmonov bilan shar’iy nikoh asosida oila qurdi. Anvar Rossiyada ishlagani uchun o‘z uyidan ko‘ra o‘sha o‘lkalarda ko‘proq bo‘lardi. Nasibaga uylangach, bir hafta yashab, yana ishiga qaytib ketdi. Turmush o‘rtog‘i birinchi turmushidan ko‘rgan qizi Baxtigul bilan qoladi.

Anvarning ota-onasi uning birinchi turmushidan bo‘lgan qizini unchalik xushlamasdi. Lekin kelini qizini olib ketib qolsa, o‘g‘li chet eldan kelmay qo‘yishini bilib, u bilan yashashga majbur edi. Anvar yaqin orada yangi kelinchakdan xabar olmadi. Nasiba erining Rossiyada boshqa xotini borligini eshitib, xo‘rligi keldi. Ota uyiga qaytishiga esa xolasi qo‘ymadi. Shundan so‘ng u ushbu «dard» girdobida azobli kunlarni boshdan kechiradi.

Bir kuni qaynakasining o‘g‘li Nurali Ilashov bilan dildan suhbatlashib qoldi. Gap orasida ichidagi dardu g‘uborlarni to‘kib soldi. Nurali yangasining gaplarini eshitib, indamay ketmadi. Unga g‘amxo‘rlik qilishini aytib taskin berdi. Shu kundan boshlab ular tez-tez qo‘ng‘iroqlashib, Telegram ijtimoiy tarmog‘ida SMS yozishadigan bo‘lishdi. Bora-bora bu munosabat chuqurlashib, zinoga aylandi.

Qizi qaynota-qaynonasi bilan birga yotishi, Nasibaning yotoqda yolg‘izligi Nurali uchun ayni muddao edi. U yarim tunda deraza orqali yangasining yotog‘iga kirardi. Qalb ko‘zlari mudroq bu ikki manqurt tuni bilan ishqiy munosabatda bo‘lib, hech nima ko‘rmagandek yuraverardi. Oradan yetti oy o‘tib, Anvar Rossiyadan keldi. Bir oy yashab, yana iziga qaytdi. Nasiba o‘zidan yetti yosh kichik bo‘lgan Nurali bilan ishqiy munosabatlarini uzishni istamasdi. Bu orada u yana qizchali bo‘ldi. Qizi Mahliyoning tomirida Nuralining qoni oqayotganini Nasiba yaxshi bilardi va bu haqda yigitni ham xabardor qilgandi.

Ko‘za kunda emas, kunida sinadi, deganlaridek, bir kuni tun qo‘ynida «er-xotin» bo‘lgan bu kimsalar munosabatlarining misi chiqdi. O‘sha kuni qaynonasi katta qizini olib to‘yga ketgandi. Kechasi hovlida yurgan qaynota o‘g‘lining yotog‘iga deraza oshib kirayotgan Nuralini sezib qoldi. Bu holat uning bu hovlidan qadami uzilishiga sabab bo‘lsa-da, telefondagi aloqaga chek qo‘yolmadi.

Nasibaning ichiga g‘ulg‘ula tushdi. Hademay, xufiyona munosabatlarini oilaning boshqa a’zolari ham bilib qolishidan xavotirda edi. Xayolan ming xil reja tuzib ko‘rdi. Shunday tubsiz o‘ylar qurshovida yurgan payti Nurali bilan Telegram’da yozishdi. «Telefoningdagi yoqmagan rasmlarni o‘chirib tashladim», dedi Nurali. (Nasiba ikkita telefon tutar, bittasi Nurali uchun edi.)

U Nasibaning katta qizi Baxtigulning rasmlarini o‘chirib tashlagandi.

«Shu qizing katta bo‘lsa, u bilan yuraman yoki boshqalarga ulashaman», deb yozdi. Xabarni o‘qigan ayolning tepa sochi tikka bo‘ldi, g‘azabi qaynadi. «Agar shunday qilsang ikkovingni ham so‘yib tashlayman», dedi. Ushbu SMS sabab ular janjallashib qoladi.

Nasibaning sabri yetmadi. Oradan ko‘p o‘tmay kechirim so‘rab Nuraliga SMS xabar yo‘lladi. Nurali unga javoban «Seni kechiraman, lekin katta qizing borasidagi gapimdan qaytmayman», dedi. Nasibaning oyoq-qo‘li g‘azabdan titradi. «Senga ermak uchun berib qo‘ygandan ko‘ra, o‘z qo‘lim bilan o‘ldirib qo‘yganim afzal, bir uni emas seni qizingni ham, o‘zimni ham o‘ldiraman», dedi. Unga javoban «Ishdan chiqib boraman, o‘zim o‘ldiraman», dedi Nurali.

Nasiba oshxonadan ro‘zg‘orda ishlatadigan pichoqni yotoqxonasiga kiritib qo‘ydi. Qaynota-qaynonasi uxlagach, ular yonida shiringina pishillab uxlayotgan Baxtigulni o‘z yotog‘iga keltirib yotqizdi.

Qaynona yonidagi nevarasi yo‘qligini bilib qoldi. Kelib qolar deb biroz kutdi. Ammo kelavermagach, turmush o‘rtog‘ini uyg‘otdi. Onasi bilan yotgandir, deb Nasibaning eshigini taqillatdi. Ichkaridan sado chiqmadi. Eshik oynasini buzib, ichkariga kirishdi. Ular bu yerdagi manzarani ko‘rib dong qotdi. Ikki norasida va ularning onasi qonga belanib yotardi.

O‘sha tun Nurali deraza osha kirganda, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan vahshiylik ro‘y bergan edi.

Nurali o‘zining turli gaplari bilan ushbu mudhish fojiaga sababchi bo‘ldi. Buni anglagan N.Ilashov sodir etgan qilmishi oshkor bo‘lmasligi uchun Nasibaning qo‘l telefonini olib, voqea joyidan qochib ketadi. O‘zi va ayolning telefonidagi qo‘ng‘iroqlar, Telegram ijtimoiy tarmog‘i orqali yozishgan xabarlarini o‘chirib, izlarni yo‘qotdi.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, hali yetti yoshga to‘lmagan Baxtigulga 12 marotaba, bir yoshga ham to‘lmagan Mahliyoga esa 5 marotaba pichoq urilgan ekan. Yetkazilgan tan jarohatlari norasidalarning hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan. Onasi esa...

Aniqlanishicha, Nasiba avval qizlariga, keyin esa o‘ziga pichoq urgan. Biroq uning joni omon qoldi. Ikki dilbandining umrini xazon qilgani qoldi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Samarqandlik juvonning erining jiyani bilan ishqiy munosabati tafsilotlari oshkor bo‘ldi