Qachon «zako‘nchi» bo‘lamiz?

  • 02 fevral 2019, 07:35
  • 2 606
  • Jamiyat
  • Qachon «zako‘nchi» bo‘lamiz?
    Huquqni bilish insonga mustaqillik beradi. Haqqini bilgan odamni turli «maqom»ga o‘ynatish, jaydari tilda aytsak, yo‘ldan urishning iloji yo‘q! Muhimi, huquqini bilgan va undan foydalana olgan inson qonun ijrosini ta’minlovchi muhim murvatga aylanadiki, biz orzu qilayotgan fuqaroviy jamiyat uchun bunday shaxslar juda-juda kerak. Zotan, qonunlarni qabul qilish – bu ishning bir qismi, xolos. Asosiysi – uning amaldagi ijrosida!

    Demak, ayni palladagi dolzarb masala – qonunlarning mazmun-mohiyatini keng ommaga va mas’ul ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning ijrosini to‘g‘ri tashkil etishni ta’minlashdan iboratdir. Prezidentning «Jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish tizimini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilinishidan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shu.

    E’tirof etish shart, bu borada qilingan ishlardan amalga oshiriladigani ko‘p. Umumiy, zerikarli, hisobot uchun qilinadigan va samarasi past tadbirlardan aniq, manzilli, amaliy ahamiyati va samarasi yuqori targ‘ibotga o‘tish davri keldi.

    Manzilli targ‘ibot nima?

    Olaylik, u yoki bu sohaga oid muhim hujjat qabul qilindi. Ushbu hujjatni hamma joyda yoppasiga targ‘ib qilish samara bermasligi ma’lum. Shu sababli qaysi soha yoki jabhaga oid hujjat qabul qilinsa, aynan shu sohaga taalluqli auditoriyaga qaratilgan targ‘ibot olib borish — manzilli targ‘ibot deyiladi.

    Bunday targ‘ibot nafaqat oddiy aholi orasida, balki korxona va tashkilotlarda ham olib borilishi lozim. Chunki har bir xodim o‘zi mehnat qilayotgan sohaning huquqiy asoslarini va qonunchilikdagi sohaga oid yangiliklarni bilishi lozim. Shu maqsadda korxona va tashkilotlarda mavzuli, ixtisosliklarga yo‘naltirilgan targ‘ibot ehtiyoji mavjud.

    Targ‘ibot mavzusi va auditoriyasini belgilab olish uchun avval mahallalarda va jamoalarda eng dolzarb, aholini qiziqtiradigan va murojaatlarda ko‘tarilayotgan muammoli masalalar o‘rganib, tahlil qilinadi. So‘ng, tahlil natijalariga ko‘ra, targ‘ibot usuli, mundarijasi va keraklivositalari belgilab olinadi. Shu asosda huquqiy-normativ hujjatlar targ‘ib qilinadi.

    Endi bir guruh odamlarni majburan yig‘ib olib zerikarli ma’ruza o‘tishdan voz kechildi. Interaktiv va ko‘rgazmali davra suhbatlari, xalq orasiga kirib olib borilayotgan savol-javoblar va huquqiy maslahatlar orqali muammolarga amaliy yechim topishga qaratilgan jonli targ‘ibot – davr talabi.

    Buni huquq targ‘ibotchilari yaxshi anglab yetdilar va amalda qo‘llamoqdalar. Targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishda ko‘rgazmali materiallardan foydalanish, sxematik ifodalashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

    Adliya vazirligi tomonidan 15 fevralga qadar butun Respublika bo‘ylab tashkil etilayotgan manzilli targ‘ibot tadbirlarining maqsadi fuqarolar, davlat tashkilotlari xodimlarining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, ularga qonun hujjatlarining mazmun-mohiyatini tushuntirishdan iboratdir.

    Targ‘ibot tadbirlari ikki yo‘nalishda tashkil etilmoqda.

    Birinchi yo‘nalishda barcha davlat tashkilotlari va idoralar xodimlari bilan ishlanmoqda. Respublika-viloyat-tuman tamoyili asosida har bir davlat tashkilotida huquqiy targ‘ibot olib borilmoqda. Hozirgi kunga qadar Xalq ta’limi vazirligi, Qurilish vazirligi, «Davergeodezkadastr» qo‘mitasi hamda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi va ularning hududiy tuzilmalarida ishlovchi xodimlarga soha faoliyatiga oid qonunchilik mohiyati yetkazildi. Shu bilan bir qatorda ularning mehnat va boshqa huquqlari ham tushuntirildi.

    Ikkinchi yo‘nalishda esa, turli aholi toifalari yoshlar, tadbirkorlar, uy bekalari, pensionerlar, mehnat migrantlari orasida qonun hujjatlarining mazmuni yetkazish bilan shug‘ullanilmoqda. Shu bilan birga ularning qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasi monitoring qilinmoqda.

    Fuqarolar ham endi bunday uchrashuvlarda faol, o‘zlarini qiziqtirgan savollar va qiynayotgan muammolarni ochiq aytib, mutaxassislardan malakali huquqiy maslahatlar olmoqdalar.

    Targ‘ibotni professional darajada va samarali tarzda amalga oshirish uchun vazirlikning malakali mutaxassislari, tajribali pedagog-professorlardan iborat tarkibda maxsus ishchi guruh tuzildi

    Hozirda Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Farg‘ona viloyatlarida manzilli targ‘ibot tadbirlari boshlab yuborildi.
    Bu kabi tadbirlar aholining qonun hujjatlaridan xabardorlik darajasini oshirish bilan bir qatorda jamiyatda qonun ustuvorligini ta’minlash uchun ham muhimdir.

    Manba: Xabar.uz

    » » Qachon «zako‘nchi» bo‘lamiz?