10:00 / 02.02.2019
4 963

Qoʻqonda sobiq ichki ishlar xodimi boshchiligidagi jinoiy guruhga hukm oʻqildi

Qoʻqonda sobiq ichki ishlar xodimi boshchiligidagi jinoiy guruhga hukm oʻqildi
Qoʻqon shahrida odamlarni hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitib, oʻzgalarning mulkini bosqinchilik va oʻgʻirlik yoʻli bilan talon-toroj qilgan jinoiy guruh qoʻlga olinib, ularga nisbatan sud hukmi chiqarildi. Bu haqda OʻzA yozmoqda.

Madamin Olimov (ismi familiyasi oʻzgartirilgan) 2014 yilda ichki ishlar idorasidan boʻshatilganidan soʻng moddiy boylik orttirish maqsadida jinoiy guruh tashkil etib, unga rahbarlik qilib kelgan. Achinarlisi, u oʻz tugʻishgan ukasi, Uchkoʻprik tumanida profilaktika inspektori vazifasida ishlab kelayotgan J. Olimovni ham bunga jalb etadi. Ular A. Bakimatov, K. Ahmedovlar bilan oldindan til biriktirib, uy-joyga gʻayriqonuniy ravishda kirib, oʻzganing ancha miqdordagi mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish hamda qurol bilan hujum qilib, bosqinchilik kabi bir qator jinoyatlarni sodir etgan.

A.Bakimatov 2017 yil 20 sentyabr kuni tanishi D.Lyubimov oʻziga tegishli “Damas” avtomashinasini 6 ming 200 AQSH dollariga sotganidan xabar topib, sinfdoshi M. Olimovga buni aytadi. Madamin oʻz navbatida A.Bakimatovga ukasi bilan bogʻlanish haqida topshiriq berib, D.Lyubimovni uyga keltirmaslik choralarini koʻrish vaqtida ushbu pullarga egalik qilishga oʻzaro kelishishgan. Shundan soʻng A.Bakimatov J. Olimovga “ov” haqida qoʻngʻiroq qilib, bu haqda maʼlum qilgan. J.Olimov sinfdoshi K.Ahmedov bilan birgalikda Qoʻqon shahriga borib, D.Lyubimovning uyidan pullarni olib chiqishi haqida topshiriq beradi.

K.Ahmedov D.Lyubimovning uyiga devor orqali gʻayriqonuniy ravishda kirib, xonadon ichidagi shkafdan 5 ming 800 AQSH dollarini yashirin ravishda talon-toroj qilib, voqea joyidan yashiringan. Shundan soʻng K.Axmedov oʻgʻirlik yoʻli orqali olib chiqilgan pullarni J. Olimovga bergan. J.Olimov esa mazkur pullarni guruh aʼzolari oʻrtasida oʻzaro taqsimlab, oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborganlar.

Bundan tashqari, M. Olimov Qoʻqon shahridagi akademik litseyda birga ishlovchi S.Xolmatov bilan yaqin munosabatlarga kirishib, uning Qoʻqon shahar Parpashabof koʻchasidagi uyida pul va tilla taqinchoqlar borligidan xabar topib, uni qoʻlga kiritish boʻyicha jinoiy reja tuzgan. Rejaga koʻra, Madamin 2018 yil 11 yanvar kuni soat 09:00larda S.Xolmatovni ishga olib ketish bahonasi bilan uning uyiga kelib, uyda keksa D.Mirsadiqovaning qolishiga erishib, S.Xolmatovni ishga olib ketib, bu haqda guruh aʼzolariga xabar bergan.

Shundan soʻng, J.Olimov shu kuni soat 11:00 larda K.Ahmedov va A.Bakimatov bilan birga temiryoʻl vokzali yaqinida uchrashib, ularni oʻzining boshqaruvidagi transport vositasida Qoʻqon shahar Poʻstindoz koʻchasiga olib kelgan.

K.Ahmedov va A.Bakimatov D.Mirsadiqova yashab kelayotgan uyga kelishib, atrofida xech kim yoʻqligiga ishonch hosil qilishganidan soʻng, oʻzlari bilan olib kelingan tibbiyot niqobini yuzlariga taqib, qoʻllariga qoʻlqop kiyib, uyni ochiq turgan darvozasi orqali hovliga bostirib kirishadi. D.Mirsadiqova turgan xonaga kirib, uni ogʻzini yopib, boʻynidan boʻgʻib, hayot va sogʻliq uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib, uy oshxonasidagi pichoq bilan qurollanib, oʻldirish bilan qoʻrqitib, undan pul va tilla taqinchoqlarni berishni talab qilishgan. 14 million 450 ming soʻmlik mulklarni bosqinchilik yoʻli bilan talon-toroj qilgan.

Mazkur jinoiy guruh qilmishlari olib borilgan surishtiruv-tergov harakatlari davomida Oʻzbekiston Respublikasi IIV Oʻz xavfsizligi boshqarmasi Fargʻona viloyat boʻlimining xodimlari tomonidan fosh etildi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tuman sudi tomonidan jinoyat ishi koʻrib chiqilib, jinoyat uchun jazo muqarrarligi tamoyiliga rioya qilingan holda, sudlanuvchilar M. Olimov va J. Olimovlarga uzil-kesil 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. K. Ahmedov va A. Bakimatovlar ham qilmishlariga yarasha jazoga tortildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoʻqonda sobiq ichki ishlar xodimi boshchiligidagi jinoiy guruhga hukm oʻqildi