Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali tashkil etiladi

  • 06 fevral 2019, 18:08
  • 1 383
  • Jamiyat
  • Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali tashkil etiladi
    Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

    Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi va Qashqadaryo viloyati hokimligining Shahrisabz shahrida Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filialini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilishi mumkin.

    Belgilanishicha, Filial Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetining yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan tarkibiy bo‘linmasi hisoblanib, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining G‘aznachiligida zarur shaxsiy hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

    Quyidagilar Filialning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

    ta’lim muassasalari uchun yuqori malakali pedagog kadrlarni umume’tirof etilgan xalqaro talablar darajasida sifatli tayyorlashni ta’minlash;

    pedagogik ta’lim sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlarni olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish;

    yurtimizning pedagogika fani bo‘yicha qadimdan rivojlanib kelgan yutuqlari, xorijiy mamlakatlar ta’lim muassasalarining tajribasi va Qashqadaryo viloyatidagi ta’lim muassasalarining talab-ehtiyojlarini hisobga olgan holda tegishli ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv-uslubiy adabiyotlarni yaratish;

    o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida pedagogika sohasidagi respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish;

    respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ilmiy markazlariga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Filialning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish.

    Filialda o‘quv jarayoni 2019/2020 o‘quv yilidan boshlanadi. Filialga talabalarni qabul qilish soni belgilangan tartibda har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish kvotalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.

    » » Toshkent davlat pedagogika universitetining Shahrisabz filiali tashkil etiladi