Farg‘onada 124 yoshli onaxon uzoq umr ko‘rish sababini aytdi

  • 08 fevral 2019, 11:28
  • 3 051
  • Jamiyat
  • Farg‘onada 124 yoshli onaxon uzoq umr ko‘rish sababini aytdi
    Foto: O‘zA
    O‘zA Farg‘ona viloyatining Buvayda tumanida yashovchi 124 yoshli momo bilan suhbat uyushtirib, onaxonning xotiralari va uning uzoq umr ko‘rishi siri haqida maqola e’lon qildi. Quyida maqola to‘lig‘icha berildi.

    Farg‘ona viloyatining Buvayda tumaniga yo‘li tushgan ko‘pchilik 124 yoshli Huvaydo momo ziyoratiga oshiqadi. Boisi, uch asr bilan yuzlashgan tabarruk onaxonning duosini olish qalbga o‘zgacha huzur bag‘ishlaydi. Momoning xotiralari esa tirik tarix desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

    Asrlar mobaynida sayqallanib kelayotgan milliy qadriyatlarimizga ko‘ra, xonadonlarimiz fayzi bo‘lgan nuroniy otaxon va onaxonlarimiz har tong yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, qut-baraka so‘rab duo qiladi. Bu shukronalik ne’mati katta hayotiy hikmatga ega ekani bilan ham qadrlidir.

    Nuroniylarni e’zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos azaliy qadriyatdir. Aslida ham hayoti hikmatu donishmandlik bilan yo‘g‘rilgan nuroniylar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ezgu ishlarda ustoz-murabbiylarimizdir. Ularning pand-u nasihatlari, qimmatli o‘gitlari yo‘llarimizni nurafshon etadi. Ayniqsa, 100 bilan yuzlashgan nuroniylar suhbatida bo‘lish, duosini olish bizga ko‘hna hayot falsafasini anglatadi.

    Buvayda tumanidagi Qoraqum mahallasida istiqomat qilayotgan onaxon bu yil 124 bahori bilan yuzlashish baxtiga musharraf bo‘lmoqda. Huvaydo momo bilan suhbatlashsangiz ko‘z o‘ngingizda xalqimizning birda qayg‘uli, birda shodumon hayoti namoyon bo‘ladi. Oktyabr to‘ntarishidan keyingi qirg‘inbarot, kolxozlashtirish, quloq qilish, uzoq va sovuq o‘lkalarga surgun, mash’um qatag‘on, dahshatli urush voqealari ko‘z o‘ngingizdan kino tasmasidek bir-bir o‘taveradi. Onaxonning esa ko‘zlari yoshlanadi.

    «Farg‘ona kanalini qazish boshlangan ilk kundan oxirigacha qatnashganman, — deydi momo. – Ikkinchi jahon urushi va undan keyingi yillardagi ocharchilik, mashaqqatlar kechagidek esimda. Erkaklar urushga ketgan, barcha yumush ayollar zimmasida. Yil—o‘n ikki oy dalaning mashaqqatli mehnati — ekin-tikinni sug‘orishdan to yig‘ib-terib olishgacha — barchasi ayollar va bolalar yelkasiga tushgan. Ana shu qora mehnatlarimiz evaziga kuniga bir kosa atala bilan bir to‘g‘ram non berishadi. Shunisiga ham shukr qilib, yaxshi kunlar umidi bilan jon hovuchlab yashaganmiz».

    Onaxon Katta Farg‘ona kanalini qazishda alohida jonbozlik ko‘rsatgan. Ikkinchi jahon urushi yillarida 9 gektar yerning g‘o‘zasini o‘zi sug‘orib, har kuni 250 kilogrammdan paxta tergan. Buvining qo‘llaridagi qadoq o‘sha davrlardan xotira bo‘lib qolgan.

    Momo hayot maktabi tarbiyasini ko‘p olgan. Shu yoshda ham xotirasi tiniqligi, gapga chechanligi, askiyaga moyilligiga qoyil qolish kerak. Ba’zan kutilmagan savollari bilan suhbatdoshini ham shoshirib qo‘yishi mumkin. Ammo hamisha tilida-yu dilida dorilamon kunlar shukronasi.

    «Bu boshim ne kunlarni ko‘rmadi deysiz, bolam, — davom etadi Huvaydo momo. — Yaratganga shukr, tinch, farovon zamonlarga ham yetdik. Ko‘zim ko‘rmay qolganiga ancha bo‘ldi. Ammo nabira-yu evaralardan ko‘p narsani bilib turaman. Shunday kunlarni orzu qilib, doim yaxshi niyatda bo‘lganman. Yaxshi niyat odamni har qanday qiyinchilik, mashaqqatlardan olib o‘tadi, yaxshi kunlarga yetkazadi».

    Buvaydaning fayzi bo‘lgan onaxonning umri dalada o‘tgani bois hali-hamon zuvalasi pishiq. Momoning turmush o‘rtog‘i olamdan erta o‘tdi. U 7 farzandni tarbiyalab kamolga yetkazdi. Hayotsevar buvi gohida nevara kelinlari yoniga kirib, tomorqa yumushlariga andarmon bo‘lgisi keladi. Inson umrining saodati, baxt-farog‘ati ana shu jihatlari bilan go‘zal va fayzli emasmi?!

    Huvaydo momo uzoq umr ko‘rishining sababini doimiy harakatda bo‘lish, mehnat qilishda, deb biladi. Farzandlari-yu evara-chevaralariga ham doimo mehnat qilishni uqtiradi.

    Dunyoni qalb ko‘zi bilan ko‘radigan onaxon hayotimizning katta va jo‘shqin oqimidan chetda emas. Oila fayz-u farishtasi hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbuslarga munosabat bildiradi, yurt ravnaqi yo‘lidagi yumushlarda barcha ahil-inoq, hamjihat bo‘lishi zarurligini ta’kidlaydi.

    Bu — ulug‘ yoshli momoning hayot hikmati va falsafasini o‘zida mujassam etgan donishmandlik kitobidir!

    » » Farg‘onada 124 yoshli onaxon uzoq umr ko‘rish sababini aytdi