Navoiyning Misrdan topilgan nodir asarlari qo‘lyozmasi haqida bilasizmi?

  • 09 fevral 2019, 18:32
  • 1 231
  • Jamiyat
  • Navoiyning Misrdan topilgan nodir asarlari qo‘lyozmasi haqida bilasizmi?
    Alisher Navoiy qalamiga mansub «Xamsa» ​, «Xazoyin ul-maoniy»​, «Majolis un-nafois»​, «Lisonut-tayr»​ asarlari nafaqat turkiy xalqlar, balki xorij ahlini ham o‘z badiiyati bilan asrlar davomida jalb qilib kelayotgani hech kimga sir emas. «Oila va jamiyat» nashri tadqiqotchi Rustam Jabborovning Navoiyning aksariyatga noma’lum bo‘lgan bir to‘plami borasidagi izlanishlari haqida maqola chop etdi.

    Navoiyning ijodiy faoliyatiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, u tartib bergan ilk devon «Badoyi’ ul-bidoya»​ hisoblanadi. Xuddi shu devonning debochasida «...xaloyiq arosida ming bayt — ikki ming bayt ortug‘roq-o‘ksukrakkim o‘zlari jam’ qilib erdilar, bag‘oyat mashhur bo‘lib erdi»​, deydi. Ya’ni o‘zidan avvalroq uning ixlosmandlari 1000-2000 bayt she’rini to‘plam holiga keltirishganiga ishora qiladi. Bu to‘plam «Ilk devon»​ nomi bilan adabiyot olamida mashhur. Mazkur qo‘lyozma hozirda Rossiya Milliy kutubxonasida, Sankt-Peterburgda saqlanadi.

    Ammo shu paytga qadar xuddi shu taxlitda, taxminan o‘sha paytlarda, ya’ni Navoiyning muxlislari to‘plab, tayyorlagan yana bir nodir manba borligini ko‘pchilik bilmasdi.

    Ushbu qo‘lyozma haqida ilk ma’lumotlar 1935 yilda nashr etilgan Qohira kutubxonasidagi rasmli qo‘lyozmalar fehristida uchraydi. Qo‘lyozmaning qanday qilib Misrga borib qolganligi haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. Mazkur qo‘lyozma navoiyshunos olim Aftondil Erkinov tomonidan aniqlangan va ayni paytda har taraflama tadqiq qilinmoqda.

    Ushbu davlatda asrlar davomida bir qancha turkiy sulolalar (mamluklar, tuluniylar, usmoniylar va h.k) hukmronlik qilganini hisobga olsak, Misrda turkiy adabiyotga hech bo‘lmaganda saroy muhitida qiziqish katta bo‘lgani o‘z-o‘zidan ravshanlashadi.

    Yusuf Xos Hojibning «Qutadg‘u bilig»​ asari bir nusxasi aynan Qohiradan topilganligi ham bejiz emas. Shunday ekan, Navoiyning oqqo‘yunlilar davrida tuzilgan devoni Misrdan topilganligiga ajablanmasa ham bo‘ladi.

    Devon xotimasidagi ma’lumotlarga e’tibor qaratsak, u 876 yili Rajab oyining 12-kuni (1471 yil 24 dekabr) ko‘chirilgan. Bu paytda Navoiy hali 30 yoshli yigit edi. Devon navqiron shoirning kechinmalarini anglashga yo‘l ochadi.

    Bu nodir topilmaning yana bir qimmatli tomoni uning Abdurahim Xorazmiy ismli shaxs tomonidan ko‘chirilganidir. U oqqo‘yunlilar davlatida nom chiqargan xattotlar sulolasining atoqli vakili edi. Uning otasi Abdurahmon va inisi Abdulkarimlar ham o‘z davrining xushnavis xattotlari sifatida nom chiqarishgan.

    Devonni ko‘chirgan Abdurahim Xorazmiy o‘z davrida she’riyatda ham dovrug‘ taratgan, Anisiy taxallusi bilan she’rlar yozgan. Hazrat Navoiy ham «Majolis un-nafois»​da Anisiy ismli shoir haqida ma’lumot berib o‘tsa-da, bu shoir aynan Abdurahim Xorazmiy emasligi aniqlangan. Biroq xorazmlik ota-bola xattotlar hirotlik mashhur xattot Sultonali Mashhadiy bilan raqobatlashgan, unga xos bo‘lgan nasta’liq xatiga sayqal berib, uni yanada takomillashtirishgani ma’lum.

    Devonning yana bir ajoyib xususiyati uning tili bilan bog‘liq. Qo‘lyozma bilan tanishgan, ammo Navoiy ijodidan bexabar kitobxon bir o‘qishda uni o‘g‘uz turkchasida ijod qilgan shoirning devoni deb o‘ylashi tabiiy. Masalan:

    Mehr cho‘x go‘rsatdim ammo, mehribone dapmadim,
    Jon base qildim fido, oromi jone dapmadim.
    Ishq aro yuz min malomat o‘xina o‘ldum nishon,
    Bir kamon abruda duzluqdin nishone dapmadim.

    Ko‘rinib turibdiki, mashhur g‘azaldagi so‘zlar o‘g‘uz turkchasi (bugungi turk, ozarbayjon, turkman, gagazu tillari, o‘zbek tilining Xorazm shevasi)ga moslashtirilgan. Ehtimol, xattot Navoiy she’rlarini o‘z shevasiga uyg‘un tarzda ko‘chirgandir, degan fikrlar ham yo‘q emas.

    Ammo o‘sha davrda Oqqo‘yunli davlatida asosan turkiy tilning o‘g‘uz lahjasida gapirilgan, saroy she’riyati ham asosan shu tilda bitilgan. Shu sababli mazkur devon oqqo‘yunlilar adabiy muhiti vakili tomonidan tahrir (qisman tarjima) qilingan bo‘lishi ham mumkin.

    Maqsad Navoiy she’rlari tilini oqqo‘yunlilar muhitidagi turkiy kitobxonlarga yaqinlashtirish bo‘lgan. Demak, XV asrning 70-yillaridan boshlab, Navoiy oqqo‘yunlilar saroyi kitobxonlari orasida ehtirom topgan va ular Navoiy she’rlarini o‘zlari saylab olib, devon shaklida tartib berganlar. Bu kezlarda turkiy muhitda Navoiy shoir sifatida tanilib, Husayn Boyqaro saroyidagi siyosiy faoliyatini endigina boshlayotgan edi.

    » » Navoiyning Misrdan topilgan nodir asarlari qo‘lyozmasi haqida bilasizmi?