19:52 / 09.02.2019
7 291

Pensiya tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?

Pensiya tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?
Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining 2018 yilda amalga oshirgan ishlari hamda 2019 yilga belgilangan asosiy vazifalari haqida ma’lumot berildi, deb xabar berdi O‘zA.

Tadbirda Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Yorqin Tursunov o‘tgan yilda tizimda qilingan ishlarga to‘xtalar ekan, bu boradagi o‘zgarishlar davlat rahbari tomonidan qabul qilingan farmon va qarorlar ijrosi bilan bog‘liqligiga alohida e’tibor qaratdi.

Qayd etilganidek, jamg‘arma 2018 yilgi aniqlangan daromadlari prognoz ko‘rsatkichi 24 057,1 milliard so‘mni tashkil etdi. Reja esa 102,3 foizga bajarilgan. Pensiya va ijtimoiy nafaqa to‘lovlari o‘z muddatida moliyalashtirilib, to‘liq to‘lanishi ta’minlangan. Masalan, o‘tgan yil 330,5 ming nafar fuqaroga pensiya va ijtimoiy nafaqalar tayinlangan bo‘lsa, joriy yilning 1 yanvar holatiga asosan pensiya va nafaqa oluvchilarning umumiy soni 3 485,9 ming nafarga yetgan.

2018 yil 1 yanvar holati bo‘yicha 65 yosh va undan oshgan hamda 2010 yilga qadar pensiya tayinlangan fuqarolarni pensiyasida aniqlangan ortiqcha to‘lovlar qarzdorliklari hisobdan chiqarilgan bo‘lsa, Prezidentning 2018 yil 2 iyuldagi hamda 2018 yil 13 oktyabrdagi farmonlariga asosan o‘tgan yilning 15 iyulidan va 1 noyabridan pensiya va nafaqalarning miqdorlari mos ravishda 7 foizga va 10 foizga oshirilishi ta’minlangan. Shu bilan birga, pensiyani hisoblash uchun qabul qilinadigan o‘rtacha ish haqining eng yuqori miqdorini eng kam oylik ish haqining sakkiz barobaridan o‘n barobariga oshirilishi hisobiga 2019 yil 1 yanvardan 519 ming nafardan ortiq fuqarolarning pensiya miqdori qayta hisoblanganligi haqida ham tadbirda batafsil ma’lumot berildi.

«Pensiya va nafaqa to‘lovi vedomostlarini xalq bankiga va tijorat banklariga faqat elektron shaklda yuborish tizimi joriy etildi. Pensiya va nafaqa to‘lovlari muddatida to‘g‘ri amalga oshirilgani hamda fuqarolarga pensiya miqdori va to‘lov kuni haqida ma’lumot olish imkoniyatini yaratish maqsadida online tarzida joriy qilingan bepul SMS-pensiya interaktiv xizmatiga 1,9 million nafardan ortiq fuqarolarning mobil telefonlari ulandi. Pensiya dasturi bilan ‘Elektron hukumat’ axborot tizimini o‘zaro elektron bog‘lash natijasida fuqarolarning pasport ma’lumotlari avtomatik tarzda yuklanishi, shuningdek, bola tug‘ilganda va dafn marosimi uchun nafaqalarni tayinlashda ma’lumotlarni FHDYo axborot tizimi ma’lumotlari bilan elektron shaklda solishtirish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi – dedi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘larni boshqarish va hisobini yuritish boshqarmasi boshlig‘i Nuriddin Shodixo‘jayev.

Tadbir yakunida joriy yil Pensiya jamg‘armasi oldida davlat pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish konsepsiyasini ishlab chiqish, hududlarda pensiya va nafaqalarni tayinlash hamda to‘lash jarayonida korrupsiya holatlarini aniqlash maqsadida «Sirli mijoz» tizimini joriy qilish, fuqarolarning nafaqa yoshini belgilash bo‘yicha taqdim etilgan takliflar bo‘yicha ishlarni davom ettirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Pensiya tizimida qanday o‘zgarishlar bo‘ldi?