12:26 / 10.02.2019
5 394

"Mehmon uylari" mehmonxona biznesining eng jozibali tarmog‘iga aylanmoqda (foto)

"Mehmon uylari" mehmonxona biznesining eng jozibali tarmog‘iga aylanmoqda (foto)
“Info-Tour”ning ikkinchi kunida tadbir ishtirokchilari turizm industriyasining ustunlaridan biri bo‘lgan mehmonxona xizmatlari tarmoqlarini kengaytirish loyihalari bilan tanishdilar.

Taqdimotlarda aytilganidek, Qashqadaryo viloyatida kelgusi ikki yil ichida ushbu jabhada 148,5 milliard so‘m o‘zlashtirilib, 15 ta zamonaviy mehmonxona, 1,8 milliard so‘mlik mablag‘ evaziga 40 ta mehmon uyi, o‘tov uylar va dam olish uylarini tashkil etish loyihalari ro‘yobga chiqariladi. Shuningdek, 72 milliard so‘mlik mablag‘ 4 ta aholi dam olish maskanlarini barpo etishga yo‘naltiriladi.

Foto: "Halq so‘zi"

Shahrisabz tajribasi shuni ko‘rsatyaptiki, mehmon uylari mehmonxona biznesining eng jozibali tarmoqlaridan biriga aylangan. Chunki chet ellik sayyohlarni ko‘p yulduzli o‘ta zamonaviy hamda hashamatli mehmonxonalardan ko‘ra, milliy uslubdagi, o‘zbekona tutumga ko‘ra tashkil etilgan mehmon uylari ko‘proq qiziqtirmoqda. Ular ana shunday maskanlarda hordiq chiqarib, xalqimiz turmush tarzi, urf-odatlari va an’analari bilan yaqindan tanishishni ma’qul ko‘rishyapti.

— Shuning uchun ko‘hna Kesh tarixiy markazidagi mavjud 7 ta mahallada shu kabi loyihalarga ko‘proq e’tibor qaratilyapti, — deydi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi Shohruh Jalolov. — Natijada bu shakldagi oilaviy biznesini yo‘lga qo‘yganlar 30 ga yetdi. Ular safiga tez orada yana 50 ta oila qo‘shilishi kutilmoqda. Ularga 25 million so‘mdan imtiyozli kreditlar berilayotgani oilaviy biznesini yo‘lga qo‘yishida qo‘l kelyapti.

Tadbir ishtirokchilari ana shunday mehmon uylarida bo‘lib, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Rashidxon Haydarov oilaviy biznesini yo‘lga qo‘ygan shunday tadbirkorlardan biridir.

Foto: "Halq so‘zi"

Qadimiy hovli. Kirishingiz bilan ko‘zingiz tok so‘risi, uning tagida qo‘yilgan ikkita karavotga tushadi. Unga o‘zbekona usulda ko‘rpacha solinib, xontaxta qo‘yilgan. Mehmonlar shu yerda tamaddi qilish asnosida yozgi oshxonada tandirda non yopish, o‘choqda taom tayyorlash jarayoniga guvoh bo‘ladilar. Xohlashsa, o‘zlari ham o‘zbek milliy taomlarini xonadon bekasi ko‘magida tayyorlashlari mumkin.

— Bu uyni otamning bobolari qurishgan, — deydi xonadon sohibi Rashidxon Haydarov. — 200 yillik tarixga ega. Uchta xonadan iborat. Ular qurilishiga hech qanday o‘zgartirish kiritmasdan, o‘zbekona usulda jihozlaganmiz. Bir paytning o‘zida 12 nafar mehmonni qabul qilish imkoniyatimiz bor.

Tadbir ishtirokchilari shu kabi mehmon uylari bilan birga, “Kesh Palace” hamda boshqa zamonaviy mehmonxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » "Mehmon uylari" mehmonxona biznesining eng jozibali tarmog‘iga aylanmoqda (foto)