18:34 / 13.02.2019
5 091

Namanganda soxta «prokuror»ga jazo tayinlandi (foto)

Namanganda soxta «prokuror»ga jazo tayinlandi (foto)
Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida firibgarlikka qo‘l urgan X.B.ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Bu haqda «Daryo»ga sud raisi Baxtiyor Tavakkalov ma’lum qildi.

Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan X.B. oilali, 2 nafar farzandi borligiga qaramay, yana jinoyatga qo‘l urdi. Muqaddam u 2013 yilda ham firibgarlik va boshqa jinoyatlarni sodir etganligi bois javobgarlikka tortilgan edi. Ammo o‘ziga tegishli xulosa chiqarmadi.

X.B. viloyatdagi turli idoralar qabulxonasi telefon raqamlarini bilib olib, so‘ng mazkur idoralarga qo‘ng‘iroq qiladi. O‘zini viloyat prokuraturasi xodimi «Bekzod» deb tanishtiradi va rahbarlar u bilan bog‘lanishlarini tayinlaydi.

Jumladan, 2018 yil 6 noyabr kuni Norin tuman qishloq qurilish kasb-hunar kolleji rahbari unga telefon qilganida Respublika prokuraturasidan mehmonlar borligi, ularning tushligi uchun yordam qilishini so‘rab, kollej rahbari oldiga o‘zi boradi. Prokuratura xodimi «Bekzod» yuborganligini aytib, undan 300.000 so‘m olib ketadi.

Shuningdek, 2018 yil 7—13 noyabr kunlari oralig‘ida Norin tuman gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘idan 100.000 so‘m, Norin tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachidan 300.000 so‘m, Uychi tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachidan 300.000 so‘m, Mingbuloq tuman gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘idan 400.000 so‘m, Pop tuman gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘idan 1.500.000 so‘m, jami 2.900.000 so‘m pullarni firibgarlik yo‘li bilan olib, shaxsiy ehtiyoji uchun ishlatib yuboradi.

X.B.Chortoq tuman elektr tarmoqlari korxonasi boshlig‘i, Chortoq tuman tibbiyot birlashmasi bosh vrachi, Pop tuman soliq inspeksiyasi boshlig‘i, Uchqo‘rg‘on tuman soliq inspeksiyasi boshliqlariga ham o‘zini viloyat prokuraturasi xodimi «Bekzod» deb tanishtirib, Respublika prokuraturasidan mehmonlar kelganligi, ularning tushliklari uchun yordam berishni so‘raydi, biroq o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan holatlar tufayli jinoyatni oxiriga yetkaza olmaydi.

2018 yil 14 noyabr kuni X.B.To‘raqo‘rg‘on tumani tibbiyot birlashmasi bosh vrachiga telefon qilib, eski usul bo‘yicha Respublika prokuraturasidan vakillar borligini aytib, ularni mehmon qilish xarajatlarga 200 AQSh dollari berishni so‘raydi. Bosh vrach rozi bo‘lib, aytilgan pullarni xodimi M.F. dan berib yuborishini aytadi va bu haqda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qiladi. Shundan so‘ng o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida X.B. 800.000 so‘mni M.F. dan olayotgan vaqtda ushlanadi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudida ushbu jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Qiziq tomoni, jabrlanuvchilardan soxta «prokuror»ga nima uchun pul berganlari so‘ralganida, bu ishni «odamgarchilik yuzasidan» amalga oshirganlarini bildirdi.

Foto: Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan shahar sudi
X.Bga nisbatan oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi. Sudlanuvchi 2018 yil 14 noyabrdan 2019 yil 30 yanvarga qadar qamoqda saqlangan kunlarini chegirib tashlab, uzil-kesil o‘tash uchun uchun 2 yil 9 oy 14 kun axloq tuzatish ishlari jazosi o‘tash belgilandi.

Sud mazkur ish bo‘yicha jabrlanuvchilarga yetkazilgan 2.900.000 zarar to‘liq qoplanganligini inobatga oldi. Jinoyat kodeksining 168-moddasi 5-qismiga asosan zararlar qoplangan taqdirda qonun sanksiyasida ko‘rsatilgan ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlanishi belgilab qo‘yilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Namanganda soxta «prokuror»ga jazo tayinlandi (foto)