11:10 / 21.02.2019
5 819

To‘yona qarzmi?

To‘yona qarzmi?
Tog‘ora ko‘tarib olgan, bashang kiyingan ikki ayolning o‘zaro suhbati diqqatimni tortdi. Ayollar ovozini baralla qo‘yib gaplashishardi:
- Voy o‘lsin-a, men yuzta qo‘y go‘shtli somsa, to‘rtta jizzali patir, bir ko‘ylakli toza mato qo‘yib borgandim, qaytargan narsasini qarang, ikkita nonu sakkizta suvi qochgan bulochka, bir lozimlik shtapel. Essiz, shuncha pulim-yey. Menga nima zaril edi, shuncha xarajat qilishni a?

Oppoq dasturxonga o‘ralgan tog‘orasini kavlashtira turib, biri ikkinchisiga zorlandi.
- Nimasini aytasiz, men ham bir tog‘ora sergo‘sht norin, to‘rtta patir non, bir liboslik asl mato qo‘yib borgandim. Ikkita qoq non bilan bir hovuch odamlardan qaytgan pista-mayiz qo‘yib qaytaribdi. Ordona qolsin, mehmonlarining tog‘orasiga tuzukroq narsa qo‘yolmasa, to‘y qilib nima qiladi?..

Ular biri qo‘yib biri olib, to‘y qilgan bechoraning kambag‘aldan qashoqqa, bechoradan gadoyga solishar, bisotidagi qarg‘ish «lug‘at»idan joy olgan bor so‘zlar bilan “siylashardi”. Katta ko‘chada bor dunyoni unutib to‘yga olib borgan to‘yanasini minnat qilayotgan xotinlarga qarab, keksalarning gaplarini esladim: «To‘y ko‘pniki, to‘y boshlasang, Allohning o‘zi barakasini beradi, mehmonlar rizqini o‘zi bilan birga olib kelishadi». Qiziq, rizqini o‘zi bilan olib keladigan mehmonlar anavi ayollarga o‘xshab elga ovoza qilib minnat qilish uchun to‘yona oborishadimi?

Ancha yil oldin sha holat bilan bog‘liq bir g‘urbatga guvoh bo‘lgandim. Jamoadoshimiz o‘g‘il uylantiradigan bo‘ldi. O‘sha hamkasbimizning qarindoshlari ham biz bilan birga ishlashardi. To‘y kuni yaqinlashavergani sayin, haligi ayolning piching- kesatiqlariga chidab bo‘lmay qoldi. «Biz falonchi uylanganida manavincha to‘yona bergandik, pistonchi o‘g‘liga sunnat to‘yi qilganida bir qop guruch, o‘ttiz kilo yog‘ oberganmiz. Qaynsinglim qizini chiqarganida to‘rtta bolish, ikkita baxmal ko‘rpacha qilganman. Endi biz o‘g‘limizni uylantiryapmiz, ular ham qarzini qaytarishsin-da! To‘yona qarz degani, qarzlarini uzish fursati keldi…»

Bu gaplarni kim to‘g‘ri kelsa gapiradi, hatto, “sizlarga aytaman, erimning qarindoshlariga yetkazinglar”, degan iddaoni ham gap orasida qistirib o‘tishni kanda qilmasdi. Ayolning minnatlarini eshitib, to‘g‘risi, o‘z- o‘zimdan xijolat tortardim. To‘y elniki, ko‘pniki. Xalqimiz qadim-qadimdan to‘y boshlagan mahalladoshi, qarindoshiyu birodariga yordam tariqasida to‘yona bergan, bu ehtirom tagzamirida, bizni ham to‘ylarga yetkazsin, to‘yga nasibamiz qo‘shilsin, degan ezgu istak borligi ko‘ngilni quvnatsa, hozirgi paytga kelib bu qadriyatimizni mutlaqo boshqacha talqin etib, har kim o‘z bilganicha, o‘zi istaganicha elga yot urflarni kashf etib, kamiga uning nomini «to‘yona» deb atashayotgani achinarli.

- To‘ylarda tog‘ora-tog‘ora yegulik, sarpo-suruq olib borayotgan xotinlar, avvalo oborgan narsasidan ming chandon ortig‘ini opkelish ilinjida tugun tugadi,- deydilar toshkentlik mushtariymiz Zamira Shamsiyeva.- Axir to‘y eng murodbaxsh, eng go‘zal orzuning ushalishi-ku! Bunday ajoyib tadbirga olib borgan narsalari to‘yga kelganlarga tortiq etilishini, bu ham sadaqaning bir turi ekanini, shu bahona Alloh uni to‘yga sherik qilayotganini anglab yetishmaydi. Men to‘yning ertasi kuni, “tog‘oramga kam narsa solib yuboribsan, men falon ming so‘mlik ovqat, piston ming so‘mlik mato olib borgandim, sen qaytarganing opkelgan narsalarimning loaqal yarim narxichalik emas”, degan gaplarni aytib janjal to‘polon ko‘targanlarni ham ko‘rganman! Unaqalar hayo chegarsini, odamiylik hadini oshib o‘tgan yuzsizlar! To‘yona qarz sifatida berilmaydi.

Qarz- bu omonat. Omonat esa ma’lum bir vaqtga beriladi, uni qaytarish shart. To‘yona esa ko‘ngildan chiqarib beriladi. To‘yona olgan odamning ko‘nglida bo‘lsagina, qurbi, imkoniyati yetsagina, to‘yona bergan kishisi to‘y qilayotganida qaytarishi mumkin. Ammo u qarz kabi bo‘yinda majburiyat turadi, degani emas.

Chindan ham, qarz-omonat, vaqti soati kelib omonat egasiga qaytarilishi zarur. Ammo to‘yga deb berilgan yordam, to‘y qilayotgan odamning og‘irini yengil qilish uchun, qo‘llab yuborish uchun qilinadi. To‘y boshlaganda “to‘yingga bergan sovg‘amni qaytar, senga yordam bergandim, endi uni olish vaqti keldi”, deb surbetlarcha ta’na qilish uchun emas-ku, to‘g‘rimi?

Odam bolasi insoniy fazilatlar, insonga xos his-tuyg‘ular bilan haqiqiy hazrati inson bo‘ladi. Nafsoniy va havoyi istaklarga haddan ziyod asirlik esa uni insonlik qiyofasidan mahrum etadi. To‘yga to‘yona atagan kishi qarz emas, birodariga imkoniyati darajasida yordam berish bilan silai rahmga ham rioya etgan bo‘ladi.
Kavsar NUR

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » To‘yona qarzmi?