15:53 / 22.02.2019
4 147

Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida pulli tunnellar ochilishi mumkin

Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida pulli tunnellar ochilishi mumkin
O‘zbekiston Namangan viloyatining Pop tumanida Qamchiq va Qashqadaryo viloyatining Kitob tumanidagi Taxtaqoracha dovonlari orqali pulli tunnellar qurishni rejalashtirmoqda. Bundan tashqari, Toshkent viloyatida Ohangaron va Angren shaharlarini aylanib o‘tuvchi pulli avtomobil yo‘llarini qurish masalasi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Bu haqda chorshanba kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Avtomobil yo‘llari davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Nazarov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, pulli tunnel va yo‘llar loyihalari davlat-xususiy sherikchilik asosida to‘g‘ridan-to‘g‘ri chet el investitsiyalari jalb qilingan holda amalga oshiriladi.

«Mazkur ob’ektlar investitsiyalarni jalb etish, pulli asosda yo‘llar tashkil etish ob’ektlari sifatida ko‘rilmoqda. Barcha yo‘l va tunnellar muqobil hisoblanib, amaldagi harakat tartiblari saqlab qolinadi», — dedi u.
Davlat-xususiy sherikchilik asosida pulli yo‘llar qurish bo‘yicha qonunchilik bazasi hozirda loyihalari ishlab chiqilgan «Davlat-xususiy sherikchilik to‘g‘risida"gi va «Pulli yo‘llar to‘g‘risida"gi qonunlarda o‘z aksini topadi. «Hozirda hujjatlar vazirlik va mahkamalar bilan kelishilmoqda. 10−15 kun ichida qonun loyihasini hukumatga va parlamentga kiritish rejalashtirilmoqda», — dedi Shuhrat Nazarov.

Toshkent va Samarqand o‘rtasidagi birinchi pulli avtotrassa investori va pudratchilari «optimal marshrut» aniqlanganidan so‘ng ma’lum bo‘lishi xabar qilindi.
«Mazkur masala ko‘rib chiqilmoqda. Biz dastlab trassaning eng maqbul qatnov yo‘lini tanlashimiz kerak, undan so‘ng investor va pudratchi tashkilotlarni aniqlaymiz», — dedi qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari.
Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 5 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, pulli magistral yo‘llar qurilishi 2020 yildan boshlanadi.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qamchiq va Taxtaqoracha dovonlarida pulli tunnellar ochilishi mumkin