13:39 / 22.02.2019
8 592

Sunʼiy tuxum qayerdan paydo boʻlyapti? (video)

Sunʼiy tuxum qayerdan paydo boʻlyapti? (video)
Ijtimoiy tarmoqlarda Xitoydan kirib kelayotgani taxmin qilinayotgan sunʼiy tuxum bilan bilan bogʻliq lavhalar juda tez tarqalyapti. Chindan ham bunday tuxum bormi, tabiiysidan qanday farqlanadi? Bu mahsulotni kim ishlab chiqarmoqda?

Sunʼiy tuxum bilan bogʻliq ilk xabarlar bundan 10 yillar avval tarqala boshlagan. Hali internet u qadar ommalashmagan oʻsha paytlarda gazetalarda Xitoyda sunʼiy tuxum ishlab chiqariluvchi kichik fabrikalar paydo boʻlgani va oʻz mahsulotlarini sotishga kirishgani toʻgʻrisida maʼlumotlar chop etilgandi. Bu maʼlumotlar dastlab Rossiya nashrlarida paydo boʻlgan boʻlib, u paytlarda hali bunday mahsulotlarning Oʻzbekistonga kirib kelgani toʻgʻrisida biror gap yoʻq edi.

Markaziy telekanallarda, yetakchi gazetalarda aynan shu mavzuda soʻz yuritilgan, sunʼiy tuxum koʻrsatilmagani holda bunday mahsulot ishlab chiqarish mumkin yoki mumkin emasligi muhokama qilingandi. Sohaning qator ekspertlari, parrandachilar, olimlardan iborat ishtirokchilar oxir-oqibat yakdil xulosaga kelishdi: sunʼiy tuxum yaratish, mahsulot sifatida ishlab chiqarish mumkin emas!

Ular oʻz fikrlarini quyidagi asosiy dalillar bilan mustahkamlashdi:
1. Tuxum oddiygina mahsulot boʻlgani bilan jiddiy tuzilmaga ega. Ayniqsa uning yadrosida tirik jon rivojlanishi koʻp bosqichli va juda murakkab jarayondir;
2. Tabiiy tuxumning bahosi shu darajada arzonki, uni sunʼiylashtirish hech bir jihatdan oʻzini oqlamaydi (ekspertlardan biri istehzo tariqasida shunday degandi: “bordiyu kimdir erinmay birorta sunʼiy tuxum yaratgan taqdirda ham u tuxumning bahosi «Faberje” tuxuminikidan qimmat boʻladi);
3. Tuxumning mazasini bosuvchi mahsulot yaratishga urinish befoyda.


Shu bilan bu mavzu unutilgandek boʻldi – sunʼiy tuxum masalasi tinchib ketdi. Bu orada taraqqiyot oʻz joyida turmadi, ayniqsa insoniyatning doimiy ehtiyoji boʻlgan talabgir mahsulotlarni sunʼiylashtirish boʻyicha ham ancha qadamlar tashlandi. Bu borada yaqqol yetakchilikni Xitoy egallab oldi. Garchi bu davlat bunday tajribalar oʻtkazuvchi, ishlab chiqaruvchilarni ochiqdan-ochiq himoya qilmasada, faoliyatiga ham jiddiy toʻsqinlik yaratmasdi. Bu ham eksport, ish oʻrinlari, daromad deganday...

Internet ham rivojlanib ketdi. Dunyoning qaysidir burchagidagi qiziq bir jarayon zum oʻtmay boshqa davlatlarni ham aylanib chiqa boshladi. Aynan internet yordamida uddaburro xitoyliklar (keyinchalik Vyetnam, Kamboja kabi davlatlar vakillari ham) avvaliga sunʼiy guruch, keyin sunʼiy sabzavotlar ishlab chiqarayotganiga guvoh boʻldik. Sabzavotlari yetib kelmagan boʻlsada, sunʼiy guruch hatto Oʻzbekistonga ham kirib keldi.

Yana tuxumga qaytamiz. Internetda sunʼiy tuxum tayyorlash jarayoni, ishlab chiqarishning barcha bosqichlari batafsil koʻrsatilgan videolavhalar paydo boʻldi. Bir qarashda arzon tuyilgan mahsulot oʻta katta hajmda ishlab chiqarilsa va uning saqlanish muddati oshirilsa, bu biznes ham oʻzini oqlashi va katta foyda keltirishi oydinlashdi.

Avvaliga sunʼiy tuxumlar Qirgʻizistonga va Qozogʻistonga kirib kelgani haqida xabarlar tarqaldi. Chegara mustahkamligi, bojxona nazorati qattiqligi, qolaversa Oʻzbekistonning oʻzi tabiiy tuxumni (qarang, tuxumni shunchaki tuxum demay sunʼiy, tabiiyga ajratishga majbur boʻldik) katta hajmda eksport qilishi, nisbatan arzon narxlar tufayli bizga sunʼiy tuxum kirib kelishi qiyindek edi.

Ammo oxirgi tarqalgan videolavha bu ishonchni yoʻqqa chiqardi. Rolikda poʻsti archilgan ikki tuxum tasvirga olingan. Pichoq bilan ularni kesib koʻrsatayotgan kishi tuxum sarigʻining oʻsha taʼriflanganidek rezinasimonligi, dum-dumaloqligi, ezilganda ham parchalanmasligi va yerga urganda sakrab ketishini koʻrsatib beradi. Shuningdek, u bu tuxumlarni poytaxtdagi “Oʻrikzor” bozoridan sotib olinganini aytadi va ehtiyot boʻlishga chorlaydi.

“Oʻrikzor” savdo majmuasi reuspublikadagi oziq-ovqatlar sotiluvchi eng yirik ulgurji bozor hisoblanadi va u yerda alohida tuxum rastalari ham bor. Ammo ular orasida aynan sunʼiy tuxum bor-yoʻqligi, boʻlsa ham qanday narxda sotilgani maʼlum emas. Balki oxirgi xabarlardan keyin sotuvchilar bunday mahsulotlarni sotuvdan olishgandir.

Shu oʻrindan haqli savol tugʻiladi: sunʼiy va tabiiy tuxumni qanday qilib ajratish mumkin? Biz eng oddiy farqlarni sanab oʻtamiz:
1. Tabiiy tuxum poʻstlogʻi gʻadir-budir, sunʼiyniki silliq;
2. Tabiiy tuxumning ikkita bir xilini uchratish qiyin, sunʼiy tuxum esa bitta fabrikadan chiqqani uchun hammasi bir xil;
3. Sunʼiy tuxumning sarigʻi rezinasimon, yerga urilsa sakraydi, kesilganda ham ichki massasi bir xil rangda. Tabiiy tuxum sarigʻi ozgina siqilganda parchalanib ketadi, saqlanganda yashil tusga kiradi, kesilganda yaltirab turmaydi;
4. Chaqilganda tabiiy tuxumning oqi va sarigʻi ajralib turadi, sunʼiysiniki tezda aralashib ketadi va bir xil rangga kirib qoladi;
5. Tuxumning bir chetida boʻshliq boʻladi. Tabiiy tuxumda bu boʻshliq odatda har-xil joylarga joylashadi. Sunʼiy tuxumda hammasi bir joyda.

Muhim eslatma: sunʼiy tuxum ishlab chiqaruvchilar ham oʻz faoliyatlarini takomillashtirib bormoqda va borgan sari bu farqlarni yoʻqqa chiqarishmoqda.

Sunʼiy tuxumning organizmga bevosita salbiy taʼsiri haqida yirik tadqiqotlar oʻtkazilmagan, maʼlumotlar oshkor qilinmagan. Lekin ayrim zararli jihatlari mavjud albatta – hajmi va tovuq parvarishiga koʻra tabiiy tuxumning energetik quvvati bor (100 grammi taqriban 155 kkal), sunʼiy tuxumda esa bunday qiymat yoʻq. Inson oshqozoni ochlik hissini yoʻqotsa ham, sunʼiy tuxum isteʼmolidan soʻng biror foyda olmaydi, aksincha, oshqozon-ichak traktida buzilishlar kuzatilish ehtimoli katta. Eng muhimi, toʻla-toʻkis kimyoviy birikmalardan tarkib topgani uchun ogʻir asoratlar keltirib chiqarishi mumkin.
Sunʼiy tuxumning tarkibi – poʻstlogʻi kalsiy karbonat, parafin va gipsdan iborat. Oqi va sarigʻi kaliy alginat, jelatin, kalsiy xlorid va turli boʻyoqlardan iborat.

Maʼlumot uchun: Xitoyda sunʼiy tuxum ishlab chiqarish shunchalik katta hajmda amalga oshirilmoqdaki, bugungi kunga kelib uning tannarxi tabiiy tuxumning 23-25 foiziga teng boʻlib qoldi va tushishda davom etmoqda. “Nyu layt of Myanma” nashri maʼlumotlariga koʻra, Xitoyda sotiluvchi aksariyat tuxumlar aynan sunʼiy tuxumlardir va ularni ochiqdan-ochiq koʻrsatib, ikki xil narxda sotish urfga kirib boʻlgan.

Abduvali Xurboyev, “Toshkent parranda” MCHJ hisobchisi:
– Sunʼiy tuxum haqida eshitdim, ammo oʻzim koʻrganim yoʻq. Menimcha bu mahsulotni Oʻzbekistonga olib kirishdan foyda yoʻq, sababi parrandachilik sohasi bizda yetarlicha rivojlangan, oʻz mahsulotimiz bilan xalqimizni taʼminlay olamiz. Ichki bozorga chiqarishdan tashqari qoʻshni davlatlarga, jumladan Afgʻonistonga ham tuxum eksport qilamiz. Sunʼiy tuxumning kirib kelishi mahsulotimiz narxiga hozircha taʼsir qilmadi. Balki kirib kelganda ham maʼlum muddat arzonligiga qiziqib xarid qilib koʻrishar, lekin oʻylaymanki bu aldovning umri qisqa boʻladi. Xaridor baribir tabiiy mahsulotni xarid qilishiga ishonaman.
Abror Zohidov

Manba: Kun.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sunʼiy tuxum qayerdan paydo boʻlyapti? (video)