23:00 / 22.02.2019
7 204

O‘zbekistonda ilk bor naslli quyonlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi (foto)

O‘zbekistonda ilk bor naslli quyonlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi (foto)
Yoshlar ijod saroyida O‘zbekistonda ilk bor naslli quyonlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda «Daryo»ga Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi
O‘zbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar assotsiatsiyasi hamda Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil etilgan mazkur tadbirda 22 ta ishtirokchi — fermer xo‘jaliklari a’zolari, tadbirkorlar va ishqiboz quyon boquvchilar qatnashdi. Ko‘rgazmaning «bosh qahramonlari» esa 6 ta zotga mansub va 20 xildan oshiq rangdagi 90 ta zotdor quyonlar bo‘lib, ular ko‘rgazmaga kelganlarni ranglari, o‘lchamlari, momiqligi bilan hayratda qoldirdi.

O‘zbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar assotsiatsiyasi o‘tgan yilning oxirida tashkil topgan, rasman endi 12 kishini a’zolikka qabul qilgan bo‘lsa-da, sohaga qiziquvchilarning ko‘pligi ko‘rgazmada ishtirok etayotgan qatnashchilar va tashrifchilarning gap-so‘zlaridan ma’lum.

Zotdor quyon boqish amaliyoti O‘zbekistonga endi kirib kelayotgani bois, oddiy, jaydari quyon boquvchilarining ko‘rgazmada tajriba orttirib ketishiga imkoniyati tug‘ildi. Assotsiatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri ham quyonchilik sohasiga malakali mutaxassislar yetishtirib berishdan iborat.

—Quyon boqish faqat bir qarashda oson, – deydi assotsiatsiya raisi Elmurod Ortiqov. –Bu sohani rivojlantirish uchun ilmiy asoslangan tajribalarga tayanishimiz, o‘zimizda quyonchilik sohasining ilmiy-amaliy bazasini tashkil etishimiz talab etiladi. Ko‘rgazma doirasida professional va havaskor quyon boquvchilar uchun seminar-trening ham tashkil etdik, unga rossiyalik va o‘zbekistonlik yetakchi mutaxassislarni jalb qildik.

Bugungi kunda naslli quyonlar O‘zbekistonda na go‘shtga, na teriga so‘yiladi. Ko‘rgazmaga olib kelingan quyonlarning vazifasi ayni kunlarda nasl qoldirish va ularni mahalliy iqlim sharoitiga ko‘nikishidir. Quyonlar bir yilda bir necha marta nasl qoldira oladi, biroq ularning O‘zbekiston ob-havosi, ozuqasiga ko‘nikishi uchun vaqt va sharoit yaratilishi lozim. Eng katta muammolardan biri esa O‘zbekistonda aynan zotdor quyonlar bilan shug‘ullanuvchi olimlar yetishmasligidir.

Foto: Innovatsion rivojlanish vazirligi
Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshidagi Ilg‘or texnologiyalar markazi SAT ilmiy akseleratori ishtirokchisi, chorvachilik uchun yem tayyorlashning yangi usullarini joriy etayotgan NEF jamoasi a’zosi Ibrohim Hidoyatovning aytishicha, xorijdan olib kelingan nasldor quyonlarga aksariyat hollarda O‘zbekiston iqlimida yetishtirilgan o‘simliklardan tayyorlangan birorta ozuqa to‘liq mos kelmaydi. Quyonchilar tajriba yo‘li bilan o‘zlari boqayotgan quyonlarning holatiga qarab ozuqa berishga majbur. Natijada xatolarga ham yo‘l qo‘yiladi, bu o‘z navbatida hayvonlarning kasallanishi, hatto nobud bo‘lishiga ham olib kelishi mumkin. Oqibatda quyonchilik sohasining rivojlanishiga to‘siq paydo bo‘ladi.

Mana shu muammolarni hal qilish maqsadida NEF jamoasi ko‘rgazma davomida O‘zbekiston naslli quyon yetishtiruvchilar assotsiatsiyasi bilan tajriba poligoni tashkil qilishga kelishdi. Poligonda naslli quyonlarning ozuqaga bo‘lgan ehtiyojini qondiruvchi yem variantlarini yaratish maqsad qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » O‘zbekistonda ilk bor naslli quyonlar ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi (foto)