07:30 / 23.02.2019
5 232

Inson nega isrofga moyil?

Inson nega isrofga moyil?
Buvim kichikligimizdanoq “Isrof qilma, vaqtingni, yegan ovqatingni, kiygan kiyimingni isrof qilma! Kiyilmay shkafda taxlanib yotgan kiyimlaring ham isrof”, deb ko‘p tanbeh berardi. Biz albatta yoshligimizga borib bu narsalarga e’tibor qilmaganmiz. Hozirgi kunda Allohga shukur hamma sharoitlar bor. Ammo biz har qadamda isrofga yo‘l qo‘yotganimizni bilamizmi?

Ma’rakalardagi isrofgarchilik
Inson tabiati isrofgarchilikka moyildir. Har qadamda molini behuda sarflaydi. Mashaqqat va cheklovlar evaziga yillab yiqqan molimizni bir kunlik to‘y yoki boshqa orzu-havas yo‘lida sovurib yuboramiz.Biror buyumning (masalan, ulov, ro‘zg‘orda ishlatiladigan ashyo yoki kiyim-kechakning) arzonrog‘i turib boshqalarni lol qoldirish maqsadida eng qimmatini sotib olamiz. Suv, oziq-ovqat, kiyim-bosh, yoqilg‘i va boshqa ne’matlarni isrof qilishimizni-ku gapirmasak ham bo‘ladi. To‘y-to‘ychiqlardagi tog‘orabozliklar, sarpo-suruq ustidan janjallar bular hammasi jamiyatga zarar keltirdigan isrofning bir ko‘rinishidir.

Isrofning katta-kichigi yo‘q. Hattoki ovqat yeganingizdan keyin kosa tagini tozalab qo‘ymaslmik ham isrofdir. Bu gapga kimlardir burnini jiyirib, madaniyatsizlikda ayblashga shoshilmasin. Chunki hamma katta isrofgarchiliklar kichiklaridan boshlnadi. Hamma narsa kichikdan kattaga qarab boradi. Xuddiki kichik irmoqcha ummonga borib quyilgandek. Nom chiqarish, obro‘ qozonish, boshqalardan ustun yoki puldor ekanini ko‘rsatish uchun uylarni haddan tashqari hashamatli va dabdabali qilish, ularni keraksiz qimmatbaho jihozlar bilan to‘ldirish, shu maqsad yo‘lida kimlardandir pora olish, kiyimning yangi urf bo‘lgani (modadagi) izidan quvish, ziyofat va marosimlarni boshqalarnikidan bir necha barobar dabdabali, serchiqim qilish ham isrofning ko‘rinishlari emasmi? Undan ko‘ra 10 nafar yetimning qornini to‘ydirish yoki beva-bechoraga yordam berish sizning nomai amalingizga tosh bosadigan savobni olib kelmaydimi? Bir kechalik to‘yga falon otarchiga ovozini tasmadan qo‘yib og‘zini qimillatib ketgani uchun 10 ming dollar to‘laydiganlarni isrofgarning isrofgari deyish mumkin.

«Yeb-iching va isrof qilmang. Chunki U isrof qiluvchilarni sevmas» ("A’rof" surasi, 31-oyat).

Tun tushdi deguncha shahrimiz chiroqlar nuriga cho‘miladi. Ishga ketish asnosida ko‘pincha ularning kunduzi ham yoniq qolayotganiga guvoh bo‘laman. Kech tushib ishdan qaytamanki chiroqlar o‘chirilmagan bo‘ladi. Uzoq qishloqlarda miltillagan nurga intizor vatandoshlarimiz bo‘lgani holda bu isrofgarchilikning ma’nosi qanday? Hadisi shariflardan birida: “Isrofgar jannatga kirmaydi”, deyilganini esga olaylik.

Ne’matlarni isrof qilmaylik
Ayniqsa, axlatlar orasida nonning ham borligi endi chegaradan chiqqanimizni yaqqol ko‘rsatadi. Buning tag zamirida esa isrof haqida bilmasligimizni, isrof haqida islom dinida aytilgan hadislar haqida umuman tushunchaga ega emasligimizni bildiradi.

Uyimizdagi suv buragichi allaqachon vazifasini o‘tab bo‘lgan, ammo tuzatib qo‘yishga hafsala yo‘q. Bir kechada tomchilaganda ham qancha suv isrof, bir oyda-chi, bir yilda qancha bo‘lishini hisoblab ko‘rganimizdami? Hozir jahonda ichimlik suvi muammosi eng birinchi darajali muammolardan biri sifatida muhokama qilinadi. Bugungi kunda dunyoda bir milliarddan ortiq kishi yoki jami aholining oltidan bir qismi toza ichimlik suviga muhtoj. Dunyoning juda ko‘p mamlakatlarida millionlab odamlar toza ichimlik suviga muhtoj bir paytda toza ichimlik suvi bilan ekinlarimizni sug‘oramiz, mashinamizni yuvamiz, hovlini salqinlatish uchun sepamiz. Tahorat va g‘usl qilishda odamlarning qanchalar suv isrof qilayotganini ko‘rganda ayniqsa tejamkorlik degan narsa batamom unutilganiga amin bo‘lmasdan iloj qolmaydi.

Eng katta isrof haqida hali gapirmadik. Bu umr, vaqt isrofidir. Tunu kun vaqt degan ne’matni ijtimoiy tarmoqlarda beamqsad, soatlab gap sotuvchilar ko‘paydi, buning oqibatida ezgu ishlarga, ibodatga vaqtimiz qolmagandek tutami o‘zimizni. (Ishlari tarmoqqa bog‘liq bo‘lganlar bundan mustasno). Ammo eng bebaho va qaytmas ne’’mat umrimiz isrof bo‘layotganligini, biron bir ezgu amalga shoshilmayotganimizni o‘ylab ko‘rmaymiz.

Rivoyat
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan buyuk sahobalardan biri Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhuning suvni ko‘proq ishlatayotganini ko‘rdilar va unga: «Hoy Sa’d! Bu qanday isrofgarchilik?!» dedilar. Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu: «Ey Allohning Rasuli! Tahoratda ham isrof bo‘ladimi?» dedi. U Allohning ibodati uchun tahorat qilayotganda suvni sal ko‘proq ishlatish isrof sanalmasa kerak, deb o‘ylagan ekan. Shunda u zot alayhissalom: «Ha, hatto oqib turgan daryoning yoqasida bo‘lsang ham», dedilar».
Saida Rustam qizi

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Inson nega isrofga moyil?