19:50 / 02.03.2019
6 345

“Amerika ovozi” jurnalisti: Dunyoni ruscha anglash, jurnalistika va tanqidga toqatsiz oʻzbek amaldorlari haqida

“Amerika ovozi” jurnalisti: Dunyoni ruscha anglash, jurnalistika va tanqidga toqatsiz oʻzbek amaldorlari haqida
“Amerika ovozi”ning jurnalisti Behzod Mamadiyev “Buyuk kelajak” XNNT aʼzosi boʻldi. Minbar nashri u bilan oʻzbek va AQSH jurnalistikasidagi farqlar, media va ijtimoiy media haqida suhbatlashdi.

– “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi sizni topishdimi yoki siz ularni?
– “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi faoliyatini tashkil etilgandan beri kuzatib boraman. Yaxshi tashabbuslar bilan chiqishayotganidan xabardor edim. Unga aʼzo boʻlganlar orasida doʻstlarim ham bor. Avvalo, meni ular taklif qilishdi. “Oʻzbekiston – 2035” strategiyasini ishlab chiqish doirasida olgʻa surgan koʻplab takliflari ham menga yoqdi, yaʼni tashkilot oʻz atrofiga yaxshi mutaxassislarni jamlagan va oldiga jiddiy maqsadlarni qoʻygan. Shular sabab boʻlib, tashkilotchilarga bogʻlandim va ular mening rezyumemni koʻrib chiqib, aʼzolikka qabul qilishdi.

– Kengash doirasida Oʻzbekiston uchun qanday ishlarni amalga oshirmoqchisiz?
– Tashkilot bir qator yoʻnalishlarda faoliyat koʻrsatishni rejalashtirgan va aʼzolarini shu yoʻnalishlar boʻyicha takliflar bilan chiqishga yoki boshqalar taklif qilgan loyihalar, tashabbuslar doirasida fikr almashib, oʻz tajribasi va bilimi bilan ularning amalga oshishiga hissa qoʻshishga chaqiradi. Jurnalist sifatida, jamoatchilik bilan aloqalar (PR) yoʻnalishida oʻqigan va ilmiy ish qilgan mutaxassis sifatida, shuningdek, Oʻzbekistonda fuqarolik jamiyatini kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash loyihalaridagi ishtirokim orqali toʻplagan tajribalarim asosida Oʻzbekistonning xalqaro imijini yaxshilash, mamlakatda soʻz erkinligi va qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish, hokimiyat va fuqarolar oʻrtasida shaffof va har ikki tomon uchun maqbul aloqa mexanizmini ishlab chiqish loyihalariga oʻz hissamni qoʻshishni xohlayman.

– Amerikadagi faoliyatingiz qanday boshlangan? AQSHda OAV faoliyati uchun qanday toʻsiqlar va imtiyozlar bor? Qaysilarini Oʻzbekistonga tatbiq qilish mumkin deb hisoblaysiz?
– AQSHga 2009 yili oliy taʼlim olish uchun kelganman. Chapel-Xildagi Shimoliy Karolina universitetidan (University of North Carolina at Chapel Hill) ommaviy kommunikatsiya boʻyicha magistr darajasini oldim. Hozir “Amerika ovozi” oʻzbek xizmatida ishlayman. Fuqarolarning huquqiy savodxonligini oshirish maqsadida tashkil qilingan “Tashabbus” nodavlat-notijorat tashkilotiga ham bir necha yil yordam berganman.

Amerikada soʻz erkinligi eng muhim huquqlardan biri hisoblanadi. Uni Amerika davlatchiligi asosida yotgan asosiy qadriyatlardan biri deyishimiz mumkin. OAV faoliyati uchun hech qanday toʻsiq yoʻq. Bu yerda biror jurnalist qaysidir amaldorni tanqid qilsa va hatto haqorat qilsa, oʻsha amaldor jurnalistni yoki ommaviy axborot vositasini sudga berganini eshitmaysiz. Bilasizmi, nega? Chunki bu amaldor sudda yutqazishini biladi.

AQSH sud-huquq tizimida jamoatchilikning axborot olish huquqi jamoatchilik eʼtiboridagi shaxsning (public figure) shaxsiy daxlsizlik huquqidan ustun turadi degan tamoyil bor. Yaʼni, haqorat va tuhmat roʻy bergani daʼvo qilingan holatlarda ham, agar bu notoʻgʻri maʼlumot “ataylab, qasddan va notoʻgʻriligi maʼlum boʻla turib” (reckless disregard of truth) tarqatilgani isbotlanmasa, jurnalist yoki OAV jazoga tortilmaydi. Shu bois zamonaviy AQSH tarixida jurnalistlar bilan sudlashgan biror tashkilot yoki shaxsni topa olmaysiz. Jamoatchilik eʼtiboridagi shaxs nafaqat davlat amaldori, balki qoʻshiqchi, aktyor, taniqli ishbilarmon kabi istalgan mashhur kishi yoki tashkilot boʻlishi mumkin.

Bu oʻlkada jurnalistlar uchun maxsus imtiyozlar yoʻq. OAVlar boshqa istalgan biznes tashkiloti kabi roʻyxatdan oʻtadi va daromadiga qarab hamma kabi soliq toʻlaydi. Jurnalistlar konstitutsiyada barcha fuqarolar uchun kafolatlangan soʻz erkinligi huquqidan foydalanadi, xolos.

– Oʻzbekistonda soʻz erkinligi holatini qanday baholaysiz? Prezident almashgach, qanday ijobiy oʻzgarishlar sezildi? Sizningcha, OAV tom maʼnoda erkin boʻlishi uchun yana nimalar qilinishi kerak?
– Oʻtgan davrga qiyoslasak, hozir Oʻzbekistonda soʻz erkinligi ancha yaxshi, buni tan olishimiz kerak. Mahalliy nashrlarda, ayniqsa, onlayn axborot vositalarida 3-4 yil oldin tasavvur qilish mumkin boʻlmagan tanqidiy maqolalar chiqayapti. Bundan tashqari, jamoatchilik orasida, ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab mavzularda bahs-munozara ketmoqda. Norasmiy bu bahslarning ahamiyati OAVnikidan kam emas. Nega? Chunki kuchli fuqarolik jamiyati xalq orasidagi mana shunday bahslardan, muhokamalardan tugʻiladi. Kuchli fuqarolik jamiyatisiz islohotlarni amalga oshirish qiyin. Fuqarolik jamiyatini, xususan, jurnalistlarni davlatning norasmiy nazoratchilari deyish mumkin. Hukumat islohotlar rejasini taqdim qilayapti. Ularning ijrosi qanday? Bunga eng toʻgʻri bahoni faqat fuqarolar beradi, aynan fuqarolik jamiyati vakillari. Jurnalistlar ham aslida fuqarolik jamiyatining bir qismi.

Hozirgi oʻzgarishlar, albatta, mamlakat tepasiga yangi rahbar kelishi bilan bogʻliq. Koʻplab sohalarda ijobiy yangiliklarni eshitayapmiz, koʻrayapmiz. Buni oʻzbekistonlik sifatida xursandchilik bilan kuzatib borayapman va qoʻllab-quvvatlayman.

Lekin maummolar ham yetarli. “Buyuk kelajak” ekspertlar kengashi oldiga qoʻyilgan asosiy vazifa ham shu: sohalar boʻyicha mavjud muammolarni tizimli tarzda hal qilish uchun strategiya va aniq takliflar ishlab chiqish, ularni tatbiq etish boʻyicha davlat organlari bilan hamkorlik qilish.

OAV tom maʼnoda erkin boʻlishi uchun yana nima qilish kerak? Hech narsa qilish kerak emas. OAV oʻz ishini qilishiga qoʻyib berish kerak, xolos. OAVning vazifasi axborot yetkazish, boʻlayotgan voqealar haqida xabar berish. Xalqni tarbiyalash, yaxshi va yomonni ajratib berish, nasihat qilish jurnalistning ishi emas. Jurnalistning ishi yaxshi boʻlsin, yomon boʻlsin, hamma narsani bor-boʻyicha koʻrsatish, voqealarga oyna tutish. Agar koʻrinishimiz xunuk boʻlsa, oynadan oʻpkalashimiz nodonlikdir. Oʻzimizni tuzatsak, oynadagi aksimiz ham chiroyli boʻladi. Oʻz ishini bajarayotgan jurnalistlar oldini toʻsib, ularga xalal berilmasa bas, Oʻzbekistonda haqiqiy soʻz erkinligi qaror topadi.

– Qaysidir davlat arbobining xurmacha qiliqlarini, qaysidir idoradagi yeng ichida qilinayotgan qonunsizliklarni fosh etish davlatning imijiga putur yetkazadi degan iddaolar bor. Mana, yaqinda Toshkent hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayev OAVdagi tanqidiy maqolalar xorijdan Oʻzbekistonga investorlarning kelishiga toʻsiq boʻlishini aytdi. Bunday qarashlar Oʻzbekistondagi koʻplab rahbarlarda uchraydi. Erkin jurnalistika, mustaqil OAV davlat uchun xavf deb hisoblaysizmi?

– Oʻzbekiston oʻtgan 20-25 yil ichida haqiqiy fuqarolik jamiyatini koʻrmadi, erkin matbuotga ega jamiyatda yashash tajribasini boshdan oʻtkazmadi. Shu bois bugungi ochiqlik, jamoatchilik bosimi ayrim rahbarlarni shoshirib qoʻyayotgan boʻlishi mumkin. Shuni unutmaslik kerak: tanqidga uchramaydigan rahbar boʻlmaydi. Istalgan davlatni, istalgan jamiyatni olib koʻring, tanqid qilinmagan biror amaldorni topa olmaysiz. U xoh davlat rahbari boʻlsin, xoh quyi idora rasmiysi. Rivojlangan Gʻarb davlatlarida ham shunday. Ayni paytda, maʼlum bir masala yuzasidan bildirilgan tanqid oʻsha rahbarning oʻz vazifasiga noloyiq ekanini ham bildirmaydi.

Yaʼni, sogʻlom fuqarolik jamiyatida tanqidlar boʻlishi tabiiy hol. Oʻsha rahbar yuzta yaxshi ish qilib, bitta yomon ish qilsa va tanqidga uchrasa, mening faqat yomonligimni koʻrasizlar deb oʻpkalashi ham xato. Chunki xalq saylagan yoki soliq toʻlovchilar puli bilan qaysidir lavozimga qoʻyilgan vakil mana shunday tanqidlarga rozi boʻlib shu ishga kelishi kerak. Buni rahbar boʻlishning badali deyishimiz ham mumkin. Hamma vazifalarini aʼlo bajarayotgan boʻlsa, buning uchun maqtov kutishi ham kerak emas; zotan, u vazifasini bajarayapti.

Yaʼni, shu lavozim unga berilganda unga oʻz ishini toʻgʻri bajarish vazifasi yuklangan edi. Amaldor oʻz vazifasini bajargani uchun maqtalmaydi; bunga u maosh olayapti, davlat resurslaridan foydalanayapti. Xato qilganda esa, albatta, tanqidga uchrashi tabiiy. Aytmoqchi boʻlganim, rahbarlarimiz bundan buyon shunday tanqidlarga, jamoatchilik bosimiga tayyor turishlari kerak va buni oʻzlari ham, jamoatchilik ham tabiiy qabul qilishi lozim.

Jurnalistlar, blogerlar va huquq faollari jamiyatdagi korrupsiya, poraxoʻrlik kabi qonun buzilishi hollarini fosh qilishda davlat organlariga beminnat yordam koʻrsatadi. Shu bois hukumat yoki davlat amaldorlari hech qachon jurnalistlarni oʻzlariga xavf sifatida koʻrmasligi kerak. Agar amaldor haqqoniy ishlasa, yashiradigan kir ishi boʻlmasa, u jurnalistlardan qoʻrqmasa ham boʻladi.
Ayni paytda jurnalistlar ham masʼuliyatni his qilib, kasb etikasiga rioya qilgan holda axborot izlashi va tarqatishi lozim.

– Amerikada jurnalistlarni asosan qanday muammolar qiynaydi? “Amerika ovozi”dagi faoliyatingiz davomida axborot olish bilan bogʻliq qanday absurdlarga duch keldingiz yoki AQSHda ishlovchi jurnalistlardan bu haqda qanday kulgili narsalarni eshitgansiz? Oʻzbekistondagi faoliyatingiz vaqtidayam qanaqadir mantiqsizliklarga duch kelganmisiz?

– Bugun Amerikada jurnalistikaga oid eng koʻp bahs qilinayotgan mavzu – “fake news”, yaʼni soxta xabarlar masalasi. Bu ikki yil avval Donald Tramp prezidentlikka saylanishi arafasida va undan keyin dolzarblashdi. Prezident Tramp uni tanqid qiluvchi ommaviy axborot vositalarini soxta xabar tarqatishda ayblaydi. Sodda qilib aytganda, Tramp jurnalistlarni yoqtirmaydi. Savoli yoqmagani uchun baʼzi jurnalistlarni Oq uydan chiqarib yuborgan paytlar ham boʻldi. Lekin bundan uyogʻiga oʻta olmaydi, yaʼni prezident qanchalik xohlamasin, u tanqidchilarining ovozini oʻchira olmaydi. Chunki bu oʻlkada soʻz erkinligi sudlar tomonidan qattiq himoya qilinadi.

Lekin dunyo boʻylab soxta xabarlar koʻpayayotgani ham bor gap. Aynan 2016 yilgi AQSH prezidenti saylovi arafasida AQSH ichidan va tashqarisidan turib qaysidir nomzodning saylanishini taʼminlash yoki shaʼniga putur yetkazish maqsadida yashirin targʻibot kampaniyalari olib borilgan. Bularning ortida asosan Rossiya turgani aytilayapti. Bugun propaganda shunchalik kuchli qurolga aylandiki va shunchalik professional amalga oshirilayaptiki, baʼzan haqiqat va yolgʻonni farqlash juda qiyin. Bu esa butun dunyo uchun, demokratiya va soʻz erkinligi uchun jiddiy tahdid. Ayniqsa, bunday propaganda kampaniyalari ortida qudratli tashkilotlar yoki davlatlar tursa, bu maqsadlar yoʻlida katta mablagʻlar sarflanayotgan boʻlsa, soʻz erkinligi huquqining suiisteʼmoli yuz beradi. Bunga qarshi qanday kurashishning aniq mexanizmi hali hech qayerda toʻla ishlab chiqilmagan.

AQSHda Facebook, Twitter kabi ijtimoiy tarmoqlarda mana shunday maqsadlarda ochilgan soxta akkauntlarni, trollarni aniqlab, yoppasiga yopish ishlari amalga oshirilayapti. Lekin bu kam. Bunday soxta xabarlar domiga tushib qolmaslik uchun axborotlarni turli manbalardan olishga oʻrganish kerak. Faqat televizordan yoki ruscha manbalardan foydalanmay, boshqa tillarda va platformalarda ham axborot izlashga odatlanishimiz kerak. Shuning uchun ham chet tillarini oʻrganishimiz muhim.

Dunyoni faqat rus tili orqali koʻrish davriga yakun yasash payti keldi. Bu jurnalistlarimizga ham taalluqli. Faqat ruscha manbalardan tarjima qilmasdan, boshqa tillardan maʼlumot olishni, mustaqil surishtiruv olib borishni va tahlil qilishni boshlashimiz kerak. Shunda maʼlum maqsadga yoʻnaltirilgan propagandalarga qarshi oʻzimizda immunitet hosil qilamiz.

– Oʻzbekistonda ishlashni istaysizmi? Qanday sharoit yoki imtiyoz boʻlsa, vataningizda ishlashingiz mumkin?
– Oʻzbekistonda ishlashni istayman. Vatanimning taraqqiyotiga albatta oʻz hissamni qoʻshishni xohlayman. Mening mutaxassisligim – jurnalistika va jamoatchilik bilan ishlash (Public Relations). Huquqiy loyihalarni boshqarish boʻyicha ham tajribam bor.
Shu yoʻnalishlarda menga toʻgʻri keladigan loyihalar boʻlsa, bajonidil borib ishlagan boʻlardim.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Amerika ovozi” jurnalisti: Dunyoni ruscha anglash, jurnalistika va tanqidga toqatsiz oʻzbek amaldorlari haqida