11:55 / 03.03.2019
7 697

Rashid Qodirov ishi: sobiq bosh prokuror “kulrang sxemalar” haqida qachon aytib beradi?

Rashid Qodirov ishi: sobiq bosh prokuror “kulrang sxemalar” haqida qachon aytib beradi?
Ommaviy axborot vositalari xabarlariga koʻra, Jinoyat ishlari boʻyicha Yunusobod tuman sudining navbatdagi majlisida davlat ayblovchisi sudlanuvchi Rashid Qodirovga yangi ayblov eʼlon qilgan.

Ayblov aynan nimalardan iboratligi aniq emas, chunki bu haqda rasmiy maʼlumot berilmayapti.
2000 yil 18 fevralidan 2015 yilning 12 apreligacha Oʻzbekiston bosh prokurori boʻlgan Rashid Qodirov 2018 yilning 22 fevralida Toshkentda hibsga olingan edi.

2018 yilning may oyida prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatida oʻtkazilgan yigʻilishda sobiq bosh prokurorning oʻzi televideniye orqali korrupsiya, “kulrang sxemalar” va hokazolar haqida gapirib berishini aytib oʻtgan edi.

2018 yilning iyun oyida esa Oliy Majlis Senatining 15-yalpi yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori Otabek Murodov chiqish qildi. U oʻz chiqishida sobiq bosh prokurorga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishiga izoh berib oʻtgandi. Otabek Murodov hozirgi paytda Rashid Qodirov va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi tergov qilinayotgani, Jinoyat protsessual qonunchiligiga asosan, tergov siri sifatida, hammasini oshkor etolmasligini aytib oʻtgan edi.

U Shavkat Mirziyoyev tutgan siyosat “sobiqlar”ni qamashdan iborat emasligini qoʻshimcha qilgandi.
“Yetkazilgan zararni qoplagan ayblanuvchilarga nisbatan garov ehtiyot chorasi qoʻllanilib, ular ozodlikda yuribdi”, degandi u.

2018 yilning 19 dekabrida Xalqaro press klubning huquq-tartibot organlari ishtirokida oʻtkazilgan sessiyasida jurnalistlar tomonidan Oʻzbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov ishi boʻyicha yangi tafsilotlar haqida maʼlumot berish soʻralgan edi.

“Oʻzbekiston Respublikasining sobiq bosh prokurori Rashid Qodirovga nisbatan jinoyat ishi boʻyicha tergov jarayoni yakunlanish arafasida. Bu jinoyat ishi yakunlari boʻyicha maʼlumotlar batafsil yetkaziladi. Buni mamlakatimiz rahbari ham bir necha bor takrorlagan. Demak, jinoiy ishning natijalari keng ommaga oshkor qilinadi. Hech narsa sir tutilmaydi. Qonun oldida barcha barobar. Katta mansabdor shaxsmi, kichikroq mansabdormi, barcha oʻzining xatti-harakatlari uchun tegishli jazosini oladi”, — degan edi Oʻzbekiston Bosh prokurori oʻrinbosari Erkin Yoʻldoshev.

Joriy yilning yanvarida Toshkentda Oʻzbekistonning sobiq bosh prokurori Rashid Qodirov ustidan sud jarayoni boshlangani haqida xabarlar tarqaldi.
Sud jarayoniga oid barcha detallar va yangiliklar hozircha “mustaqil manbalar”,“xabardor kishilar” va “advokatlar”dan yetib kelmoqda. Biror bir rasmiy axborot berilganicha yoʻq.

Taassufki, rasmiy axborot berilmayotgani turli mish-mishlar va taxminlar tarqalishiga sabab boʻlmoqda.
Oʻzbekistonliklar prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirigʻi baribir bajariladi, deb umid qilishmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rashid Qodirov ishi: sobiq bosh prokuror “kulrang sxemalar” haqida qachon aytib beradi?