Advokat: “Tergovdagi qiynoqlar tajribamdan oʻtgan”

  • 03 mart 2019, 14:30
  • 2 317
  • Jamiyat
  • Advokat: “Tergovdagi qiynoqlar tajribamdan oʻtgan”
    Sud-huquq sohasidagi liberallashtirish ishlari ommaviy axborot vositalarida koʻp va xoʻp tilga olinmoqda. Aslida ushbu islohotlar – real voqelikmi? Yanada erkinliklar berish maqsadida qabul qilingan qonun va qarorlar amaliyotda ham oʻz soʻzini aytmoqdami? Bu savollarga javob olish maqsadida malakali huquqshunos, advokat Amirillo Ahmedov bilan suhbatlashdik.

    Hozirgi kunda sud-huquq sohasida islohotlar olib borilmoqda deya Oliy sud va prokuratura organlari tomonidan ham taʼkidlanmoqda. Hozirgi kundagi liberalizatsiya asosan qay yoʻnalishda ketmoqda?
    ─Ayni paytda sud-huquq tizimida liberalizatsiyaning maqsad-mezoni bu, shaxsning bilib-bilmay qilgan jinoyati boʻladimi, ijtimoiy ahvolini yaxshilash maqsadida yengilliklar berish deyish mumkin. Bu masala iqtisodiy jinoyatlar yoʻnalishida koʻtarilmoqda. Oldingi qonunchiligimizga nazar tashlaydigan boʻlsak, avvallari shaxs Jinoyat Kodeksining 167-moddasi, yaʼni oʻzlashtirish va rastrata qilish jinoyatini sodir qiladigan boʻlsa, nafaqat ozodlikdan mahrum qilish, yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash masalasi, balki shu jarayonda uning mol-mulkini musodara qilish instituti ham bor edi. Demak, shaxs huquqbuzarlik sodir etgandan soʻng, 3 ta holatda javobgarlik belgilanar edi.

    Shaxs oʻziga nisbatan sodir qilayotgan jinoyatga nisbatan yetkazilgan zararni qoplaydigan boʻlsa, unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni qoʻllash yoki u dastlabki tergovda qamoqda boʻladigan boʻlsa, zararni toʻlaganidan soʻng qamoq ehtiyot chorasini qoʻllash olib tashlanishi koʻplab sodir boʻlmoqda. Oʻylaymanki, buning zamirida unga nisbatan sud-huquq tizimida yetkazilgan zararni qoplash evaziga ozodlikka chiqishi bilan holatlarini tushunishimiz mumkin. Bu nafaqat iqtisodiy jinoyatlarga qarshi jinoyatlarga, qolgan jinoyat turlariga nisbatan ham qoʻllanilmoqda. Vaholanki, ayrim jinoyatlarimiz jinoiy jazodan maʼmuriy jazoga oʻtishi bu liberalizatsiyaning bir koʻrinishidir. Lekin, alohida toifadagi jinoyatlar bu terrorizm, qasddan odam oʻldirish kabi jinoyatlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.

    Qolaversa, Jinoyat Kodeksning 184-moddasi (soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan boʻyin tovlash) boʻyicha agar shaxs toʻlovlarni bajarsa, jinoiy javobgarlikdan ozod qilish joriy qilindi. Bu ham oʻz navbatida tadbirkorlarimizni qoʻllab-quvvatlash hisoblanadi. Buni biz ijobiy natijasini koʻryapmiz. Avvallari, tadbirkorga javobgarlik qatʼiy belgilab qoʻyilar edi. Hozir qonun ogohlantirib, agar bartaraf etsang seni nafaqat jazodan, javobgarlikdan ozod qilishni aytmoqda. Bu degani u sudlanmaydi.

    Qonun va qarorlar jamiyatda oʻz taʼsirini koʻrsatadi. Bu yengilliklar jamiyatda jinoyatchilikni avj olishiga sabab boʻlmaydimi?
    ─Hozirgi statistikani oladigan boʻlsak, biz oʻtgan yilga qaraganda barcha turdagi jinoyatlar pasaymoqda. Bu yengilliklar tashqaridan kelib bir-birini aldaydigan kishiga nisbatan qoʻllanilmaydi. Bu tadbirkorlikni olib borayotan shaxs boʻlishi mumkin. Aynan, bu holat soliq qonunchiliklariga taalluqli boʻlgan jinoyatlarga qoʻllaniladi.

    Koʻplab rivojlangan davlatlarda ham soliq qonunchiligi boʻyicha jazolar qatʼiy belgilab qoʻyilgan. Masalan, AQSH qonunchiligida qattiqroq jazolarga sabab boʻladi. Bunday yengilliklar tadbirkorlar tomonidan bemalolchilikka olib kelmaydimi?
    ─Yoʻq. Bu narsaga eʼtiroz bildirgan boʻlar edim. Chunki, amaliyotda shu narsani koʻryapmizki, jinoyatni qilaman degan odam yengillikka qarab oʻtirmaydi. Kerak boʻlsa takroran boʻlsa ham bu ishni qiladi. Maqsad soliqdan boʻyin tovlash, soliqdan qochish. Lekin, bizda har bitta holatda shaxsga oʻzining huquqlari tushuntiriladi. Tadbirkor kelgusida oʻzining biznesini rivojlantirishni maqsad qilib qoʻymoqda. Buxgalteriya hisobotida, qonunni toʻgʻri talqin qilmaslik yoki uni yaxshi bilmasligi oqibatida soliqdan qarzdorlik boʻlib qoladi. Biz unga “mana qonun normasi, buni toʻlasang javobgarlikdan ozod boʻlsan” deb aytsak u toʻlaydi. Chunki, u ertaga kredit olishda, faoliyat yuritishida unga dogʻ boʻlmasligi uchun bu narsadan tiyiladi. Bunday vaziyatlarda javobgarlikdan ozod qilingandan soʻng, minnatdorchilik bildirib ketishmoqda, Prezidentga rahmat deyishmoqda.

    Tergovga qaytarish instituti bekor qilindi. Bu yangilik insoniylik tamoyili asosida qanday yengilliklar beradi?
    ─Avvallari, ayblov xulosasi prokuror tomonidan tasdiqlangandan soʻng, bu ish bevosita sudga oshirilardi. Sud ishni koʻrish davomida maʼlum kamchiliklar topadimi, ziddiyatlarga kelib qolishi mumkin. Shunday holatlarda, oʻzidan soqit qilish uchun dastlabki tergovga qaytarish instituti boʻlar edi. Dastlabki tergovga qaytargandan soʻng, uyoq-buyogʻini toʻgʻrilagan boʻlib, yana sudga beradi. Ikki martalab tergovga qaytargan vaqtlar boʻlar edi. Demak, bu holatda sud bilan tergovning oʻrtasidagi munosabatni emas, shaxsga nisbatan huquqlari qanchalik darajada buzilib kelayapti, uning muddati bizni xavotirga solib kelardi.

    Hozirda, tergovga qaytarish instituti bekor boʻlgandan soʻng, bu avvalambor tergovchini masʼuliyat bilan ishlashi, tergovni sifatli olib borib uni sudga oshirishi, sud esa bu narsani tergovga qaytarish imkoniyati yoʻqligidan kelib chiqib odilona, prinsipial, qonuniy koʻrib chiqib jazo belgilashni nazarda tutmoqda. Shu bilan birgalikda, Jinoyat-protsessual kodeksining 416 moddasiga binoan, sud mazkur holatda jinoiy ishda kamchiliklarni bartaraf etish holati yuzasidan bir oylik muddat ichida prokuraturaga yuborishi mumkin.

    Agar bir oylik muddat ichida koʻrib chiqilib, prokuraturadan ham tayinli holat, masalan jinoyat alomatlari topilmasa qanday hal etiladi?
    ─Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi mavjud. Bunda reabilitatsiya qilish belgilangan, yaʼni oqlash. Vaziyatdan kelib chiqib aytish mumkin. Lekin, shunda ham jinoyat alomatlari topilmasa, shaxsga nisbatan oqlov hukmi oʻqiladi. Oʻtgan yil hisobida bunday holatlar oʻzimning ishlarimda ham kuzatildi.

    Ichki ishlar vazirining bergan maʼlumotiga koʻra, tergovda gʻayriinsoniy qiynoqlarga solish butkul yoʻqotilgan deya aytilmoqda. Bu sizning tajribangizda qanchalik darajada oʻz isbotini topmoqda?
    ─Bu jarayon oldin boʻlmagan deb ayta olmaymiz. Shaxsan oʻzimning tajribamda bu boʻlgan. Jinoyat qonunchiligida, Oliy sud plenumining dalillar maqbulligiga normalar chiqqan. Aynan shu qarorda shaxsga qoʻyilgan ayblov ruhiy bosim ostida yoki ruhiy tazyiq ostida koʻrsatma olingan boʻlsa, bu nomaqbul dalil deb topiladi. Shaxsga qoʻyilgan ayblov tasdigʻini topmasa, bu bevosita sudlanuvchini foydasiga hal etiladi.

    Yuqori yuridik bilimga ega boʻlmagan odamlar orasida tergovda davlat tomonidan beriladigan advokatlar, yaʼni davlat advokati va xususiy advokat degan tushunchalar mavjud. Sifati ham ikkalasida ikki xil deyishadi. Bu qanchalik darajada toʻgʻri?
    ─Savolingiz oʻrinli. Jinoyat qonunchiligi boʻyicha 9 toifadagi ishlarda advokat ishtiroki majburiy deb belgilangan. Deylik, oʻshandan bir toifada qolgan ishtirokchilarda advokat berilgan boʻlsa, bu ishtirokchilarda ham advokat ishtiroki shart. Bunday holatda advokatni taʼminlab berilishida ijtimoiy ahvolidan kelib chiqilmasligi kerak. 5 tasida advokat bor, Eshmatda advokat yoʻq. Uning sharoiti yaxshi emas. bu degani u advokatsiz ishtirok etsa boʻladi, degani emas. Aynan shu masalada, Advokatlar palatasida navbatchilik joriy etilgan. U gumonlanuvchi, ayblanuvchi boʻladimi unga advokat berilishi shart.

    Advokatning ish haqi davlat tomonidan toʻlanadi. Davlat advokati emas, oʻzing olsang advokat jon-jahdi bilan kurashadi deyishadi. Bir advokat shartnoma asosida, boshqaning advokati davlat tomonidan berilgan. Men mijozim uchun kurashaman, davlat bergan advokat bepisandlik bilan ishtirok etyapti. Bu holatni fuqarolar farqlay oladi. Bu narsani yoʻqqa chiqarishimiz uchun har bir instansiyada advokatlarning almashishi yoʻlga qoʻyilgan. Agar kamchiliklar aniqlansa, qisqa raqamli ishonch telefonlar mavjud. Advokatlar palatasining hududiy boshqarmalari bor. Ularga murojaat etsa tegishli choralar koʻriladi.

    Bu masala yuzasidan tartibga solish qanday amalga oshiriladi?
    ─Bu masalada tartibga soluvchi Advokatlar palatasining ichki Yoʻriqnomasi mavjud. Shunga asoslanib advokatlar ishlashi tekshirilib boriladi. Har bitta holat boʻyicha tekshirilib boriladi. Advokatga navbatchiligi boʻyicha chaqiriladi. Agar uzoqda boʻlsa, betob boʻlgan boʻlsa boshqa advokatga yuklanadi.

    Ishdan xabardorlik masalasida-chi? Dabdurustdan ishni olgan advokat uchun ishni koʻrishdagi sifatni tushib ketishiga sabab boʻlmaydimi?
    ─Ishni olgandan soʻng, himoya ostidagi shaxs bilan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashni boshlaydi. Oʻsha kungacha oʻtkazilgan tergov harakatlari bilan tanishib chiqadi. Agar ish sudda boʻlsa, ish bilan tanishib chiqish uchun suddan vaqt soʻraydi.

    Masalan, bu gapingizdan bugun ishni olgan advokat ertaga agar navbatchilik vaqti boʻlmasa, bu ish bilan shugʻullanmaydi deb tushunish mumkinmi?
    ─Yoʻq, bunday boʻlishi mumkin emas. Bizdagi jadvallarga koʻra, bugun mening navbatim boʻlsa, bugungi kundagi ishga borib qatnashsam, bu ishni oxirigacha olib boraman.Demak, bir jinoyat ishida bugun men qatnashib, keyin boshqasi qatnashishi mumkin emas. Agar himoyadagi shaxs oʻzi buni talab qilmasa.

    Xalqaro amaliyotda Miranda qoidalari, AQSH Konstitutsiyasiga 5-tuzatma kabi tushunchalar mavjud. Ulardan biri shaxs oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik huquqi. Aybini tan olib ariza ham olinmaydi. Bizda bu qanday holatda?
    ─“Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5441-sonli 2018 yil 12 mayda qabul qilindi. Bu farmonga koʻra, shaxs oʻziga qarshi koʻrsatma bermasligi kerak. Shuningdek, Jinoyat-protsessual kodeksining 46-moddasida ayblanuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan. Unga koʻra, ayblanuvchi ushlangan vaqtdan boshlab himoyachiga, yaʼni advokat olish huquqiga ega.

    Bizga murojaatlarning orasida advokatlar tomonidan yuboriladiganlari ham bor. Bu murojaatlar asosan protsessual kamchiliklar, muddatlar buzilishi haqida. Vaqtida bunga odatiy hol sifatida qaralgan. Hozirgi kunda bu masalada davlat organlari qanday ishlamoqda?
    ─Bunday kamchiliklarga yoʻl qoʻyilmaydi, deb ayta olmayman. Protsessual muddatlarni buzilishida nafaqat qonunlarning yaxshi ishlashi, balki oʻsha protsessual masalalar ishtirokchisi, aytaylik, tergovchi oʻz ishida, oʻz ustida yaxshi ishlashi kerak. Sudda raislik qiluvchi ishni yaxshilab oʻrganib chiqish kerak. Har bitta sudlanuvchining harakatlariga qonunan baho berish kerak. Bu ularning bevosita vazifasi.Shu oʻrinda, dastlabki tergovning muddati hozirda 7 oy qilib belgilangan. Bunga baʼzi tergovchilarning amal qilmaslik holatlari kuzatilmoqda. Mana shu mexanizmni soddalashtirishni oʻylab koʻrishimiz kerak. Toʻgʻri, qonunchiligimizda belgilab oʻtilgan. Lekin, sunʼiy ravishda toʻxtab turilishini bartaraf etish uchun mexanizmlarni oʻylab chiqish kerak, nazarimda.

    Oldinlari Oliy sudda ishni koʻrish uchun Oliy sudning biror sudʼyasining protesti asos boʻlar edi. Hozir prokuratura protesti yoki advokat bergan ariza xati ham asos boʻlmoqda. Bu qanday natija bermoqda?
    ─Bu ijobiy natija koʻrsatmoqda. Oldinlari hammamizga maʼlumki, nazorat tartibi viloyat sudʼyalari darajasida koʻrilar edi. Hozirda, bu ishlar Oliy sud darajasida koʻrib chiqilmoqda.

    Shuningdek, sud jarayonida davlat ayblovchisi (prokuror) va himoyachi (advokat) teng huquqli hisoblanadi. Biroq, prokuror protest keltirishi mumkin, advokat esa yoʻq. Bu tenglikning buzilishidir. Shunday holatlarda, advokatlar Oliy sudga nazorat tartibida koʻrilishiga ariza berishi mumkin boʻldi. Bu amalda yana bir liberallashtirishdir. Zamon shiddat bilan rivojlanib bormoqda. Qonunchiligimizda ham oʻzgarishlar boʻlmoqda. Chunki, bu davr taqozosi. Zaruriyat bormi oʻzgartirish kiritish lozim. Soliq kodeksi yangidan qabul qilindi. Yangisiga ham qanchadan-qancha oʻzgarishlar kiritilmoqda. Mana shu zamon bilan hamnafas boʻlishdir.

    Soliq qonunchiligiga oʻzgarishlar kiritilgani haqida aytib oʻtdingiz. Bu borada yana qanday erkinliklar berilmoqda?
    ─Tergovchi tomonidan jinoyat ishi boʻyicha taftish oʻtkazishda advokatning ishtirok etishining shartligi bu alohida bir mexanizm. Bu ham tadbirkorni taftish jarayonida huquqlari himoyasini nazarda tutadi.

    Koʻp marotaba taʼkidlab oʻtdingizki, advokat ishtiroki bu liberalizatsiyaning koʻrinishidir. Advokatlar shu ishonchni oqlashmoqdami? Eski fikrlash boʻyicha advokat qatnashsa ham oʻzgarish boʻlmasdi...
    ─Fikr tushunarli. Advokatlarning hozirgi kundagi ilgʻorligi, taʼsirchanligini oshirish maqsadida bugungi jarayonda ancha-muncha toʻsiqlarga barham berildi. Advokat qonunda koʻrsatilgan huquqlardan toʻla-toʻkis foydalansa boʻladi. Advokatlarga qilinadigan tazyiqlar bevosita qaysidir organ tomonidan koʻrib chiqilishi, xususan yaqinda Bosh prokurorimiz va Advokatlar palatasining raisi oʻrtasida oʻtkazilgan muzokaralarda ham advokatlarga boʻlgan toʻsiqlar Bosh prokuror tomonidan koʻrib chiqilish mexanizmlari yaratilmoqda. Hozirgi kunda kechagi advokat bilan hozirgi kundagi advokatning farqi sezilib qoldi. Shuningdek, 2019 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi qonunga koʻra, faoliyat yuritmayotgan advokatlarning litsenziyasi tugatildi. Advokat faqatgina advokatlik bilan shugʻullanishi lozim, ilmiy faoliyat bundan mustasno. Advokat hozirda oʻz ustida ishlashi lozim. Kundan-kunga qonunlar oʻzgarmoqda. Bozor iqtisodiyoti bu. Yangi qonunlarni bilmasa, ertaga mijozni qanday himoya qila oladi? Shu sababli, 5 yildan oldingi advokat bilan hozirgi kundagi advokatning farqi juda katta. Hozir advokatlar sud majlislarida kurashmoqda, mijozning huquqlarini tiklamoqda.

    Bozor munosabatlari advokatlik faoliyatiga ham oʻz taʼsirini koʻrsatmoqda, deb aytish mumkinmi?
    ─Albatta. Advokat oʻz ustida ishlamasa ertaga unga talab boʻlmaydi. Talab eng yaxshi advokatga boʻladi. Ayrim holatlarda sudga borib mana qonun desak, “Yoʻgʻ-e shunaqa qonun chiqdimi?”,- deyishadi. Bu advokatning ilgʻorligidir. Qonunlarni qoʻllay olishi bu - uning yutugʻi. Ayniqsa, iqtisodiy yoʻnalishidagi sud jarayonlarida advokat qonunni talqin qila olishi kerak.

    Qonunda shunday holatlar mavjudki, bu korrupsiyaga yoʻl ochadi. Xalq tilida aytganda “qonundagi lazeykalar” ga misollar keltira olasizmi?
    ─Xalq tilida “lazeykalar” deyiluvchi mavjud. Masalan, ogʻir jinoyat turkumidagi jinoyatlarda sanksiya, yaʼni jazo muddatlarini misol qilishimiz mumkin. Ularda 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan. Sudyaga bu keng huquqlar taqdim etadi. Sudya xohlasa 5 yildan 10 yilgacha xohlagan muddatini (5,6,7,8,9,10) tayinlashi mumkin. Bu korrupsiyaga sabab boʻlishi mumkin. Toʻgʻri, sud koʻrib chiqib xulosa qilishi mumkin. Buni aniqlashtirilishi lozim.

    Islohotlarda advokatlar oʻzlarining qanday hissalarini qoʻshmoqda?
    ─Bu borada advokatlar palatasi tomonidan har bir advokat mahallaga biriktirilgan. Mahallalarda u yerdagi aholiga bepul huquqiy maslahatlar berilmoqda. Agar kimdir oʻz huquqlari buzilgan boʻlsa, oʻz advokatiga murojaat etishi mumkin.
    Bu ishlar nafaqat mahallada, ommaviy axborot vositalarida ham advokatlar faol boʻlishga harakat qilishmoqda.
    Bahodir Ahmedov suhbatlashdi

    » » Advokat: “Tergovdagi qiynoqlar tajribamdan oʻtgan”