Samarqand viloyati bosh arxitektori ishdan olindi

  • 04 mart 2019, 19:35
  • 1 837
  • Jamiyat
  • Samarqand viloyati bosh arxitektori ishdan olindi
    Samarqand viloyati arxitektura va qurilish Bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, viloyat bosh arxitektori Norqul Saidovich Sodiqov ishdan olingan.
    Kun.uz nashri maʼlum qilishicha, u oʻz arizasiga koʻra egallab turgan lavozimidan ozod etilgan.
    Qayd etish kerakki, Norqul Sodiqov Senatning Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi aʼzosi hisoblanadi.

    Keyingi vaqtlarda Samarqand viloyatida qurilish sohasida qator muammolar kuzatilmoqda. Xususan, viloyatning sobiq bosh hokimi Turobjon Joʻrayev oʻtgan yilning yozida qurilish kompaniyalaridan katta miqdorda pora olishda gumon qilinib qoʻlga olingandi. Uning qoʻlga olinishi ortidan viloyatdagi 28ta qurilish kompaniyasi rahbarlari ham ushlandi.

    Joriy yilning fevralida Samarqandda yirik tadbirkor Umar Rajabov va uning oʻgʻli Ruslan Rajabov qamoqqa olindi. Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan “Afrosiyob Xosiyat Begim Makoni” MCHJ rahbari va boshqalarga nisbatan JKning 168-moddasi, 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

    Keyinroq Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov hokimlikdagi qurilish ishlari bilan bogʻliq yigʻilish oʻtkazib, soha “korrupsiyaga botgani” haqida gapirdi.

    “Qurilishdagi pinhona kelishuvlar, hujjatlardagi soxtaliklar, tender tanlovlari yopiqligi sohadagi qonun buzilishlari hamda korrupsiyaga yoʻl ochgan. Ayniqsa, qadimiy shahardagi ayrim tarixiy meros obyektlariga zarar yetgan. Bu holat UNESCO maʼmuriyatining eʼtiroziga sabab boʻlgan”, — degandi viloyat hokimi.

    » » Samarqand viloyati bosh arxitektori ishdan olindi