00:13 / 05.03.2019
7 676

“Tergov adolatli boʻlmadi”. Kenjayevning bevasi suddan adolatli hukm chiqarishni soʻradi

“Tergov adolatli boʻlmadi”. Kenjayevning bevasi suddan adolatli hukm chiqarishni soʻradi
Jamshid Kenjayev ishi boʻyicha sud jarayoni davom etmoqda. Navbatdagi sud majlisida jabrlanuvchi, marhumning bevasi Alisya Mirzamurodova koʻrsatma berdi.

«Oʻsha kungi tugʻilgan kunga borishi haqida ancha oldin, taxminan bir hafta oldinroq ogohlantirgan edi. Voqea boʻlgan kuni uy ishlari bilan mashgʻul edim. Kechga yaqin kiyimlarini tayyorlab berishimni soʻradi. Doʻstlari yigʻilib qolishgandi.

Odatda uyda yoʻqligida hol-ahvolini bilish uchun har soatda telefon qilib turaman. Oxirgi marta gaplashganimizda kechki 11:37 edi. Oʻshanda menga juda iliq gaplar aytdi. Menga va qizimizga boʻlgan muhabbatini aytdi. Maʼlum vaqt oʻtgandan soʻng, doʻsti Shohrux telefon qilib u shifoxonadaligini aytdi. Tezda shifoxonaga yetib bordik. Ertalab soat 5:00 atrofida qon va boshqa dorilarni olib kelishimizni soʻrashdi. Uni reanimatsiyada koʻrganimda bizni tark etayotganini tushundim. Uning tanasi koʻkarib ketgandi. Shifokorlardan soʻrasam, qon bosimi juda pasayib ketganini aytishdi. Koʻp oʻtmay u vafot etdi.

Hurmatli sud hayʼati, men hali ham bunday dahshatni qabul qila olmayapman. Mendan eng yaqin kishimni, suyukli insonimni tortib olishdi. U mening butun borligʻim edi. U juda mehribon va quvnoq edi. Doim boshqalarga gʻamxoʻrlik qilardi. Vatanini juda sevardi. Shuning uchun, u sportchilikni tanlagandi. Ogʻir jarohat tufayli musobaqalarda qatnashmay qoʻygandi, lekin mashgʻulotlarni toʻxtatmadi.

Videoning faqat boshini koʻroldim. Yangiliklarni oʻqiganimda “maxluqlarcha oʻldirildi”, deyilgandi. Uni koʻpchilik boʻlib har tarafdan urishgan. Bu odamlarda ozgina boʻlsa ham rahm-shafqat yoʻq ekan. Shu holida qoldirib oʻlishini kutishgan. Hurmatli sud aʼzolari, men prokuratura va tergov organlari tomonidan adolatli tergov oʻtkazilganini koʻrmadim. Qotillar erimni shafqatsizlarcha urishgan. Eng alam qiladigani, erim yolgʻiz holda qolib oʻlib ketgan.

Men hozir ruhan tirik emasman. Mavjud emasman. Ular uchun oddiy odamdir, biz uchun shunchaki bir odam emasdi. Bizga hozir juda ogʻir. Shuning uchun, hurmatli sud, sizdan adolatli va xolis hukm chiqarishingizni iltimos qilaman.

Sportchi boʻlgani tufayli alkogol isteʼmol qilganini koʻrmaganman. Yonida sovuq qurol olib yurganiga ham guvoh boʻlmaganman.
Videoda shapaloq urgan deyishyapti, erim bekordan-bekorga bunday ish qiladigan odam emasdi», deydi marhumning bevasi.

Sud hayʼatiga ishtirokchilarning takliflari soʻraldi. Ayblanuvchilardan Saidazim Kamoldinovning advokati Akmal Alimqulov sudga “Chinatown” restoranidagi voqea yozib olingan videoyozuvlarni taqdim etdi va ishga qoʻshib qoʻyishni soʻradi. Advokatning iltimosi qanoatlantirildi.

Sud majlisi soʻngida raislik qiluvchi sud ekspertizasi xulosalarini oʻqib eshittirdi.
Sud majlisi 6 mart, chorshanba kuni soat 11:00da davom ettirilishi belgilandi. Kelgusi majlisda “Chinatown” restoranidagi voqealar videosi koʻrib chiqilishi maʼlum qilindi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Tergov adolatli boʻlmadi”. Kenjayevning bevasi suddan adolatli hukm chiqarishni soʻradi