17:20 / 05.03.2019
8 719

Prezidentning sobiq maslahatchisi Mavlon Umurzoqov Rashid Qodirov va uning gumashtalari haqida

Prezidentning sobiq maslahatchisi Mavlon Umurzoqov Rashid Qodirov va uning gumashtalari haqida
OʻzA Prezidentning sobiq maslahatchisi Mavlon Umurzoqovning xotiralari va bugungi kun bilan bogʻliq fikr-mulohazalarini eʼlon qildi.

— Biz hamon oʻz choʻntagimizni davlat, xalq choʻntagi bilan almashtirib qoʻymoqdamiz. Choʻntakka tushgan oʻgʻirlik millat qalbiga ham tushgan oʻgʻirlikdir. Davlat va xalq mulkini koʻz qorachigʻiday asrash oʻrniga oʻgʻirlikka oʻzlarini baxshida etgan sobiq bosh prokuror Rashid Qodirov va uning gumashtalari shunday oddiy haqiqatni anglab yetmadi.

Oʻtgan asrning 90 yillari edi. Devonda ishlardim. Oʻshanda kuch ishlatar tizimidagi bir xodimning oʻz oilasida oʻtkazgan “tadqiqot”ni eshitib hang-u mang boʻlganman.

«Bekorchilik kunim edi, – soʻz boshladi u, – oʻgʻlim bilan qizim juda yaqin edi. Ularni sinab koʻrmoqchi boʻlib, urishtirishga harakat qildim. Mehnatim zoye ketmadi, ikkalasi obdon janjallashdi. Nihoyat, oʻzim bu janjalga nuqta qoʻydim, – dedi suhbatdoshim. Eshitib xafa boʻldim. Nahot, shunday lavozimda ishlagan rahbar xodim shunchalik pastkashlikka yuz tutca? Demak, kimgadir yomonlik qilish usullari ularning xonadonlarida sinovdan oʻtkazilar ekan-da. Bu sinovlar natijasi boshqalarga qoʻllansa odamlarning taqdiri nima boʻladi?

Rahbar kadrning eng muhim fazilatlaridan biri adolatparvarlik boʻlib, u oʻz ishini, hukm va qarorini adolat asosiga qurmas ekan, uning hamma mehnati zoye ketishi mumkin. Chunki adolatsiz ish poydevorsiz imoratga oʻxshaydi! Kadrlar bilan ishlar borasida koʻz ilgʻamas yana bir xavfli illat bor. Bu rahbar qulogʻiga “shipshish” odatidir. Bunday “mahorat”ni egallaganlar undan foydalanishni ham yaxshi biladi.

Amaldor bor ekan, bunday “shipshish”lar ham boʻlishi balki tabiiydir. Biroq, “shipshuvchi”lar aslida kimning doʻsti? Hayot shuni koʻrsatadiki, odatda, “shipshi”gan zotlar doimo oʻz yoʻliga gʻov boʻlayotgan yoki oʻz tor maqsadlariga xavf solayotgan kimsalar haqida “axborot” toʻplaydi. Ular bunday maʼlumotlar toʻplashda oq-qorani ajratib oʻtirmaydi. Oshkor va halol yoʻlda zarba bera olmagan oʻz raqibini oyogʻidan chalsa bas. Baʼzan, ular raqibidan oʻch olishning boshqa usullarini qoʻllashdan ham toyishmaydi. Rahbar qulogʻiga biri raqibi ustidan “luqma” tashlaydi, ikkinchisi uni tasdiqlab oʻtadi, uchinchisi esa “yollangan” odamni rahbar qabuliga kiritib yuboradi. Mana shunday usullar qoʻllanishi davomida koʻplab sof vijdonli kishilar aybsiz aybdor boʻlishi mumkin.

Gdlyanchilar haqida koʻp gapiramiz. Afsuski, oʻzimizda ham noinsof, berahm tergovchilar bor edi. Ular tergov uchun yangi “usul” qoʻlladi: fuqarolarni jinoiy javobgarlikka tortish uchun, uylariga oʻq-dorilar yoki “qora dori” tashlashadi va “topgich xodimlar” esa ularni birpasda topishardi. Qarabsizki, umrida oʻq-dori, qora dorini yaqinidan oʻtmagan, bilmagan fuqaro qamoqdan joy oladi. Shu maʼnoda koʻp yillar turli vazifalarda faoliyat yuritgan, tarix fanlari nomzodi Ismoil Shodmonqulovning Oʻzbekiston Oliy sudida bergan koʻrgazmasi diqqatga molik. «Tongda uyimizga ichki ishlar xodimlaridan 12 kishi keldi va tintuv qila boshlashdi, besh daqiqa oʻtar-oʻtmas turmush oʻrtogʻimning (pedagogika instituti fakultet dekani) ichki kiyimlaridan dokaga oʻralgan patronlar va qora dorilar topishdi.

Ishlatilgan pichoq yaltirab ketganidek, oʻnlab, balki minglab odamlar taqdirini “hal etgan” bu patronlar qoʻldan-qoʻlga oʻtaverib yaltirab koʻrinardi. Tergov paytidagi azoblarga esa chidab boʻlmasdi, tergovchilarning yagona talabi — boshligʻimga nisbatan ular xohlagan koʻrgazmani yozib berishim kerak edi. Birgina men emas , juda koʻp xodimlarga ham ana shunday azoblar berildi. Ular oʻz maqsadlariga erishish uchun bizlarga nisbatan qoʻllamagan usullari qolmadi».

Yana bir voqea hech yodimdan koʻtarilmaydi. Beruniy tumanida (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) yoqilgʻi quyish shoxobchasi xodimi ustidan jinoiy ish ochiladi, goʻyo u yoqilgʻini noqonuniy tarzda sotayotgan ekan. Bu ishni yopish uchun tuman prokurori aybdordan oʻn ikki ming soʻm talab qilgan. Aybdorning qarindoshi va doʻsti bilan men oʻsha paytda bir joyda ishlar edik. Ular mening xonamga kirib boʻlgan voqeani batafsil tushuntirib berishdi. Men bu haqda darhol Oʻzbekiston Bosh prokuroriga aytdim.

Oʻsha paytda, bilmadim, qaysi rahnamo sabab, tuman prokurori Turkmanistonga qochib ketdi, ammo maʼlum muddat oʻtib Bosh prokuror Rashid Qodirov yordamida oʻsha kimsa Bosh prokurorning yordamchisi, odamlarning aytishicha, “choʻntagi”ga aylandi.

Buzoqning yugurgani somonxonagacha — oʻshalarning hammasi nihoyat tumshuqlaridan ilindi.

Bugun mamlakatning hamma sohalari Prezidentning eʼtiborida, nazarida. U kishining ichki va tashqi siyosat bobida olib borayotgan faoliyati bir necha yoʻnalishda amalga oshirilmoqda.

Yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar bartaraf etilmoqda. Yon atrofdagi qardosh davlatlar bilan munosabatlarimiz joyiga tushdi, iqtisodiy hamkorlik qayta tiklandi. Xalqlar Doʻstligi saroyi oldida Sharof Rashidov tashabbusi bilan Shomahmudovlar oilasi uchun oʻrnatilgan haykal olinib shahardan chiqishdagi GAI posti oldiga oʻrnatildi. Nega? Yetimlarga shaharda joy yoʻqmi, yetimning joyi shahar chetidami? Yoki Prezident tashabbusi bilan oʻtgan yili Toshkent shahridagi masjidlarning biriga shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining nomi berildi.

Hech kimga sir emas, statistik maʼlumotlar boʻyicha ishlab chiqarish surʼatlari qanchalik yuqori koʻrsatilmasin , xalqning turmushi yomon ahvolda edi. Gazlashtirish, elektr energiyasi bilan taʼminlash, ayniqsa, qishloq joylarida, muammolar muammosi edi.

Koʻpgina kollejlar, litseylar xorijning qimmatbaho kompyuter uskunalari bilan jihozlangan. Biroq ular, aksariyat, ishlamasdi. Sabab bitta — elektr energiyaning yoʻqligi boʻlgan. Ushbu hol goʻyo dala oʻrtasida yoqilgʻisiz toʻxtab qolgan traktorga oʻxshardi. Keyingi ikki yil davomida qishlogʻimizga gaz ham keldi, elektr chirogʻi yonib turibdi.

Qurilishda yangi texnologiyalarni qoʻllash natijasida qirq besh kunda bir yangi qishloq paydo boʻlsa! Xayolingizga ham keltira olmaysiz! Faqatgina “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi boʻyicha 2018 yilda respublika boʻyicha yuzlab qishloq tubdan yangi zamonaviy talablarga javob beradigan qiyofaga kirdi.

Yangi rahbarning kelganiga ikki yil boʻldi. Ochigʻini aytsak , mana shu muddat ichida qilingan ishlarni, oʻzgarishlarni koʻrib dilingiz bahra oladi. Yuzlab sanoat korxonalari, sport inshootlari qad koʻtarmoqda, sogʻliqni saqlash, ilm-fan, maorif, oliy oʻquv yurtlarining yangi binolari boʻy choʻzmoqda. Mamlakatning eksport salohiyati ham oʻsmoqda. Iqtisodiy baquvvat AQSH, Rossiya, Xitoy, Yaponiya, Germaniya, Hindiston, Pokiston, Janubiy Koreya kabi yirik mamlakatlar eshiklari Oʻzbekiston uchun yanada ochilmoqda. Har birimiz bunday ijobiy oʻzgarishlar, yutuqlardan faxrlanmogʻimiz zarur . Ulugʻ safarga chiqqan karvon aʼzolari — har birimiz, sadoqat, eʼtiqod, samimiyat, halollik kabi tuygʻularni qalbimizda chuqur his etib karvonboshi atrofida birlashmogʻimiz, yangi yutuqlarni quchish uchun shaxdam qadamlar bilan olgʻa yurmogʻimiz kerak.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prezidentning sobiq maslahatchisi Mavlon Umurzoqov Rashid Qodirov va uning gumashtalari haqida