09:03 / 06.03.2019
6 797

Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyaga oʻtkazildi

Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyaga oʻtkazildi
Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan 1972 yilda tugʻilgan Gulnora Islomovna Karimovaga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Bosh prokuratura xabariga koʻra, insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlarini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini oʻz zimmasiga olganligini eʼtiborga olgan holda, jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan G.Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirilgan. Ozodlikni cheklash jazosini oʻtash joyi etib mahkuma G.Karimovaning oʻz tanloviga koʻra, qizi Imon Karimovaning yashash joyi belgilangan.

Shu bilan birga, mahkuma G.Karimova zimmasiga qonunchilikda nazarda tutilgan qator cheklovlar, shu jumladan, yashash joyidan chiqib ketmaslik, aloqa vositalaridan va Internetdan foydalanmaslik hamda zararni qoplash majburiyati yuklatilgan.

Mahkuma G.Karimovaga ozodlikni cheklash jazosini oʻtashdan qasddan boʻyin tovlagan, shuningdek, sud tomonidan yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan taqdirda, sud jazoning oʻtalmay qolgan muddatini boshqa jazo bilan almashtirishi mumkinligi tushuntirilgan.

Lekin mahkuma G.Karimova jazoni oʻtash davrida sud tomonidan oʻrnatilgan cheklovlarni muntazam ravishda buzib, oʻziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmagan, deyiladi xabarda.

Xususan, mahkuma G.Karimova 2018 yil 22 noyabr kuni yashash joyidan oʻzboshimchalik bilan chiqib ketgan hamda jazoni oʻtash tartibi va shartlarini buzmaslik haqida ogohlantirilgan.

Ogohlantirishga qaramasdan, G.Karimova oʻziga tegishli xulosa qilmasdan, jazoni oʻtash tartibi va shartlarini qasddan buzishda davom etgan, xususan:
- muntazam ravishda aloqa vositalaridan, shu jumladan, Internetdan foydalangan;
- jinoyat ishi boʻyicha aniqlangan oʻzi tomonidan yetkazilgan zararning qoplanishiga faol toʻsqinlik qilgan.

G.Karimova jazoni oʻtash tartibi va shartlarini qasddan buzganligi sababli jinoyat-ijroiya qonunchiligiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmatining taqdimnomasiga asosan, 2019 yil 5 martda jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi tomonidan unga nisbatan tayinlangan jazoning oʻtalmay qolgan muddati ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirilib, umumiy tartibli koloniyada oʻtashi belgilandi.

Bundan oldin, seshanba kuni Imon Karimova Instagramʻda prokuratura xodimlari Gulnora Karimovani nomaʼlum tomonga uy xalatida olib ketgani haqida xabar berdi. U yozuvga kuzatuv kameralaridan olingan fotosuratlarni qoʻshgan va bu haqda Shveysariyadagi advokatlar qilinganini bildirdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyaga oʻtkazildi