12:09 / 06.03.2019
6 930

“Oʻzbekistonda bir bemaʼni aqida bor...”

“Oʻzbekistonda bir bemaʼni aqida bor...”
Oʻtgan yili Facebook ijtimoiy tarmogʻida Tojikistonlik taniqli shoira Adiba Aziz mamlakat qonunchiligiga oʻzgartirishlar kiritib, tojik qizlari bilan turmush qurish niyatida boʻlgan xorijliklarga 50 ming dollar miqdorida qalin tayinlashni taklif qildi. Shoira Adiba Azizning tojik ayoli bilan turmush qurish niyatida boʻlgan xorijlik 50 ming dollar miqdorida qalin toʻlashi zarurligi haqidagi taklifi internetdagi ijtimoiy tarmoqlar, ayniqsa Facebookʻda qizgʻin munozaralarni keltirib chiqardi (2011 yili Tojikiston parlamenti Oila kodeksiga kiritgan ilovalarga muvofiq, faqat uy-joy bilan taʼminlagan va nikoh shartnomasini imzolagan xorijiy shaxs tojik ayoliga uylanishi mumkin).

Adiba Aziz 50 ming dollarning 10 foizini qizning oilasiga, 10 ming dollarni nogironlar, yetimxonalar, yolgʻiz keksalar va davlat byujetiga taqsimlashni taklif qilgan. Facebook foydalanuvchilari, ayniqsa ayollar ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlab, taklifni ayollar qadr-qimmatiga qaratilgan muhim qadam deya baholagan. Facebook foydalanuvchilari yozishicha, bir necha yil oldin Turkmanistonda xuddi shunday qoida joriy etilishi ortidan xorijiy fuqarolar bilan turmushlari buzilgan turkman ayollari va farzandlarining huquqlari himoya etilgan.

Tojik shoirasining blogposti va unga bildirilgan mulohazalarni kuzatib, biroz muddat oldin ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib keskin bahs-munozaralarga sabab boʻlgan videorolikni esladim. Unda koreys millatiga mansub odamga turmushga chiqish istagida boʻlgan qizning xorijiy kuyovlikka nomzod savollariga javob berayotgani tasvirlangan edi.

Turmush qurish, nikohlanish har bir insonning shaxsiy ishi boʻlib, unga hech kim taʼqiq qoʻyish yoki daxl qilishga haqli emas. Ammo gap ayol haq-huquqi, qadr-qiymati haqida ketganida bir chekkada indamay oʻtirish oqilning ishi emas.

Sir emaski, bugun yurtdoshlarimiz orasida ham xorijlik fuqarolar bilan turmush qurganlar va chet el fuqarolari bilan nikohlanishni istayotganlar koʻpchilikni tashkil qiladi. Qiz-ayollarimizni musulmonlar bilan nikohlanishiga-ku chidasa boʻladi, biroq gʻayridinlar bilan ham hech tortinmay turmush qurayotgan qizlarning qismati achinarlidir. Ancha oldin feysbuk oʻzbek segmenti foydalanuvchilaridan biri oʻziga tanish qizning Hindistonga, hind erkakka turmushga chiqqanini, toʻy marosimi toʻliq hindcha urf-odatlar asosida oʻtganini ogʻrinib yozgan edi.

Islom dinida musulmon erkak ahlidan boʻlgan pokiza (yahudiy yoki nasroniy) ayolga uylanishi joiz deyilgan. Aksincha, muslima ayolning gʻayridin kishi bilan oila qurishi qatʼiy maʼn etilgan.

Nega, deyilgan savolga, ayrim olimlar musulmon erkak ahli turmush oʻrtogʻi haqini ado etadi, ammo gʻayridin erkak muslima haq-huquqlariga eʼtibor bermasligi, unga zulm qilishi, imon-eʼtiqodiga ziyon yetishi mumkin. Qolaversa, farzand tarbiyalashda ham otaning oʻrni muhim boʻlib, muslima ayoldan tugʻilgan bolalar gʻayridin otaga oʻxshashga, undan oʻrnak olishga harakat qiladi. Shu va boshqa sabablar bilan muslima ayolning gʻayridin kishi bilan turmush qurishiga ruxsat etilmaydi. Qolaversa, oʻzbek ayollarining oʻzbekona madaniyatimiz va mentalitetimizga toʻgʻri kelmaydigan muhitda yashaydigan ajnabiy kishilar bilan oila qurishlari tugʻilajak farzandning milliy ruhda oʻsib-ulgʻayishiga ham toʻgʻanoq boʻlishi mumkin.

“Xorijga kelin boʻldim”
– Oʻzbek erkaklari ayolni qadrlashni bilmaydi,- deydi turk fuqarosi bilan turmush qurgan tanish ayol. – Oʻzbekistonda erkaklar masʼuliyatni his qilmaydi. Ota-onalar qoʻlida kasb-kori, hunari boʻlmagan, oila masʼuliyatini his qilib, roʻzgʻor taʼminotini yelkasiga oladigan holatda boʻlmagan oʻgʻlini yosh uylantirishadi. Men magistratura tahsilini tamomlab, ancha payt oʻzimizda ilmiy ishim bilan shugʻullanib, ishlab yurdim. Oʻzbekistonda bir bemaʼni aqida bor: yigirma toʻrtlarga borib qolsa, hali turmush qurmagan boʻlsa, unga jamiyatda “qariqiz”, “oʻtirib qolgan qiz” tamgʻasi bosiladi. Va oʻqib, ilm bilan shugʻullangan qizlar turmush qurishni niyat qilganlarida odamlar qoʻlini bigiz qilib koʻrsatib: “Voy, falonchi qariqiz-ku!” deydi malomat bilan...

Erim injener-quruvchi. Oʻzining shirkati bor. Bir soʻz bilan aytganda men baxtiyorman, farzandimiz bor. Turmush oʻrtogʻim meni qadrlaydi. Qaynonam, qayinboʻyinlarim hurmat qiladi. Bir ayol uchun saodat hisoblangan hamma narsa bor menda. Toʻydan oldin kuyovimga Toshkentdan oʻzimning nomimga ikki xonali uy olib berishini talab qilganman. Yilda bir marta Vatanga borib bir oycha turib, yaqinlar bilan diydorlashib qaytamiz...

– Turk va arab erkaklari bilan turmush qurgan oʻzbek ayollari hayotlari yaxshi ekanini taʼkidlaydi. Ammo gʻayridinlar, ayniqsa koreys va xitoy millatiga mansub erkaklar bilan turmush qurgan ayollar, toʻydan keyin kuyovning vaʼdalari unutilib, hayoti chidab boʻlmas holatga yetganida, ajrashishni istagan oʻzbek ayolidan bolalari tortib olinib, ikki boʻgʻcha kiyimi bilan aeroportga kuzatib qoʻyilar ekan. Bir necha yillar oldin sayyod.com saytida Koreyaga turmushga chiqqan qizning achchiq hikoyasi eʼlon qilingandi. Audio hikoyani yuragim qaltirab, koʻzlarimda yosh bilan tinglagan edim. Bu gaplarga ham ancha boʻldi. Biroq hanuz qizlarimiz xorij fuqarolari bilan turmush qurishga ishtiyoqmand. Oʻzga millatning seriallaridagi lyuks hayotga intilgan oʻzbekning koʻpgina sodda qiz-ayollari pushaymonlikda qovurilganiga qaramay, chet el fuqarolari bilan nikohlanish holatlari tez-tez uchramoqda. Nachora, buni hayot uchun kurash deydilar. Har kim oʻzidan oʻtganini oʻzi biladi. Va hech kim oila ostonasiga “Baxtsiz boʻlaman”, “Ajrashaman” degan niyat bilan qadam qoʻymaydi. Shunday ekan, bu borada qonuniy chora-tadbirlar koʻrilsa, qiz-ayollarimizning haq-huquqi himoya qilinsa yaxshi boʻlardi.

– Turkiyaga kelin boʻlgan ikki yaqin tanishim bor. Ayollarning ikkisi ham turk fuqarosi bilan qonuniy nikohdan oʻtishdan avval poytaxtdan oʻz nomiga ikki xonali uy oldirishgan. Bu kelinning oʻz mulki — mahrdan tashqari mulk. Tabiiyki, men tanigan ayollar ziyoli, oq-qorani tanigan boʻlgani uchun avval ehtiyotini qilib, soʻng xorijlik erkakka turmushga chiqqan. Ammo ogʻzaki, quruq vaʼdalarga ishonib turmush qurib, soʻng attang qilib qolayotganlar koʻpchilikni tashkil qiladi.

Muddaomiz nima?
Oila kodeksi boʻyicha qonunchilikka oʻzgartirishlar kiritilsa, unga koʻra kelinning nomiga bankda hisob raqami ochilsa va toʻydan oldin maʼlum miqdorda mablagʻ qoʻyilsa maqsadga muvofiq boʻlardi. Bu bilan balki toʻylardagi dabdabavozlik, hashamat va ortiqcha sarf-xarajatlardan ham qutularmidik? Eng asosiysi, ayolning haq-huquqi himoyalangan boʻladi. Bugun aksar uylanish yoshidagi yigitlarning nomida biror koʻchmas yoki koʻchar mulk yoʻq. Turmushi buzilgan ayollar er uyidan hech vaqo ololmay, hatto oʻz sarpo-sepidan ham mahrum boʻlib egnidagi koʻylak bilan qolib ketyapti. Aliment mojarosiga ham “qulay” yechim topgan bizning “hurmatli” erkaklarimiz; garchand million-million pul topsalarda, bir oddiy tashkilotga choychaqa maoshga ish rasmiylashtirib qoʻyishadi. Koʻrib turibsizki, ayol na oʻzi va na farzandi uchun yetarli taʼminot olmaydi.

Maʼlumki, musulmon dunyosida turmushga chiqayotgan ayolga kuyov tomonidan mahr beriladi. (Mahr – teng huquqli nikoh tuzilganda erning xotiniga ajratadigan mulki). Mahr ayolning mulki boʻlib, undan ayoldan boshqa hech kim foydalanolmaydi. Fikrimizcha, mana shu mulk, yaʼni mahrni qonuniylashtirilgani maʼqul. Toʻy xarajatlari uchun ajratilgan mablagʻning maʼlum summasi ayolning oʻz nomiga ochilgan shaxsiy hisob raqamiga oʻtkaziladi. Taʼbir joiz boʻlsa, bu ish nafaqat ayolning haq-huquqini himoya qilish uchun, balki oila mustahkamligi uchun ham qoʻl keladi.

Taklifimiz qonun doirasida koʻrib chiqilsa, xotin-qizlarning haq-huquqi himoya qilinishi, oilalar mustahkamligi uchun asos boʻladi degan umiddamiz.
Umida ADIZOVA tayyorladi

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Oʻzbekistonda bir bemaʼni aqida bor...”