18:52 / 06.03.2019
4 131

“Sadinovlar ishi”: maxsus maktab-internati direktori sud zalidan ozod qilindi (foto)

“Sadinovlar ishi”: maxsus maktab-internati direktori sud zalidan ozod qilindi (foto)
2018 yil 23 iyul kuni Samarqand shahridagi 64-sonli alohida saqlash sharoitlari, tarbiya va taʼlimga muhtoj oʻgʻil bolalar uchun ixtisoslashgan maktab rahbarlari va tarbiyachilar tarbiyalanuvchilarni kaltaklab kelayotgani haqida xabar berilgan edi.

Mazkur ish Bosh prokuratura rahbariyati alohida nazoratiga olinib, shaxsan Samarqand viloyati prokurori tomonidan olib borilgan.
Holat oʻrganilganida, Samarqand shahar sudi hukmiga koʻra, maktab rahbarlari uzoq muddatga qamalgan edilar.

“Sadinovlar ishi” Samarqand viloyat sudida apellyatsiya tartibida qayta koʻrildi. Viloyat sudi ishni uzoq oʻrganib, barcha jabrlanuvchilar va guvohlar, shuningdek, qoʻshimcha guvohlar ham soʻroq qilindi.

Sud davomida Samarqand shahar sudi shoshma-shosharlik bilan ish koʻrgani, koʻp kamchiliklarga yoʻl qoʻygani oshkor boʻldi va 64-maxsus maktab-internati direktori Shuhrat Sadinov, tarbiyachilar Sh.Ochilov va Z.Salimovlar sud zalidan ozod qilindi.

Toʻgʻri, viloyat sudi ham sudlanuvchilarni butunlay oqlamadi, faqat shahar sudi tayinlagan jazoni yengillashtirib, qamoq jazolarini ozodlikdan cheklash jazosiga almashtirdi.

Shunday boʻlsa-da, sudlanuvchilarning ozod boʻlishini uzoq kutgan ularning yaqinlari, qarindoshlari, oila aʼzolari uchun jigargoʻshalarining ozodlikka chiqishlari bayram boʻlib ketdi.

Diqqatga sazovor joyi shundaki, yigʻilgan yuzlab insonlar ozodlikka chiqqan yaqinlari qatori sud ishida faol qatnashib, bu ishni muntazam ravishda kuzatib borgan jurnalistlarni ham tabriklashib, ularni ham qarsaklar bilan olqishlashdi.

– Avvalo, jurnalistlarning gʻalabasi, OAV xodimlarining aralashuvi bilangina sud adolatli qaror chiqardi, – deyishdi toʻplanganlar.

Bugun ozodlikka chiqqanlar ham jurnalistlarga oʻzlarining minnatdorliklarini bildirishdi.
– Ichkarida sizlarning gʻayrat-shijoatlaringizni sezib turdik, – deyishdi ular. – Biz sizlar adolatsizlik boʻlishiga yoʻl qoʻymasliklaringizga ishondik.

Sud ishini mustaqil jurnalistlar, “Kun.uz”, “Daryo.uz” saytlari muxbirlari, shuningdek, “Mening Samarqandim” telekanali, “Mening yurtim” va “Sevimli tv” telekanallari muntazam ravishda kuzatib borishdi va sud jarayoni boshidan oxirigacha videotasvirga olib borildi.

Tez kunlar ichida “Mening Samarqandim” telekanali “Sadinovlar ishi” nomli hujjatli filmni namoyish qilishni rejalashtirgan.
Prezidentimiz sudlardan odil sudlovlarni talab etayotgani, sudlar ochiq, shaffof tarzda oʻtayotgani, jurnalistlarga audio, foto, video uskunalarni ishlatishga bemalol ruxsat berilayotgani ham sudlarning adolat bilan qaror qabul qilishida muhim rol oʻynamoqda.

Ana shunday odilona sudlovlar boʻlar ekan, xalqning sud, huquq tizimi xodimlariga, davlatga, rahbarlarimizga ishonchlari ortib boraveradi.
Umid qilamizki, bundan keyin doimo adolat tantana qiladi, nohaqliklar barham topadi.

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Sadinovlar ishi”: maxsus maktab-internati direktori sud zalidan ozod qilindi (foto)