19:33 / 06.03.2019
9 492

Gulnora Karimova qamoqqa qaytarildi. U qancha vaqt koloniyada boʻladi?

Gulnora Karimova qamoqqa qaytarildi. U qancha vaqt koloniyada boʻladi?
Oʻzbekistonning birinchi prezidenti Islom Karimovaning katta qizi Gulnora Karimova 5 mart kuni uy qamogʻidan umumiy rejimdagi koloniyaga oʻtkazildi.

Bosh prokuratura maʼlumotiga koʻra, Gulnora Karimova jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pullarni hamda davlatga yetkazilgan zararni qaytarish majburiyatini oʻz zimmasiga olgach, unga 2017 yil dekabrida belgilangan 10 yilga ozodlikdan mahrum etish jazosi 5 yilga ozodlikni cheklash jazosiga (uy qamogʻiga) almashtirilgandi.

Lekin uy qamogʻida oʻtirgan Gulnora Karimova Oʻzbekistonga yetkazilgan zararni qoplashga faol qarshilik qilgan. U shuningdek turar-joyni tark etmaslik, aloqa va internet vositalaridan foydalanmaslik kabi cheklovlarni ham qoʻpollik bilan buzgan. Xususan, u 2018 yilning 22 noyabr kuni yashash joyidan oʻzboshimchalik bilan chiqib ketganida jazoni oʻtash tartibi va shartlarini buzmaslik haqida ogohlantirilgandi.

“IIV Jazoni oʻtash bosh boshqarmasi huzuridagi Probatsiya xizmati taqdimnomasi asosida jazoni oʻtash talabi va shartlarini qoʻpol ravishda buzgani sababli jinoyat ishlari boʻyicha Yashnobod tumani sudi tomonidan G.Karimovaga nisbatan tayinlangan jazoning qolgan qismini jinoyat-ijro qonunchiligiga muvofiq umumiy rejimdagi koloniyada oʻtash jazosiga almashtirish toʻgʻrisida ajrim chiqarildi”, – deyiladi Bosh prokuratura tarqatgan xabarda.

Qayd etish kerakki, Gulnora Karimova ishi uning qizi Imon Karimova 5 mart kuni oʻzining “Instagram”dagi sahifasida ularning Toshkentdagi kvartirasiga prokuratura xodimlari bostirib kirib, dastlab onasiga tahdid qilishgani, soʻng uni nomaʼlum tomonga olib ketishganini aytganidan soʻng yana koʻtarildi.

Skrinshot: Foto: Instagram / @iman.k17
“Ayni paytda u qayerda ekanligini va unga nima qilganligini hech kim bilmaydi, ammo Shveysariyadagi advokatlar va prokurorlar xabardor qilingan va ular choralar koʻrmoqda”, — deb yozdi Imon.

Karimovaning Jenevadagi advokati Greguar Manja oʻz tvitterida nufuzli nashrlarga murojaat qilib, holatga eʼtibor qaratishni soʻragan.

Skrinshot: Foto: Twitter / @GregoireMangeat
Imon Karimova avval ham bir necha marta ijtimoiy tarmoqda onasi haqida maʼlumot bergan, bir safar onasi bilan tushgan selfisini joylashtirgan, boshqa safar onasi oshxonada chuchvara pishirayotgani aks etgan animatsion suratni tarqatgandi.

Fevral oyida ham Karimovaning oʻgʻli Islom “Instagram”da tergovchilar onasiga bosim oʻtkazayotgani, unga tibbiy yordamlar koʻrsatilmayotgani haqida yozgandi.

Bosh prokuratura ikki holatda ham daʼvolarni rad etib Gulnora Karimova tayinlangan jazoni belgilangan tartibda oʻtayotganini maʼlum qilgandi.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Imon Karimovaning oxirgi posti yuzasidan ham izoh berib, bu bayonot haqiqatga zid ekanini, joylashtirilgan fotosuratlar esa eskiligi maʼlum qilgan. Shundan bir necha soat oʻtib esa bosh prokuratura Gulnora Karimova umumiy tartibli koloniyaga oʻtkazilganini maʼlum qildi.

2013 yilda Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotidan chekingan Gulnora Karimova faqat ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlari bilan maʼlum edi, 2014 yildan keyin esa u umuman omma koʻz oʻngidan gʻoyib boʻladi. 2016 yilning kuzida otasi Islom Karimov vafot etganida ham u dafn marosimida koʻrinish bermaydi.

2017 yilning yozida Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimova ishi boʻyicha maʼlumot bergan, unga koʻra Gulnora Karimova 2015 yilning avgustida, yaʼni birinchi prezident Islom Karimov davrida qator moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgani va unga 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangani maʼlum boʻlgandi.

Gulnora Karimova tomonidan davlatga va xalqqa yetkazilgan zarar: uni nimalarga ishlatish mumkin edi?

Keyinroq Gulnora Karimovaga nisbatan firibgarlik, xorijiy valyutani yashirish, bojxona qonunchiligini buzilishi boʻyicha yana bir jinoiy ish qoʻzgʻatilgani maʼlum qilindi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2017 yil 18 dekabrdagi hukmi bilan unga 10 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Oʻzbekistonning yangi hukumati insonparvarlik nuqtai nazaridan hamda mahkuma jinoiy yoʻl bilan orttirilgan pul mablagʻlarini qaytarish va davlatga yetkazilgan zararni qoplash majburiyatlarini oʻz zimmasiga olganini eʼtiborga olgan holda Gulnora Karimovaga imkon berdi va jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyati sudining 2018 yil 1 iyuldagi ajrimi bilan Karimovaga tayinlangan jazo 5 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.

Keyingi vaqtlarda Gulnora Karimova oʻz qizi Imon bilan bir uyda yashab keldi, Imon ham ijtimoiy tarmoqdagi chiqishlarida onasi muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilinganidan keyin, 2018 yil iyuni oxiridan buyon Toshkent shahri hududidagi xonadonda yashayotganini tasdiqlagandi.

Biroq Gulnora Karimova qonunlarni buzishda davom etdi va oʻziga berilgan imkonni yoʻqotdi. U oʻtgan davrda boʻlgani kabi qonunlarni mensimaslikni oddiy holatdek bilib, cheklovlarni buzdi.

Natijada, jazoni oʻtash tartibi va shartlarini qasddan buzgan Gulnora Karimova endi unga nisbatan tayinlangan jazoning oʻtalmay qolgan muddatini - 4 yildan ortiqroq muddatni umumiy tartibli koloniyada oʻtaydi.

Oʻzbekiston Bosh prokuraturasi Gulnora Karimovani trillionlab soʻm daromadni soliqdan yashirganlik, oʻzgalarning trillionlab soʻmlik mulkini tovlamachilik bilan tortib olish va qariyb 2 milliard AQSH dollarini xorijda berkitish kabi jinoyatlarda ayblangan.

Tergov maʼlumotlariga koʻra, Karimova jinoiy sheriklari yordamida 12ta xorijiy mamlakatda 1,3 milliard AQSH dollar, 63,5 million yevro, 27,1 million funt va 18,5 million frank miqdorida aktivlarni qonuniylashtirgan.

Shveysariya 2012 yili Jeneva va Syurixdagi banklarda Gulnora Karimovaga qarashli ekani gumonlanaëtgan 800 million frankni muzlatib qoʻygan. Shveysariya prokuraturasi bu pulning 686,7 millionini musodara qilish va Oʻzbekistonga qaytarish toʻgʻrisida qaror chiqargan. Biroq hozircha bu pullarning Oʻzbekistonga qaytarilish muddati aniq emas.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimova qamoqqa qaytarildi. U qancha vaqt koloniyada boʻladi?