23:15 / 07.03.2019
5 902

Korrupsiyaga qarshi qanday kurashgan maʼqul?

Korrupsiyaga qarshi qanday kurashgan maʼqul?
Oʻz mansab yoki xizmat mavqeini suiisteʼmol qilish, undan shaxsiy yoki oʻzgalar manfaatlarini koʻzlab moddiy yoxud nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanish jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.

Anglaganingizdek, gap korrupsiya haqida ketmoqda. Bugun jamiyatimizda ushbu illatga qarshi jiddiy kurashilyapti, uning oqibatlari ommaviy axborot vositalari orqali, turli uchrashuvlar, davra suhbatlari, tadbirlarda aholiga tushuntirilishiga qaramay, afsuski, korrupsiyaning keskin kamayishiga erishganimiz yoʻq.

Nega korrupsiya degan balodan qutulolmayapmiz? Bunga nima toʻsqinlik qilmoqda?
Muxbirimiz shu kabi savollarga javob topish maqsadida Huquqiy siyosat tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Baxshillo Xoʻjayev bilan suhbatlashdi.

— Bilamizki, korrupsiyada har doim kamida ikki tomon ishtirok etadi, — deydi suhbatdoshimiz. — Bunda, bir tomondan, noqonuniy yoʻl bilan oʻzi yoki uchinchi shaxs uchun boylik orttirayotgan mansabdor shaxs hamda boshqa tomondan mansabdor shaxsdan aktiv yoxud passiv usulda uning manfaatini koʻzlovchi qarorning qabul qilinishini kutayotgan shaxs. Korrupsiyani, soddaroq qilib, oʻz nafsi, manfaati yoʻlida qonunni ham chetlab oʻtish orqali gʻarazli maqsadi hamda biror narsaga erishish, deyish mumkin.

Bugungi kunda yurtimizda ushbu illatga qarshi kurashish davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlaridan biriga aylangan. Uning huquqiy asoslari, tashkiliy tuzilmasi va amalga oshirish strategiyasi ham aniq. Bu borada Oʻzbekistonning Birlashgan Millatlar Tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga qoʻshilishi islohotlarning dastlabki muhim qadami boʻldi.

Uni amalga oshirishning milliy mexanizmi sifatida “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Qonun, Prezidentimizning “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Bularning samarali ijrosi natijasida koʻplab jinoyatlar fosh etilmoqda, sodir qilinishi xavfi boʻlganlarining oldi olinmoqda. Buni har kuni ommaviy axborot vositalari orqali kuzatib boryapmiz. Bu yaxshi, albatta. Lekin shularning oʻzigina yetarli emas. Korrupsiyaga qarshi yanada faol kurashishimiz kerak. Mana shu bizning, barchamizning diqqat-eʼtiborimizda boʻlishi lozim.

— Nazarimizda, bu boradagi targʻibot ishlari kutilganidek samara bermayapti. Sizningcha, ushbu illatni keskin kamaytirish uchun nimalar qilish kerak?
— Toʻgʻri, targʻibot tadbirlari deyarli har kuni oʻtkaziladi, odamlarni ogohlikka chaqiramiz. Bu ishlarni yanada kuchaytirish zarur. Buning uchun respublikamizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida bir qator muhim yoʻnalishlarga alohida eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq, deb hisoblayman.

Birinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashishning preventiv choralari samaradorligiga erishish kerak. Yaʼni illatning oldini olishning nazariy poydevori — “taʼlim, xabardorlik va targʻibot” (education, awareness and advocacy) tamoyillariga asoslanib, amaliy tomondan esa “samaradorlik, shaffoflik va hisobdorlik” (effectiveness, transparency, accountability) tamoyillari asosida aniq davlat siyosatini ishlab chiqish lozim.

Bu borada davlat siyosati rivojlangan mamlakatlar, xususan, Singapur tajribasiga hamohang ravishda “one size fits all”, yaʼni “barcha uchun bir xil mezon” modeli asosida ishlab chiqilib, korrupsiyaga qarshi kurashishning aniq huquqiy mexanizmi, samarali institutsional tuzilmasi, moliyaviy va mehnat resurslari bilan doimiy taʼminlab turilishi, muntazam monitoring faoliyati hamda xolis va shaffof baholash tizimi ishlashi lozim.

Ikkinchidan, korrupsiyaga qarshi kurashish strategiyasida integratsiyalashgan yondashuvni qoʻllash yaxshi samara beradi. Bunda davlat organlarining fuqarolik jamiyatining barcha instituti bilan hamjihat faol harakatini taʼminlash nazarda tutiladi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda milliy tuzilmalarning xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligini yanada kuchaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor beriladi. Bu borada Oʻzbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida integratsiyaga erishishga toʻsqinlik qilayotgan omillardan biri — aniq statistika va maqbul dalillarga asoslangan maʼlumotga tayangan holda ish olib borish tizimining mavjud emasligi hisoblanadi.

Uchinchidan, jamiyatning har bir sohasida, xususan, tadbirkorlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash sohalarida korrupsiyaga qarshi kurashishni yanada kuchaytirish, u bilan bogʻliq ayrim xatti-harakatlarni kriminalizatsiyalash hamda xalqaro standartlarni toʻliq va toʻgʻri qoʻllash lozim. Bunda xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan “noqonuniy boylik orttirish”, “uchinchi shaxslarning moddiy manfaatlarini koʻzlab tamagirlik qilish” kabi harakatlarni kriminalizatsiyalash masalalarini koʻrib chiqish vaqti keldi.

— Korrupsiyaga qarshi kurashishga oid davlat dasturlarining ijrosini taʼminlashda qaysi omillarga eʼtiborni yanada oshirish lozim?
— Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha davlat dasturining ijrosi amalga oshirilishi lozim boʻlgan asosiy masalalardan biridir. Bunda, avvalo, monitoring jarayonida samarali huquqiy mexanizmning yetarli emasligi, davlat xizmatchilarining etika qoidalariga rioya qilish darajasining pastligi, davlat organlari faoliyati ochiqligi tamoyilining amalda nomigagina ishlayotganligi kabi masalalar hal etilishi lozim.

Va nihoyat, korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy tendensiyalaridan kelib chiqib, amalda real ishlaydigan strategiyani ishlab chiqish kerak. Zamonaviy tendensiyaga koʻra, korrupsiyaga qarshi kurashishni uch bosqichda amalga oshirish taklif etiladi.

Chunonchi, jamiyat aʼzolari faol ishtirokini kuchaytirish uchun maʼlumotlarni erkin olish imkoniyatini yaratish, ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda korrupsiya holatlari haqida axborot berish va oldini olish, korrupsiyaga oid muammolarni hal qilish va bartaraf etishda jamoatchilik ishtirokini taʼminlashning aniq tizimini amaliyotda qoʻllashdir.

Qolaversa, yurtimizda har bir sohada korrupsiyaga qarshi kurashishda sohaning xususiyatlaridan kelib chiqib yondashish, korrupsiya holatlari haqida xabar berishning yangi innovatsion usullarini ishlab chiqish hamda qoʻllash, korrupsiya holatlarini ekspertizadan oʻtkazish, monitoring qilish va baholashning real, hayotiy, xolis hamda shaffof indikatorlarini belgilash ham muhim. Bularning barchasi jamiyatda korrupsiya degan illatning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Rahim Sherqulov (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Korrupsiyaga qarshi qanday kurashgan maʼqul?