10:02 / 11.03.2019
14 192

Rayhon Ulasenova “Zirapcha” realiti shousi, rejali hayoti va farzandlari haqida (foto)

Rayhon Ulasenova “Zirapcha” realiti shousi, rejali hayoti va farzandlari haqida (foto)
Foto: Gʻayrat Ubaydullayev
“Daryo” nashri kino va teatr aktrisasi, taniqli teleboshlovchi Rayhon Ulasenova bilan suhbat uyushtirdi. Quyida Sizning eʼtiboringizga ushbu intervyuni toʻligʻicha havola qilamiz.

- “Sevimli” telekanalida namoyish etilayotgan “Zirapcha” realiti shousi koʻplab yurtdoshlarimizda katta qizigʻish uygʻotgani shubhasiz. Qanday omillar sabab ushbu loyiha direktoriga aylandingiz?
- “Zirapcha” teleloyihasi ustida ish olib borilayotganida “Oydin hayot”dan ajralmay, har ikkisida ham faoliyat yuritayotgandim. Loyiha rahbariyati roziligini olgach, soʻng “Zirapcha”da ishlashni boshladim. Avvaliga koʻp ikkilanishlar boʻldi. Negaki, yelkamda juda katta masʼuliyat bor edi. Ishtirokchilarning har biriga alohida eʼtibor, ragʻbat va mehr koʻrsatishda qiynalmasmikanman, deya oila aʼzolarim, yaqinlarim va ustozlarim bilan maslahatlashgan holda loyihaga astoydil yeng shimarib kirishdim. Qizlar qatorida oʻzimni ham sinovdan oʻtkazyapman (kuladi). Qoʻlimdan kelganicha topshirilgan vazifani uddalashga intilyapman. Biz “Zirapcha” orqali nafaqat oʻn ikki nafar qizni, balki ekran orqali tomosha qilayotgan koʻplab singillarimizning ham hayotida ijobiy tomonga burilishga hissa qoʻshishni maqsad qilganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda qoldirilayotgan izohlarga koʻz yugurtirganimda “Opa, bu loyihani tomosha qilib, oʻzimizga oyna tutgandek boʻldik. Biz xato ish qilayotgan ekanmiz. Hatto oʻz joniga qasd qilish darajasiga yetib kelgandik. Bu notoʻgʻri ish va gunohligini tushunib yetdik”, degan fikrlarni ham oʻqiyapman. Bu esa ijodiy jamoaning maqsadi ozmi-koʻpmi oʻz mevasini berayotganidan nishonadir.

- “Oydin hayot”ni ham aynan shu loyiha sabab tark etdingizmi?
- Asosiy sabab qilib, “Zirapcha”ni koʻrsata olmayman. Men va boshlovchilikdagi hamrohim Rixsitilla Abdullayevni tongda, toʻgʻridan-toʻgʻri efirga taklif qilishdi. Ammo biz, tigʻiz ish tartibimiz tufayli tongda tasvirga olish ishlariga kelolmasligimizni aytdik. Shundan soʻng, oʻrnimizga boshqa boshlovchilarni tanlashdi. Hattoki, yaqingacha boshlovchilik qilgan bu koʻrsatuvga oʻzim mehmon sifatida borib keldim va shundan soʻng koʻrsatuvdan boʻshash vaqti kelganini tushunib yetdim. Bugun bu loyihani yaxshi boshlovchilar olib borayapti. Tabiatan juda rashkchi insonligim bois koʻrsatuvni ulardan qizgʻandim ham (kuladi). Ammo sevimli jamoam bilan hali xayrlashganim yoʻq.

Foto: Gʻayrat Ubaydullayev

- Ishtirokchilar qanday shart va talablar asosida tanlab olindi?
- Hayot yoʻllarida turli vaziyatlarga duch kelgan, oʻzi va atrofidagilarga nisbatan ishonchini yoʻqotgan, oilasida ogʻir muhitni koʻrib, hayotdan koʻngli qolgan, ayollik latofati, nafosatini yoʻqotgan, yuragida alami – zirapchasi boʻlgan qizlarni tanlab olganmiz. Psixologlarimiz loyihada ishtirok etishni istagan ikki mingdan ziyod qizlarning anketalarini oʻrganib chiqishdi va ular orasidan psixologik trening yuklamalaridan oʻtganlarini saralab oldik. Koʻp yurtdoshlarimiz “Zirapcha”dagi qizlarni aktrisa deb oʻylashlaridan ham xabardormiz. Lekin bunday emas. Ishtirokchilar haqiqatdan oʻzgarishga muhtoj nozik hilqat vakillaridir. Ular bilan shartnomalar imzolanib, qasamyod ham qabul qilingan.

- Qizlarning qay birini oʻzingizning yoshligingizga oʻxshatdingiz?
- Saodatni ilk koʻrganimdayoq, oʻziga “Mening yoshligimga oʻxshaysiz” deganman. Oʻxshash jihatlarimiz koʻp.

- 1-mavsum qatnashchilaridan ayrimlari loyiha toʻgʻrisida turli fikrlar bildirib, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari oʻrtasida muhokamalarni keltirib chiqarishdi. Ular realiti shouda rol oʻynab berganliklari, qirq kun davomidagi vaqtlari zoye ketganligini ochiq-oydin taʼkidlashdi. Sizning bunga munosabatingiz qanday?
- Toʻgʻrisini aytsam, bundan bexabarman. Siz nazarda tutgan qizlarimiz oʻzgarishga harakat qilishmagan boʻlsa, demak ular shunchaki rol oʻynab berish bilan kifoyalanishibdi xolos. Oʻzgarmoqchi boʻlgan va buni istagan qatnashchilar albatta, oʻzgardi va yaxshi natijalarga erishib, oxirgi finalgacha yetib kelishdi. Buni hamma koʻrib, bilib turibdi.

Foto: Gʻayrat Ubaydullayev

- Salkam 20 yildan buyon “Ilhom” teatrida faoliyat yuritasiz. Biroq xalqimiz sizni teleboshlovchi va aktrisa sifatida yaxshi taniydi. Nazarimda, ibratxona siz uchun ikkinchi darajalidek...
- Balki teatrimizda barcha sahna asarlari rus tilida qoʻyilganligi va tomoshabinlar ham rusiyzabon boʻlganligi bois bu dargohni koʻpchilik bilmasa kerak. Ammo oʻziga yarasha muxlislari bor va har bir spektaklda zal toʻladi. Toʻgʻri, meni teatr aktrisasi ekanligimni aksariyat oʻzbek tomoshabinlari bilishmaydi. Biroq ular ham ikkinchi uyimga tashrif buyurishsa, Rayhon Ulasenovani oʻzlari uchun qayta kashf qilishlari shubhasiz (kuladi). Bu gapni bekorga aytganim yoʻq. Bir safar mahoratli kinorejissyor Hilol Nasimovni teatrimizga spektakl koʻrgani taklif qilsam, ular tomosha tugagach, “Ochigʻi, sizni bu darajada katta ampuladagi aktrisa, deya sira oʻylamagandim. Spektaklni koʻrib esa qirralaringiz koʻpligini bildim va oʻzim uchun qaytadan kashf etdim”, degandi. Oʻshanda ijodiy mahoratimni muntazam charxlab turuvchi teatrning aktyori ekanligimdan yana bir bor faxrlanganman.

- “Aldangan ayol” filmigacha oʻnlab kino va seriallarda turli janrdagi rollarni talqin qilgan boʻlsangiz-da, biroq Mohira roli orqali xalqqa yanada tanildingiz. Ungacha aktrisa sifatida omadingiz chopmaganini rejissyorlarning xatosi deb bilasizmi yoki rol tanlashdagi taktikangizga bogʻliqmi?
- Menga ilk mashhurlikni aynan biror rolim emas, balki “Oltin toj” koʻrsatuvi olib kelgan. Shu tufayli koʻp ijodkorlar meni boshlovchi sifatida tanishgan. Vaqt oʻtib, aktrisalik mahoratim rejissyorlar nazariga tushgach, kinolarga taklif eta boshlashdi. Lekin oilaviy sharoit, ssenariy maʼqul kelmaganligi yoki syomka jarayonlarining oilamdan uzoq joylarda oylab davom etishiga yaqinlarim rozi boʻlmaganligi uchun oʻnlab ssenariylarga rad javobini berishimga toʻgʻri kelgan. Ammo oradan yillar oʻtgach, “Aldangan ayol” filmi aktrisa sifatida tan olinishimga sabab boʻldi va bu mening tashrif qogʻozimga aylandi, desam sira yanglishmayman.

Foto: Gʻayrat Ubaydullayev

- Mazkur filmning suratga olish paytida partnyoringiz Hilol Nasimov sizni doʻpposlagani qanchalik haqiqat?
- Buni inkor etolmayman. Oʻsha kadrda mening ortimda turgan rus millatiga mansub qiz oyogʻimdan toydirib, tiz choʻkdirishi kerak edi. Keyin Hilol akaning doʻpposlaydigan sahnasi bor. Oʻshanda Hilol aka bilan tortishuv sahnasida u qiz bizning janjalimizga hayron boʻlib, turtish harakatini unutib qoʻyadi. Yana bu vazifa Hilol akaning zimmasiga tushadi (kuladi). Bilasizmi, oʻsha kaltak zarbidan esankirab, yerga yiqilganman.

- Onalik va bekalik vazifalari, teatr, kino, televideniye, toʻylar... Barchasiga ulgurishga qanday vaqt topasiz?
- Bolaligimizdan dadam reja asosida ish qilishga odatlantirganlar. “Sizlar mol-mulk, pulni emas, vaqtni qadrlanglar. Barcha narsa topilishi mumkin, ammo vaqt topilmaydi”, deya koʻp takrorlardi. Shu fikrlar haligacha biz farzandlar qulogʻida jaranglab turadi. Bilasiz, ukam Jahongir, singillarim Oyxon va Zulayho ham ijoddan tashqari, oilasiga yetarlicha vaqt ajratib, farzandlarini aylantirishga ulguradi. Bir-birimiznikiga mehmonga borishga ham vaqt topamiz. Demak bularning barchasi asosida reja turibdi. Agar har bir inson chin dildan istasa, koʻp narsaning uddasidan chiqishi mumkin. Faqat buning uchun puxta ishlangan kun tartibi boʻlishi kerak. Odatda vaqt oʻtib ketyapti, deb koʻp aytamiz. Aslida esa vaqt emas, umrimiz oʻtib bormoqda.

Foto: Gʻayrat Ubaydullayev

- Bugun aktyor yoki xonandalarning telekanallarda boshlovchi sifatida namoyon boʻlayotganiga qanday qaraysiz?
- Bizning soha boʻyicha maxsus bilimga ega boʻlmay turib, boshlovchilik qilayotganlarga biroz eʼtirozim bor. Masalan, filmlar syomkasida shifokor rolini oʻynashimiz mumkin. Lekin hayotda jarrohlik stoli oldiga borib, bemorlarga tigʻ tutolmaymiz yoki ukol qilolmaymiz. Chunki bizning tibbiyot sohasida yetarlicha bilim va uquvimiz yoʻq. Shunday ekan, boshlovchilikka qiziqishi borlar yillab oliy dargohda oʻqimasa-da, qisqa muddatli kurslarda ustozlar sabogʻini olishlarini va boshlovchilikka uquv bilan yondashishlarini istardim.

- Farzandlaringizning sanʼatga qiziqishi qanday?
- Kichkintoyim Maryamni tayyor aktrisa desam boʻlaveradi (kuladi). Raqs toʻgaragiga qatnagani bois turli harakatlari bilan barchamizni qoyil qoldiradi. Katta qizim Mohinur juda ogʻir-bosiq va muloyim. Musiqa maktabida skripka va fortepiano boʻyicha dars mashgʻulotlariga qatnaydi. Vokalga ham qiziqishi kuchli. Oʻgʻlimni “Ilhom”ning qoshidagi mahorat darslariga olib borganimda, ustozlari unda mahorat kuchliligi, ammo sanʼatga nisbatan ishtiyoqi yoʻqligini taʼkidlashgan. Azizbek teatrdagi spektakllarda bir yilga yaqin vaqt davomida rollar oʻynadi. Lekin oxiri biznes sohasidan ketishni maqsad qilib, bu boradagi bilimlarini mustahkamlamoqda. Matematika, ingliz tili va sportga qiziqadi.

- Suhbat uchun oʻz minnatdorchiligimizni bildirib qolamiz!
Mirolim Isajonov suhbatlashdi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Rayhon Ulasenova “Zirapcha” realiti shousi, rejali hayoti va farzandlari haqida (foto)