22:03 / 11.03.2019
4 952

Endi viloyatlarda ham muz saroylari quriladi

Endi viloyatlarda ham muz saroylari quriladi
OʻzEOAVMA Media xollida “Humo Arena” muz saroyining ochilishiga bagʻishlangan media-ivent boʻlib oʻtdi, deb xabar berdi OʻzEOAVMA matbuot xizmati.
Media-ivent doirasida jurnalistlarning savollariga Jismoniy tarbiya va sport vaziri Dilmurod Nabiyev, Oʻzbekiston xokkey federatsiyasi vitse-prezidenti Bahodir Gʻofurov, “Humo Arena” muz saroyi tantanali ochilishi marosimi tashkilotchisi Madina Tursunova, “Humo Arena” muz saroyi majmuasi qurilishi direksiyasi rahbari Rustam Haydarov, “Enter Engineering pte ltd.” kompaniyasi ijrochi direktori Shohruhmirzo Sattorov kabi rasmiylar javob berishdi.

Spikerlar ishtirokchilarga muz saroyining ahamiyati va texnologik imkoniyatlari, uning ommaviy va professional sport turlarini rivojlantirishdagi oʻrni hamda “Humo Arena” muz saroyi majmuasining tantanali ochilishi bilan bogʻliq ayrim jihatlari haqida gapirib berishdi.

Qayd etish kerak, 15 martga belgilangan majmuaning ochilish marosimiga 6 ming kishi taklif etilgan. Ular uchun oʻzida sport va sanʼatni mujassamlashtirgan juda qiziqarli va tomoshabop dasturlar tayyorlangan. Zamonaviy texnologiyalardan foydalangan holda tayyorlangan 3D mepping va animatsiyalar ham tomoshabinlarni xursand qilishi shubhasiz.

Tadbirlarda milliy va xorijiy OAV vakillari ishtirok etadi. Tantanali ochilish marosimini yoritish uchun Markaziy Osiyo, Rossiya va Yevropa davlatlaridan 200 ga yaqin jurnalist taklif etilgan.

Taʼkidlash joiz, “Humo Arena” koʻp tarmoqli muz saroyining qurilishi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning tashabbusiga koʻra ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlgan yirik inshoot barpo etish, Oʻzbekistonda sportning qishki va boshqa turlarini rivojlantirish, sportni va sogʻlom turmush tarzini ommaviylashtirish maqsadida bunyod etilgan.

Majmua qurilishi 2017 yil fevral oyida boshlangan. Shisha va metalldan ishlangan majmua oʻzida zamonaviy xay-tek uslubini mujassamlashtirgan. Majmua qurilishida “aqlli” va energiya tejovchi yashil texnologiyalardan keng foydalanilgan. Yangi muz saroyi oʻzida zamonaviy meʼmorchilik yechimlari, ilgʻor texnologiyalar hamda milliy meʼmorchilik sanʼati anʼanalarini mujassam etgan.

Loyiha mualliflari mazkur majmuani yaratishda oʻzbek xalqida sevgi, baxt va hurlik ramzi boʻlgan Humo qushi obraziga murojaat etgan boʻlib, majmua hududidagi sayr yoʻlakchalari koʻrinishi ushbu afsonaviy qushning qanotlariga oʻxshatib barpo etilgan.

Majmua 9 gektarlik hududda joylashgan boʻlib, quyidagi obyektlarni oʻz ichiga olgan:
  • koʻp tarmoqli muz arenasi (12 500 oʻrinli);
  • kichik mashq arenasi (200 oʻrinli);
  • sport muzeyi, mashq zallari, fitnes-markaz, restoran, sport doʻkonlari;
  • avtomobillar uchun 5-qavatli toʻxtash joyi.

Asosiy va kichik uchish arenalarining oʻlchamlari Olimpiya standartlariga mos boʻlib (60×30 m), ularni KXL va MXL standartlariga (60x28, 60x26) ham aylantirish mumkin.

Asosiy arena 12 500 kishiga moʻljallangan boʻlib, undan xokkey uchrashuvlarini oʻtkazish uchun foydalaniladi. Zalda oʻrindiqlarni joylashuvini oʻzgartirish imkoniyati mavjud boʻlib, oʻtkaziladigan sport tadbiriga mos tarzda joylashtiriladi. Asosiy arenada shuningdek, basketbol, voleybol, gandbol, futzal uchrashuvlarini, boks, taekondo, short-trek, figurali uchish va kyorling musobaqalari hamda konsertlarni ham oʻtkazish mumkin. Arenaga konsert zali holatida 10 000 tomoshabin joylashishi mumkin.

Kichik arenaning sigʻimi 200 kishilik boʻlib, u xokkey uchun mashq arenasi vazifasini bajaradi, shuningdek xohlovchilar uchun ommaviy uchishlar tashkil etilishi koʻzda tutilgan.

Majmua hududida sport muzeyidan tashqari, mashq va fitnes zallari, yopiq bolalar maydonchasi, umumiy ovqatlanish nuqtalari, sport buyumlari doʻkonlari va boshqa obyektlar faoliyat koʻrsatadi.

Uning huzurida shuningdek, sport jamoalari va sport kiyimlari va buyumlari ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil etiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Endi viloyatlarda ham muz saroylari quriladi