23:44 / 11.03.2019
4 618

Oʻzbekistonda rahbarlar dunyoqarashi nega oʻzgarmayapti?

Oʻzbekistonda rahbarlar dunyoqarashi nega oʻzgarmayapti?
Insonga munosabat tarixdan millatga munosabat boʻlib kelgan. Podshohning millatiga boʻlgan munosabati juda koʻp narsani belgilab bergan. “Men podshohman, xalqim mening xizmatchim” deyishi va “Men podshohman, xalqning xizmatchisiman” deyishi ayri-ayri narsalar.

Mustaqillik davridan soʻng bu holatga birdaniga kelib qolinmagan. Xalq uchun xizmat qilishga harakat qilindi, asosiysi, mustaqillikka erishildi, xalq uchun nimalardir qilindi.

Sado berilsa-yu, lekin aks sado kelmasa, hafsala pir boʻladi. Mana shu nuqta, ayniqsa, rahbarlar hafsala pir boʻlish nuqtasi - juda dahshatli nuqta. Bunda aks sado berilmayotgan tomon ham, bir martada ruhan tushadigan rahbar ham aybdor.

Bugungi Oʻzbekistonda Shavkat Mirziyoyev hokimiyat tepasiga keldi. Xalqqa nisbatan “xalq mening xizmatchim emas, men xalqning xizmatchisiman, hukumat ham xalq xizmatchisi”, degan tamoyil qoʻyildi. Oʻtgan uch yil davomida bu narsa, eng avvalo, hukumat ishida ogʻir kechishi boshidan aytilgandi. Sababi, bugun hukumat aʼzolarining aksariyati 40-50 yoshdan oʻtgan, shaxs sifatida shakllanib ulgurgan, oʻziga berilgan vakolat, hurmat-izzatga oʻrganib qolgan tabiatni zumda “xalq xizmatchisi”, degan fitratga almashtirish juda ogʻir.

Natijada nima boʻldi?! Oʻyin boshlandi, koʻzboʻyamachilik boshlandi, ammo bu ularning foydasiga emas. Mirziyoyev prezident sifatida oʻz prinsipida oxirigacha turyapti. Yaʼni, bir masalani aytib, bir yil muddat beryapti, oʻzgarsa oʻzgardi, oʻzgarmasa yana shu masalani aytib, kim bu ishni amalga oshirmagan boʻlsa hammasidan voz kechyapti. Yoʻqotishdan qoʻrqmayapti. Hayotda insonning yoʻqotishdan qoʻrqmasligi dahshatli kuchdir.

Xoʻsh, shunday siyosiy iroda bor ekan, bugun jamiyat nega oʻzgarmayapti?! Oʻzgaryapti, lekin sekin-sekin, bosqichma-bosqich degan bahonalar bilan, ammo kutilganidek oʻzgarmayapti. Siyosiy islohotlar boʻlyapti, qonunlar almashyapti, lekin turmush tarzimiz almashmayapti. Nega? Sababi - tafakkur, dunyoqarash, ishga munosabat oʻzgarmayapti. Bugun jamiyatda odamlarni oʻzgartiramiz deyapmiz, lekin, avvalo, rahbarlar oʻzgarishi kerak.

Afsuski, hukumatdagi rahbarlar bugun boshqacha qarash, boshqacha ishlashni oʻrganmayapti. Nega? Bu yerda yana bir katta muammo paydo boʻladi. Bu psixologik muammoga ham oʻxshab ketadi.

Boshqaruv kadrlarimiz orasidagi eng katta muammo - xalqni, millatni koʻp narsani bilmaydi, deb oʻylashi. Bu boshqaruv organlaridagi eng katta xatolardan biri. Yaʼni, bu millat goʻyoki hech narsani bilmaydi. Haqiqatlar borligini bilmaydi.

Nega prezident Mirziyoyev kadrlardan voz kechishdan qoʻrqmayapti? Sababi - majburlamoqchi. Olib tashlayapti, ancha muddatdan keyin boshqa ish berib koʻryapti, kerak boʻlsa yana olib tashlayapti. Bu yerdagi eng katta maqsad - bilmaslikni oʻrgatish va xalq bilan hisoblashishni oʻrgatish. Biroq, muammo toʻliq hal boʻlmayapti. Sababi oʻrganishni istashmayapti. Ammo oʻrganishga majbur boʻlishadi.

Bugun millatni “ahmoq”, “oʻqimagan” deb oʻylamaslik kerak. Biz gʻorda tugʻilgan millat emasmiz. Azaldan buyuk millatmiz.

Xalq indamadi degani - bilmadi, degani emas. Millat sabr qildi degani - qoʻrqdi, degani emas. Prezident indamayotgani - prezident koʻrmayapti, degani emas. Vaqti-soati kelib hamma narsa joy-joyiga qoʻyiladi. Bu yerdagi masala shu.

Birinchisi - yoki hukumat aʼzolari aqlini yigʻishtirib, prezident aytgandek ishlaydi, ikkinchisi - xalq mana shu berilgan imkoniyatni qayta tarbiya boʻlishi uchun, ishga munosabatning oʻzgarishi uchun qaytadan imkoniyat oʻlaroq anglab yetadi.

Mansabdorlarni olaylik. Masʼul bir lavozimni egallagan shaxs shu nuqtaga qanday yetib keldi? Oʻzidan-oʻzi osmondan tushdimi? Yoʻq. Davlat uni oʻqitdi, chet elga amaliyotga joʻnatdi, akademiyalarda oʻqitdi. Yaʼni, tayyorlab-tayyorlab uni shu nuqtaga olib keldi. Nega olib keldi? Endi bu mana shu nuqtada turib, oʻziga oʻxshagan odamlarning hayotini oʻzgartirsin, deb olib keldi.

Ammo, aksariyat holatda mansabga oʻtirganidan keyin burnidan narini koʻrmayapti. Yana faqat oʻzim boʻlay, deb asosiy maqsadni esdan chiqaryapti. Asosiy vazifa - xalqqa xizmat qilish esdan chiqyapti. Bu gʻorga kirib, boshqa odamlarni olib chiqishni istamayapti. “Men gʻordan chiqdim, bir oʻzim dunyoni aylanishim kerak”, - mana shu tafakkurda yuribdi.

Bundan voz kechishimiz kerak. Sababi vaqtimiz juda ham oz.

Bugun bir-birini quchoqlagan, dastak boʻlgan, bir-birini eshitgan, gaplashgan, tushunishga harakat qilgan millatgina omon qoladi. Bir-biriga jahl qilish, qoʻllab-quvvatlamaslik, “oʻzim boʻlay” deyishning oxiri yaxshi boʻlmaydi.

Davlatni “menga nima” degan qarash tanazzulga olib keladi. Agar mazlum zolimning zulmi ostida qolayotgan bir paytda, hokimlar yoki amaldorlar “menga nima” deb qarasa - u tanazzulga mahkum davlatdir. Qozixonalarda adolatsizlik boʻlsa-yu vazirlar bunga “menga nima”, deb qarasa - mana shu tanazzulga olib keladi.

Bugun yurtning egasi “menga nima” degan tafakkurdan tashqari. U xalqi uchun, millati uchun harakat qilyapti, tinmayapti. Ammo, atrofida, hukumatda bir-ikki “menga nima”chilar mavjud. Shunga qaramay, u tinib-tinchimayapti.

Biz bugun “menga nima” degan tafakkurdan voz kechsak, ertamiz yorugʻ boʻladi.
Said-Abdulaziz Yusupov

Manba: Kun.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Oʻzbekistonda rahbarlar dunyoqarashi nega oʻzgarmayapti?