15:01 / 12.03.2019
4 936

Prokuratura xodimiga 10 ming dollar pora bergan shaxs ushlandi

Prokuratura xodimiga 10 ming dollar pora bergan shaxs ushlandi
Paxtachi tuman prokuraturasi (Samarqand viloyati) tomonidan tuman IIB qoʻriqlash boʻlimi xodimiga faol qarshilik koʻrsatgan bir guruh shaxslarga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari oʻtkazish davomida, 08.03.2019 yilda fuqaro X.M. tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ish oʻrganuvchi D.B.ning xizmat xonasiga kelib, ayblanuvchilar uning qarindoshi ekanligini maʼlum qilib, ularga nisbatan ayblovni yengillashtirish evaziga 5 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilgan.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar berishicha, tergovchi lavozimida ish oʻrganuvchi D.B.ning bildirgisi asosida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro X.M. tuman hududida joylashgan “Kim-Ping” nomli restoranda 5 ming AQSH dollarini D.B.ga pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan X.M.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, 09.03.2019 yilda Namangan viloyat prokuraturasi katta tergovchisi Sh.J. viloyat prokurori nomiga bildirgi bilan murojaat qilib, “MQ” MCHJ, “NQ” DUK va “SM” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi boʻyicha “WPS” MCHJ rahbari R.E. barcha jinoiy harakatlar uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishini maʼlum qilib, ishga aloqador boshqa shaxslarni javobgarlikka tortmaslik evaziga 10 ming AQSH dollari miqdorida pora taklif qilganligini bildirgan.

Ushbu bildirgi asosida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 10.03.2019 yilda R.E. tergovchi Sh.J.ning xizmat xonasida unga 10 ming AQSH dollarini pora tariqasida bergan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan R.E.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Qayd etilishicha, oʻtgan 2018 yil davomida prokuratura organlarida kadrlar bilan ishlash tizimi tubdan takomillashtirilib, ichki xavfsizlikni taʼminlash, xodimlar tomonidan korrupsiyaviy holatlarga yoʻl qoʻymaslikka alohida eʼtibor qaratilib, bu borada muayyan natijalarga erishildi.

2017 yilda prokuratura organlari tizimida xizmat qiluvchi xodimlarga 20 ta holatda 4 ming 200 AQSH dollari hamda 15 mln 424 ming soʻm miqdorida pora taklif qilingan boʻlsa, 2018 yilda 98 ta holat qayd etilgan boʻlib, jami 57 ming 500 AQSH dollari hamda 48 mln 885 ming soʻm miqdorida pora taklif qilingan.

Ushbu holatlar yuzasidan 2017 yilda prokuratura xodimlariga pora taklif qilgan 16 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari, 4 nafar shaxsga nisbatan esa maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar qoʻzgʻatilib, jazo muqarrarligi taʼminlangan.

2018 yilda mazkur holatlar yuzasidan 82 nafar shaxsga nisbatan jinoyat ishlari, 16 nafar shaxsga nisbatan esa maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi ishlar qoʻzgʻatilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Prokuratura xodimiga 10 ming dollar pora bergan shaxs ushlandi