16:30 / 12.03.2019
3 768

Ibrohim Haqqul: Oʻzbek adabiyotidagi falsafasizlik, hirsga yetaklayotgan qoʻshiqchilik va oʻquvchi didi haqida

Ibrohim Haqqul: Oʻzbek adabiyotidagi falsafasizlik, hirsga yetaklayotgan qoʻshiqchilik va oʻquvchi didi haqida
Adabiyotshunos olim, filologiya fanlari doktori professor Ibrohim Haqqul bilan bugungi jamiyat va adabiyot haqida suhbatimiz ochiq va samimiy ruhda oʻtdi. Unda Ibrohim Haqqul nafaqat oʻzbek jamiyati va oʻzbek adabiyotidagi muammolar hamda illatlarni tanqid qildi, balki bu muammolardan qutulish borasida oʻzi toʻgʻri deb bilgan fikrlarni ham oʻrtaga tashladi deb yozadi Kun.uz nashri.

— Ustoz, Yevropa, umuman jahon adabiyotidagi barcha katta asarlarda maʼlum falsafa yotganini koʻramiz. Qaysi yozuvchi va qaysi asarlarni nazarda tutayotganimni sezyapsiz. Ayting-chi, shu maʼnoda oʻzbek adabiyotining falsafiy asoslari nimalardan iborat, umuman oʻzbek adabiyotining yakdil bir falsafasi bormi?
— Mumtoz adabiyotimiz Navoiy, Boburlar davrida adabiyotning falsafasi aniq boʻlgan. U paytning ijodkorlari nimaga suyanib, nimani targʻib-tashviq qilishni juda yaxshi bilgan. Lekin shoʻro zamonidan keyin hammasi agʻdar-toʻntar boʻlib ketdi. Bu zamonda yaratilgan adabiyotni falsafasi siyosat va mafkura boʻlgan, kommunistik mafkura. Bu mafkura va siyosat to mustaqillik davrigachayam keldi, lekin undan keyin adabiyotni falsafasi yangilangani yoʻq.

Chunki uni yangilaydigan ijodkor yoʻq. Baʼzi narsalar oʻzgartirildi, baʼzi narsalarga boshqacha toʻn kiygizildi va bu gumanizm deyildi, falon deyildi, lekin katta falsafa yoʻq.

Shunga harakatlar boʻlgan. Masalan, bu yoʻlda Nazar Eshonqul katta ishlar qilgan. Afsuski, mana shunday yozuvchimiz bor, lekin “oqar suvni qadri yoʻq”. Uni yoshlar bilan uchrashtirishadimi, yoʻqmi — bilmayman.

Adabiyot falsafasini anglab ishlashga intilishni Xurshid Doʻstmuhammadda ham koʻrish mumkin. Ammo yuqorida aytganimdek, hali tom maʼnodagi yangi falsafa yoʻq.

Buni yaratish kerak. Buning uchun katta yozuvchi va shoirlarimiz yigʻilib fikr almashishlari lozim va albatta, adabiyotni kuchini qaysi nuqtayi nazardan koʻrsatish kerakligini tushunishlari lozim.

Falsafasiz adabiyot parokanda boʻladi. Shuni ham aytishim kerakki, bizni yozuvchilar ichida avom darajasida fikrlovchilari koʻp, ularga falsafa kerak emas. Falsafani bilgan taqdirda ham unga suyanib yaxshi asar yarata olishmaydi.

Bu ishlar bilan Yozuvchilar uyushmasi shugʻullansa, toʻgʻri boʻladi, nazarimda. Qaniydi, Asqad Muxtorga oʻxshash yozuvchilar boʻlganda, bugun bu masalalar haqida erkin fikrlashilardi.

Yana bir narsani aytib qoʻyay, oʻzini tarixi, dini, sanʼatini bilmay turib adabiyotda falsafa yarataman deyish yoki adabiyot falsafasi haqida fikr bildirish bu kulgili.

— Xuddi shu maʼnoda bugungi oʻzbek adabiyoti Islomdan qanchalik suv ichyapti?
— Bu jiddiy savol va katta mulohaza talab qiladi. Sovet davridagi adabiyotimiz qariyb bir asr davomida Islomdan deyarli suv ichmadi. Shuning uchun u adabiyot – dindan ajralgan adabiyot, dahriylikka tayangan adabiyot.

Uni ayblash yoki qoralash emas, bu holat nega shunday boʻlganini tushunish va tushuntirish kerak. Va adabiyot dindan ajralganda insoniyat nima fojialarga yoʻliqishi va dindan ajralgan adabiyotning odamlarni tarbiyalashda naqadar qoʻli qisqa, tili qisqa boʻlishini aytish kerak.

Mustaqillikdan keyingi adabiyotda Islomdan suv ichishga oʻxshash harakatlar boʻlayapti. Ammo ularni koʻpchiligini men samimiy deb bilmayman. Sababi, diniy mavzularda yozilayotgan sheʼr, doston va asarlarda qandaydir iddaoparastlik bor. Yozuvchining qon-u jonida boʻlmagan, tashqaridan olib kirilgan ish bilan muvaffaqiyatga erishib boʻlmaydi.

Men Robindranat Tagorning bir gapini doim yodimda saqlayman: “Yozuvchining dini boshqa boʻladi”. Yaʼni hamma bilgan umumiy din bilan uni aloqasi bor lekin uni Olloh bilan, diniy mohiyat bilan bogʻlanishi boshqacha boʻladi. U dinga, Islomga yuksakdan qarab, hamma masalalarni oʻzicha hal qilgan va qolganlarga namuna boʻladigan yozuvchimiz hali bizda yoʻq. Bu kelajakda boʻladigan ish deb oʻylayman.

— Suhbatlardan birida adabiyotdagi pirsizlik, ustozsizlikni salbiy tomonlari haqida fikr bildirgan va bugungi oʻzbek adabiyotida ham bu jarayon davom etayotganligini tanqid ostiga olgan edingiz.
Agar shunday boʻlsa, oʻzbek adabiyotidagi pirsizlik davri qachondan boshlangan edi?

— Pirsizlik, ustozsizlik XIX asrlargacha kelgan. Ikkinchi jahon urushi, umuman 40 yillardan keyin bu masalaga nuqta qoʻyilgan.

Tasavvufda “pirsizni piri – shayton” degan gap bor. Pirsizlikni kasofati shundaki, nafsni hakalak ottiradi. Nafsga qarshi turolmaysiz. Ezgu gaplarni gapirasiz, kitobiy, oliyjanob tushunchalarni targʻib qilasiz, lekin ichingizdagi boʻgʻiqlik, baribir turaveradi. Koʻp aytamanki, bizni ulugʻ shoirlarimiz Abdulla Oripov, Rauf Parfi, Erkin akalarda murshid boʻlganda edi, nafsga qarshi tozalanganda edi, boshqa sanʼatkor boʻlar edi. Shunda ular tomonidan umrining oxirida pushaymonlik bilan yozilgan sheʼrlar boʻlmas edi.

Paygʻambarimizni bir hadislari bor: “Nafsini bilgan rabbini bilur”. Bu juda toʻgʻri gap. Aynan nafsini tanimagani va nafs haqida tasavvuri boʻlmagani uchun ham bugungi ijodkorlarning yozganlari odamlarning qalbiga taʼsir qilmayapti.

— Rus faylasuf adabiyotshunosi Baxtinni shunday fikri bor: “Qaysidir davr adabiyotini oʻrganishda oʻsha davr madaniyati koʻzi bilan ham qarash kerak”. Xoʻsh, agar shu tomondan yondashilsa, siz bugungi oʻzbek madaniyatini qanday baholaysiz?
— Oʻsha Baxtin “Ijodkor oʻzi yashagan davr va zamonning mahbusi”, — deydi. Lekin u nimaga mahbus? Siyosatgami, mafkuragami, sanʼatgami, haqiqatgami? Hamma gap ana shuni aniq belgilashda. Shu jihatni aniq belgilashga urindimi ijodkor oʻz-oʻzidan shaxs sifatida shakllanishga tushadi va bu sohada yaxshi natijalarga erisha boshlaydi. Xoʻsh, natija nima boʻladi? Natijani bir jihati hozir siz aytgan sanʼatdan, musiqadan, meʼmorchilikdan, xullas madaniyatdan u yaxshi xabardor boʻladi. Uni fikr qarashi keng miqyosda boʻladi, yaʼni u musiqa haqidayam oʻz fikrini erkin ayta oladi, sanʼat haqidagi fikrlarini bemalol oʻrtaga tashlay oladi va.h.k.

Ammo bugungi oʻzbek yozuvchisiga shu nuqtayi nazardan qarab koʻringchi, toʻgʻrisini aytish kerak aksariyatiga na meʼmorchilik, na musiqa va na boshqa sohalardan hatto ibtidoiy maʼlumot ham yoʻq. Shuning uchun uning ijodini keng miqyosda, madaniyat nuqtayi nazaridan tahlil qilolmaysiz. Yoʻq narsani qanday tahlil qilasiz?

Oʻzbek madaniyatining bir tarmogʻi qoʻshiqchilik deylik. Qoʻshiqchilikning bugungi ahvoli juda chatoq, uni tanazzul sifatida baholash mumkin. Qoʻshiqchilikdagi 2000 yildan keyingi qariyb 15 yillik davrni esa juda mashʼum davr deyish mumkin. Bunda qoʻshiqchilikdan mohiyat ketdi, hirs kirdi. Haqiqat shu darajada gʻariblashdiki, u toʻrtta yallachinikiga aylandi. Bugungi olomonchilik shu davrgacha boʻlgan olomonchilikdan-da yomon koʻrinishda namoyon boʻlmoqda. Bu esa tinglovchi saviyasini olomon saviyasiga tushirish uchun qoʻlidan kelgancha xizmat qilmoqda.

Hatto bugungi eng mashhur qoʻshiqchilar ijodi ham tinglovchini hirsiyatga, nafsoniyatga moyilligini kuchaytirib, ruhoniyatga boʻlgan ehtiyojini yoʻqotishga xizmat qilmoqda. Shuning uchun bugungi madaniyat masalasiga juda jiddiy qarash kerak.

Bugungi yozuvchida biz aytgan madaniyat tushunchasi istalgan darajada boʻlganda edi, ular beparvo boʻlishmagan, tanazzulga qarab ketayotgan yoʻldan qaytarishga urinishgan boʻlardi.

Yaxshi eslayman, 80 yillarda qoʻshiqchilik haqida qizgʻin bahs va tortishuvlar boʻlardi.
Afsuski, pul va manfaat bor joyda gap gapligicha qolmoqda.
Shuning uchun bu yerda asosiy gapni Madaniyat vazirligi, umuman, yoʻnalishga masʼul idoralar aytishi, oʻz vazifasini bajarishi kerak.

— Adabiyotning oʻrni sezilishi uchun uni baholaydigan va qadrini biladigan zakiy oʻquvchi ham boʻlishi kerak, albatta. Bugungi oʻquvchining adabiy estetik darajasini qanday baholaysiz, oʻquvchilar saviyasi adabiyotni baholashga yetarlimi? Deylik, adabiyot, xususan, sheʼriyatda kecha Rauf Parfi, Shavkat Rahmon, Aʼzam Oʻktamlarni tushungan, sevib oʻqigan avlod bugun katta boʻldi lekin yoshlar ularni tushunishga qiynalmayaptimikan?
Buning sababi baʼzi odamlarning, aytish mumkin boʻlsa, ijodkorlarimizning uzoq yillik qoʻshtirnoq ichidagi mehnatlari samarasimi? Badiiy did borasida fikringiz qanday?
— Qisqa qilib aytadigan boʻlsa, oʻquvchini did va saviyasi avval ham juda baland boʻlmagan. 80 yillarda ilgariga qarab siljish boʻldi, keyin yana pasayib qoldi. Bugun esa did va saviya uchun qaygʻuradigan Rauf Parfi, Shavkat Rahmonga oʻxshash ijodkorlarimiz yoʻq hisobi. Odamlar bunga koʻnikib bormoqda. Agar saviya uchun qaygʻurilsa, adabiy tanqid qaygʻurishi kerak, ammo adabiy tanqid yoʻq hisobi. Men koʻrmayapmanki, birodarlar, siz yozganlaringiz orqali oʻquvchini didini yerga qorishtiryapsizlar, deydigan odamni.

Ikkinchidan, Rauf Parfi, Shavkat Rahmondagi iztirob, oʻziga nisbatan talabchanligi oʻquvchini oʻqishga, didni yuksaltirishga majbur qilardi.

Agar menga bugun Shavkat Rahmon, Rauf Parfi, Tilak Joʻralar chiqadimi, yoki ularning chiqishiga ehtiyoj bormi, deb savol bersangiz men yoʻq degan boʻlardim. Ehtiyoj yoʻq.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Ibrohim Haqqul: Oʻzbek adabiyotidagi falsafasizlik, hirsga yetaklayotgan qoʻshiqchilik va oʻquvchi didi haqida