07:02 / 14.03.2019
7 316

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab OTMga qabul davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladi

2019/2020 oʻquv yilidan boshlab OTMga qabul davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladi
Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi prezident qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjatda qayd etilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Moliya vazirligi bilan birgalikda davlat hamda xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar ishtirokida:

oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish va ish beruvchilarning oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga boʻlgan davlat ehtiyojining parametrlari ishlab chiqilgan;

aniq yoʻnalish va mutaxassisliklar boʻyicha tayyorgarlikka ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalari bitiruvchilariga nisbatan istiqbolga moʻljallangan davlat buyurtmasi, hamda bitiruvchilarning mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashuvi yuzasidan olib borilgan monitoring natijalari asosida, davlat ehtiyojlari uchun 2019/2020 oʻquv yilida oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish parametrlari shakllantirilgan.

Belgilanishicha, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab:

oliy taʼlim muassasalariga qabul iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning maqsadli investitsion loyihalarni inobatga olgan holda Davlat ahamiyatiga ega boʻlgan sohalar uchun oliy maʼlumotli kadrlarga boʻlgan ehtiyojning Davlat buyurtmasi asosida;

qoʻshimcha qabul parametrlari oliy taʼlim muassasalari tomonidan mavjud quvvatlari va professor-oʻqituvchilari tarkibi hamda real bozor ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, mustaqil ravishda amalga oshiriladi.

Imtihon fanlari bloki va ketma-ketligining mosligini hisobga olgan holda, 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab abituriyentlarga bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy taʼlim muassasasi (taʼlim yoʻnalishi)ga hujjat topshirish huquqi berilishi mumkin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda abituriyentlarni bir vaqtning oʻzida bir nechta oliy taʼlim muassasasiga hujjat topshirish imkoniyatini beruvchi mexanizmni ishlab chiqib Vazirlar Mahkamasiga kiritilishini taʼminlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasi tasdiqlanadi.

Davlat komissiyasiga quyidagi huquqlar beriladi:

bakalavriat taʼlim yunalishlari va magistratura mutaxassisliklari boʻyicha oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirish chogʻida abituriyentlar toʻplagan ballarning reyting bahosini hisobga olgan holda oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga qabul qilish parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish;

bir vaqtning oʻzida ikki va undan ortiq oliy taʼlim muassasasi (taʼlim yoʻnalishi)ga hujjat topshirgan abituriyentlarni kirish test sinovlari natijasiga koʻra toʻplagan ballari tavsiya etishga yetarli boʻlgan oliy taʼlim muassasalariga taqsimlash;

yangi yoʻnalishlar va mutaxassisliklarni kiritish uchun bakalavriat hamda magistraturaning davlat buyurtmasi parametrlariga oʻzgartirishlar kiritish;

iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning, shu jumladan, respublikaning olis va borish qiyin boʻlgan tumanlarining mutaxassislarga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish uchun oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistraturasiga tegishli tarmoqlar va hududlar boʻyicha maqsadli qabul koʻrsatkichlarini belgilash.

Tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda tasarrufidagi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat va magistratura boʻyicha oʻrinlar kvotasini taʼlim tillariga qarab taqsimlashga oid takliflarni Davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi:

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda belgilangan davlat ehtiyoji parametrlaridan kelib chiqib, oliy taʼlim muassasalari tomonidan qoʻshimcha mustaqil belgilashlari mumkin boʻlgan qabul koʻrsatkichlarini aniqlab, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat komissiyasiga kiritilishini taʼminlaydi;

tasarrufida oliy taʼlim muassasalari boʻlgan vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda oliy taʼlim muassasalarining sirtqi va kechki boʻlimlariga qabul kvotalari yuzasidan, salohiyatli talabgorlarning bakalavriat taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha ehtiyojlarini hisobga olib asoslangan takliflarni, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan kelishilgan holda Davlat komissiyasiga kiritadi;

Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt tizimini bosqichma-bosqich joriy etish orqali oliy taʼlim muassasalarini oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtkazish, ularga moliyaviy masalalarda mustaqillik berish boʻyicha Hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, oʻrnatilgan tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab OTMga qabul davlat buyurtmasi asosida amalga oshiriladi