15:23 / 14.03.2019
4 015

G‘uzorda maktab buzib tashlandi: Kim kimdan norozi?

G‘uzorda maktab buzib tashlandi: Kim kimdan norozi?
Qashqadaryo viloyati Gʻuzor tumani “Xalqobod” qishlogʻida joylashgan 71-umumiy oʻrta taʼlim maktabining 50 nafarga yaqin bolalari tahsil olayotgan maktab filiali joriy yilning fevral oyida buzib tashlandi.

Maktabning boshlangʻich sinf oʻquvchilariga hozirda qarovsiz va “xaroba”ga aylangan uyda dars oʻtilmoqda.
Xoʻsh, nega? Aholining eʼtirozlari nechogʻlik toʻgʻri? Mazkur masala boʻyicha aniqroq maʼlumot olish uchun Gʻuzor tomon yoʻl oldik.

Qishloq maktabiga kiraverishda (agar bu uyni maktab deyishga til borsa) isiriqning oʻtkir hidi dimoqqa uriladi. Aniqlanishicha, hozirda maktabni “ijara uchun foydalanishga” bergan uy egasi isiriq tijoratini yoʻlga qoʻygan va xonalar hali toʻliq qurimagan hoʻl isiriq bilan toʻldirib tashlangan ekan.


Maktab nega buzilgan?
Xalqobod qishlogʻida joylashgan maktab filiali 1995 yilgacha qishloq vrachlik punkti vazifasini oʻtagan. 1995 yildan keyin maktab filiali sifatida faoliyat koʻrsata boshlagan.

- Maktab filiali atayin buzib tashlanmagan deydi, 71-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori Dilnura Berdimurodova. Biz ota-onalar bilan yigʻilish oʻtkazib ularni ogohlantirdik. Eski maktabni buzib, oʻrniga yangi maktab qurilishiga kelishib olindi. Qurilish ishlari yakuniga yetgunga qadar bolalarga hokimiyat va xalq taʼlimi boʻlimi xodimlari bilan birgalikda fuqaro istiqomat qilmaydigan uyga dars oʻtilishi uchun sharoit yaratib berdik.

- Maktabni hali buzmaylik deb “xudoni zorini qildik”, -deydi 2-“b” sinf oʻqituvchisi Dilfuza Otamurodova. Afsuski, fevral oyining yakuniga yetmay buzib tashlashdi. Endi esa taʼmirtalab boʻlib qolgan uyda dars oʻtayapmiz. Avvalgi maktabimiz eski boʻlsada, bu uydan ancha yaxshi, xonalari keng, yorugʻ edi.


Bolalar nima deydi?
Bu yil 1- sinfni qarshilagan Diyorbekning sira ham maktabga borgisi kelmaydi. Chunki u kabi maktab oʻquvchilariga dars oʻtilishi uchun sharoitlar qoniqarli emas.

Diyorbek va uning sinfdoshlari bilan tanaffus vaqtida suhbatlashishga harakat qilib koʻrdik. Bolalarning fikri salbiy. Ular bu maktabda tahsil olishni aslo istashmaydi.

Yangisi qurilmay eskisi buzilgan dargoh
Xalqobod, Yangiobod va Navroʻztepada istiqomat qiluvchi boshlangʻich sinfga qatnaydigan oʻquvchilar masofa uzoqligi, yoʻlning noqulayligi va boshqa bir qator sabablar tufayli shu filialda tahsil olishayotgandi, -deydi biz bilan suhbatda “Xalqobod” MFY raisi Meyli Rahimov. Afsuski, maktab loyihaga koʻra buzib tashlandi, deyishdi “yuqoridagilar”. Ammo ajratilgan yer maydonimi yoki aholining noroziligimi, xullas shu tufayli mana fevral oyida buzib tashlangan maktab qurilishi haligacha boshlangani yoʻq. Masala yuzasidan Gʻuzor tuman Xalq taʼlimi boʻlimi mudirasi Risolat Eshqobilova bilan bogʻlandik.


Tuman XTB mudirasi Risolat Eshqobilova:
Bu vaziyatdan xabarim bor. Toʻgʻri, maktab buzib tashlandi, ammo tez orada qurilish ishlari boshlanadi. Bir necha yildan buyon bu maktab bilan hech kimning ishi boʻlmagan. Bilasiz, shu kunga qadar taʼlimga eʼtibor yoʻq edi. Har doim maktablarni oʻzim borib oʻrganganman. Bu maktabning joyini ajratish boʻyicha ham ishlar olib borayapmiz. Siz koʻchani gapiga ishonmang-da, mana men bilan gaplashing. Maktabning quruvchisi ham aniq boʻldi, faqat ishni boshlab olishimiz kerak xolos.

Xalq taʼlimi xabardormi?
- Maktab filialining holati yaxshi boʻlmaganligi sababli 2019-yil mahalliy byudjetdan qayta qurish uchun mablagʻ ajratildi, -deydi Qashqadaryo viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Maqsud Panjiyev. Hozirda bu muammo yuzasidan bizda maʼlumot toʻliq emas. Biz ertaga 71-maktab filialiga mutaxassis joʻnatib aniq javobini aytamiz.

Yulduz koʻrmay jon berayotgan rejalar…
Aslida, yurtimizda maktablarda taʼmirlash ishlari aprel-may oylarida boshlanadi. Bu bir necha yildan buyon davom etib kelayotgan yaxshi anʼana. Yangi oʻquv yilida esa oʻquvchilar taʼlim standartlariga mos jihozlangan sinf xonalarida mashgʻulotlarni boshlashadi. Ammo, ne tongki, yuqorida tilga olgan maktab ayni qish faslida buzib tashlandi. Rejalar yaxshi, ammo ularning yulduz koʻrmay jon berishi achinarli hol xolos.

P/S: Maqolani yozish davomida koʻplab mulohazalar, mushohadalar va tortishuvlar boʻldi. Oʻz navbatida shuni aytib oʻtmoqchimizki, biz doimgidek xolis boʻlishga urindik.
Dilshod NABIYEV,
Muqaddas ISMOILOVA

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » G‘uzorda maktab buzib tashlandi: Kim kimdan norozi?