00:10 / 15.03.2019
5 335

Koʻpkari – er yigitlar oʻyini

Koʻpkari – er yigitlar oʻyini
Maydonda or-nomus, gʻurur talashish polvonlarning qonida bor. Oʻzbek yigiti bolaligidan bilagiga kuch, boshiga aql yigʻadi. Xalqimizda ot minishga, koʻpkari tomosha qilishga qiziqmagan yigit kam boʻlsa kerak.

Koʻpkari – koʻpning ishi. Uni tashkil etish, gʻoliblarni munosib baholash, tomoshaga kelgan elga osh tarqatish ancha mushkul ish. Sayillar, hosil bayramlari, Navroʻz va toʻylarda yuzlab chavandozlar ishtirokida keng dalalarda zavqli oʻyinlar uyushtirilgan. Bu bayramlarda koʻpkari bilan birga kurash, chovgʻon, arqon tortish va xoʻroz urishtirish kabi oʻyinlar ham oʻtkazilgan.

– Koʻpkari – Oʻrta Osiyo xalqlari tamaddunida katta ahamiyatga ega mardonavor oʻyin, – deydi tarix fani oʻqituvchisi Bekzod Himmatov. – Uni tashkil etishda alohida tayyorgarlik, arzigulik sabab boʻlishi kerak. Qadimdan sayillar, hosil va Navroʻz bayramlarida umumxalq oʻyinlari qatorida koʻpkari oʻynalgan. Buni chavandozlar yaxshi biladi va elga tomosha koʻrsatib, koʻpkari uyushtirsa, mohir chavandozlarni mehnatiga yarasha ragʻbatlantirsa, goʻyoki muqaddas ot pirlari oldidagi qarzlarini ado etgandek boʻladi.

Koʻpkari oddiy koʻngilochar oʻyin emas, u erni er qiladigan, unda mardlik, jasurlik, epchillik va dovyuraklikni shakllantiradigan jiddiy mashgʻulot. Asosiy masala sovringa qoʻyilgan qimmatbaho narsa emas, aksincha, bakovulning adolati, nomdor chavandozning abjirligi, haqiqat gʻalaba qozonishi, omad doim mardniki boʻlishidir.

– Mana qariyb qirq yildan buyon ot choptiraman, – deydi surxondaryolik chavandoz Azamat Tohirov. – Ovul oshib, uzoq yoʻl bosib hududlarda oʻtkaziladigan koʻpkarilarga qatnashib, oʻz nasibamizga yarasha taqdirlanaman. Shu vaqt ichida koʻpkari umrimning mazmuniga aylanib ulgurdi. Otga mehrim boʻlakcha. Surxon vohasida azaldan yilqichilik yaxshi rivojlangan, xonadonlarda zotdor ot boqish koʻpchilik ot ixlosmandlari uchun oddiy holdir. Bolaligimdan uyimizda ot boʻlgan. Otam chavandoz boʻlmasa-da, ot parvarishidan xabardor kishi edi. Shu tufayli otga mehr qoʻyib, nom qoldirdik. Viloyatlarga borsak, “Azamat chavandoz” kelyapti, deb iliq kutib oladi. Men kabi chavandozga bundan ortiq ehtirom kerak emas. Eng muhimi, ota-bobomizdan meros urf-odatlarimizning ommalashishiga hissa qoʻshyapmiz.

Qadim-qadimdan xalqaro miqyosda oʻynalib kelinadigan koʻpkari biroz muddat taqiqlarga duchor boʻldi. Bugun bu oʻyinga nisbatan barcha taqiq va cheklovlar olib tashlangan. Chavandozlar qadlarini baland koʻtarib, milliy va qadimiy sport turi bilan shugʻullanishda davom etmoqda.

Manba: Uza.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Koʻpkari – er yigitlar oʻyini