11:29 / 15.03.2019
7 653

Gulnora Karimova haqida: “Maʼbuda”ni kim “yaratdi”?

Gulnora Karimova haqida: “Maʼbuda”ni kim “yaratdi”?
Bugun mahalliy va xorijiy axborot vositalari eʼtiboridagi eng shov-shuvli mavzulardan biri Gulnora Karimovaning uy qamogʻidan manzil koloniyaga oʻtkazilishi boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda kimdir uning shaʼniga bisotidagi bor laʼnatlarni yogʻdirishdan charchamayotgan boʻlsa, uni tarafini olishga chogʻlanatyoganlar ham uchrab turibdi. Gulnoraning xorijiy banklarda “muzlab” yotgan milliardlari, dangʻillama uy-joylari, shohona qasrlari haqida oʻqiyapmiz, hayratga tushyapmiz. “Esiz millatning shuncha boyligi” deya taassuf chekyapmiz. Lekin bir savolga xolisona javob berishga urinib koʻraylik: Gulnora kim oʻzi? Mana shunday manzaralar, vaziyatlar yuzaga kelishiga, Gulnoraning antiqa qiliqlari tufayli dunyo matbuotida doston boʻlishimizda faqat uning oʻzini ayblashimiz toʻgʻrimikin?

Aslida har bir shaxs oʻz davrining farzandi, oʻzi mansub boʻlgan xalqning vakili. Gulnora dunyoning turli shaharlarida nashʼu namo surgandir, eng boyzeb shaharlarda hashamatli saroylarga ega boʻlgandir, lekin u baribir shu jamiyatda tugʻilib oʻsdi. Shu muhitning yaxshi-yomon jihatlarini oʻzida jamladi.

Gulnoraning bu qadar kibru-havo, manmanlik timsoliga aylanishiga ham xorijliklar emas, asosan oʻzimiz sabab boʻldik. Ehtimol, kimlardir “u birinchi shaxsning qizi edi, unga hamma narsa mumkin edi” deya eʼtiroz bildirishar? Balki mamlakatni 27 yil boshqargan rahbar oʻz farzandiga toʻgʻri tarbiya bera olganida, uni ochkoʻz, manfaatparast qilib tarbiyalamaganida...” deydiganlar topilar?

Ehtimol, vaqtida birinchi prezident boshqaruv tizimida qandaydir xatolarga yoʻl qoʻygandir, qattiqqoʻllikni haddan oshirib yuborgandir. Bu haqda har kimning oʻzi fikri bor. Ammo, marhum yoʻlboshchining eng ashaddiy tanqidchilari ham uni poraxoʻrlikda, boylikka, hoyu hashamga mukkasidan ketishda ayblashdan tiyiladilar. Bir paytlar u bilan ishlagan, uni tanigan-bilganlar Karimovning boshqalarga qaraganda kamtarona hayot tarziga amal qilganini aytishadi. Shu sababli toʻngʻich qizning bu qadar haddan oshishi, xalqdan oʻmarilgan million-million pullar evaziga yallo qilib yashaganiga uning faqat “prezidentning qizi” ekanligi bilan bogʻlash toʻgʻri boʻlmasa kerak.

Gulnorani sizu biz yashagan, oʻzimiz nafas olgan muhit ulgʻaytirdi. Unga esini tanigandan beri tinimsiz xushomadlar qilishdi. Uning uchun hamma eshiklar lang ochiq edi. Uning soyasida oʻzlari bilganicha ish tutishga, ish bitirishga uringanlar va buning uddasidan chiqqanlar koʻp boʻldi. Faqat Gulnora emas, uning nomidan, mavqeidan foydalanganlar ham yaxshigina “yigʻib-terib” oldi.

Uning qanchadan-qancha tadbirkorlarni, davlat va jamoat tashkilotlarini “zir qaqshatib” oʻtqazgan xayriya tadbirlarini hamma bir ovozdan olqishladi. Yoshlarimiz qanday boʻlmasin, uning loyihalarda ishtirok etib, koʻzga koʻrinish, imkon darajasida “opa”ning nazariga tushishga intildi. Sanʼatkorlarimiz uni madh etib qoʻshiqlar kuylashdi, qalamkashlarimiz “shigʻir”lar bitishdi, ulamolarimiz kaft ochib duolar qilishdi, tadbirkorlarimiz uning “ulugʻvor” ishlariga yelkadosh boʻlishdi, radio va telekanallarimiz uning tashabbusi bilan oʻtkazilgan tadbirlarni “keng yoritish”dan charchamadi. Hech kim “shoshmay tur, sen kimsan oʻzing, nega buncha haddingdan oshyapsan?” demadi, deyolmadi. Chetdan turib gapirganlar dushmanga chiqarildi.

Butun boshli xalqning koʻz oldida har ishga qodir, har tomonlama mukammal “supervumen”, ramziy maʼnoda “ezgulik maʼbudasi” qad rostladi. Gulnora – siyosatchi, Gulnora – olima, diplomat, xayriyachi, sanʼat va madaniyat homiysi, xonanda, modeler, dizayner, tadbirkor, shoira, yana yuz girdi balolar! Axir birgina ayolga bunchalar “serqirralik” ortiqcha emasmidi?

Uning har bir harakati “keng jamoatchilik” tomonidan qoʻllab quvvatlandi, uning “buyuk odimlari”, “qoyilmaqom gʻalabalari”ga mahliyo boʻldik, olqishlab, uni yanada ruhlantirdik. Axir bularning barini “oʻzga sayyoraliklar” yoki ajnabiylar emas, oʻzimiz, shu yurtning, shu xalqning odamlari qilmadimi?

“Opa” esa, bunday xushomadlar, olqishlar, ragʻbatlardan kun sayin yuqorilab, parvozi yuksalib borgani sari, oʻzini daxlsiz, har qanday ishga vakolatli, shu jumladan xalqning, davlatning mol-mulkini istagancha tasarruf etishga, oʻzini “malikai oliya” his etib, hammani oyoq uchida koʻrsatishga, xorijiy yurtlardan qimmat-qahat villalar sotib olib, had-hisobsiz boyliklarni xorij banklariga joylashga haqli deb bilgani aniq. Bunday vaziyatda, bunday shart-sharoit va imkonyatlar qurshovidagi biror ayolning boshqacharoq yoʻl tutishiga ishonish qiyin.

Albatta, toʻlmoqning toʻkilmogʻi tayin. Qachondir bu xonimning ham “cheksiz vakolatlari”ga chek qoʻyiladigan payt kelishi muqarrar edi. Va bu muqarrar sarhisob hali “Ota”ning koʻzi ochiqligi paytidayoq boshlandi. Gulnora va uning atrofidagi bir qancha korchalonning faoliyatiga qonuniy baho berildi.

Ammo, Gulnorani ertayu kech uning atrofida yurgan sanoqli kimsalar emas, minglab, yuz minglab odamlar yaratgan emasmidi? Endi ular yo zoʻr berib, “yiqilganni tep” shioriga amal qilib, mahkumani qalashtirib soʻkishmoqda, yo bir chetda jimgina tomoshabin boʻlib turishibdi.

Men-ku, Gulnorani oqlash tarafdori emasman. Har kimki yomon boʻlsa, jazo topqusidur. Shuncha payt mamlakat qonunlarini oyoqosti qilib kelgani yetmaganidek, ustidan chiqarilgan hukmga ham itoatsizlik qilgan boʻlsa, albatta, qonun oldida javob berishi shart. Lekin, uni ayblamoqchi boʻlganlar qachonlardir Gulnoraning “yaratuvchi”lar safida boʻlgan-boʻlmaganini bir mulohaza qilib koʻrsa yaxshi boʻlardi...
Rustam Jabborov

Manba: Qalampir.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimova haqida: “Maʼbuda”ni kim “yaratdi”?