18:53 / 16.03.2019
3 516

Urganchdagi “Ulli hovli”ga majmua tashabbuskorining yettinchi avlodi rahbarlik qilmoqda

Urganchdagi “Ulli hovli”ga majmua tashabbuskorining yettinchi avlodi rahbarlik qilmoqda
Foto: “Xalq soʻzi”
Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan info-tur ishtirokchilarining ikkinchi kundagi dastlabki manzili Urganch tumanidagi “Ulli hovli” majmuasida boʻldi, deb xabar berdi “Xalq soʻzi Online”.

“Ulli hovli” turkman millatiga mansub aholi yashagan hududdagi eng katta hovli-joy boʻlgan. Shu bois unga “ulli”, yaʼni katta sifati berilgan.

“Ulli hovli”ga kiraverishdagi qadimiy darvoza va devorga shunday yozuvlar bitilgan: “Ushbu muborak ulli hovli Xorazmshoh Abulgʻozi Bahodirxon tomonidan Soler turkmanlarining oqsoqollari Xoʻjamberdi va Shermamatboy iltimosiga koʻra bunyod qilingan. Bunyod qilingan sanasi 1694 yil”.

Ushbu tarixiy maskan Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017—2018 yillarda qayta taʼmirlanib, asl holiga keltirildi. Natijada u oʻzbekistonliklar va xorijlik sayyohlarning eng sevimli maskanlaridan biriga aylandi.

“Buni qarangki, majmuaga hovli qurilishi tashabbuskorlaridan biri boʻlgan Shermamatboyning yettinchi avlodi Davlatnazar Rajabov rahbarlik qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

“Bilasizmi, bu imoratlar poydevorsiz qurilgan, yaʼni devorlarning osti bir metr kavlanib, qum solingan va ustiga qamish toʻshalib, soʻng paxsa urilgan. Devorlar nuramasdan oʻz holicha saqlanishida ota-bobolarimiz qoʻllagan bu texnologiyaning xizmati katta. Biz unga hech qanday oʻzgartirish kiritganimiz yoʻq. Faqat loysuvoq qilib taʼmirlaganmiz, xolos”, — deydi Davlatnazar Rajabov.

“Ulli hovli” oʻz nomiga monand katta ekan. Salkam bir gektar maydonni egallagan. Bu yerda oʻn oʻrinli mehmonxona tashkil etilgan, oʻtovlar tikilgan. Bundan tashqari, hunarmandchilikning yettidan ortiq turi bilan shugʻullanish uchun ustaxonalar tashkil etilgan. Oʻzbek va turkman millatlari azaliy doʻstligining yorqin namunasi boʻlgan koʻrkam majmuaga bugun Fransiya, Polsha, AQSH, Eron, qoʻshni Turkmanistondan keladigan sayyohlarning qadami uzilmaydi. Mehmonlar bu yerda bir ariqdan suv ichib, ahil va inoq yashab kelgan azaliy doʻst oʻzbek-turkman xalqlarining turmush tarzi, urf-odatlari, milliy anʼanalari haqida yaxlit tasavvurga ega boʻladi.

Tadbir ishtirokchilari shu yerda tashkil etilgan Navroʻz bayrami, “Sumalak sayli” tantanalarini tomosha qildi. Hudud oshxonasiga xos boʻlgan jizzali patir yopish, tuxum barak pishirish boʻyicha mahorat darslari oʻtkazildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Urganchdagi “Ulli hovli”ga majmua tashabbuskorining yettinchi avlodi rahbarlik qilmoqda