22:45 / 17.03.2019
5 107

Elmira Bositxanova: Abort va “probirkadan” olinadigan bolalar masalasi xususida

Elmira Bositxanova: Abort va “probirkadan” olinadigan bolalar masalasi xususida
Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari Elmira Basitxanova Oʻzbekistonda sunʼiy urugʻlantirish qachondan joriy etiladi va qanday shartlar asosida boʻlishini maʼlum qildi, deya xabar berdi Sputnik.

Bositxanovaning soʻzlariga koʻra, “Aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun — eng kutilgan qonunlardan biri boʻldi. Negaki, Oʻzbekiston qonunchilik hujjatlarida ona va bola salomatligi muhofazasi alohida boblarda qayd etilgan boʻlsa-da, lekin bu qadar keng tushuntirilgan hujjat mavjud emas edi.

“Ushbu qonunda reproduktiv salomatlikning koʻplab yoʻnalishlari belgilab berilgan. Masalan, birinchi navbatda, reproduktiv salomatlikni muhofaza qilish davlat siyosati darajasiga koʻtarilgani qayd etilgan. Ayollar va erkaklar, shuningdek, voyaga yetmagan shaxslarning reproduktiv huquqlari masalalariga aniqlik kiritilgan”, — deya izoh berdi Bositxanova.

Vazir oʻrinbosari reproduktiv salomatlikka — ayol homiladorligi davri yoki turmushga chiqqach, ona boʻlishga tayyorgarlik koʻrishi lozim boʻlgan davr sifatida — yaʼni tor doirada qaramaslikka chaqiradi.

“Reproduktiv salomatlik haqida inson dunyoga kelishi bilan qaygʻurish lozim. Deylik, chaqaloqning reproduktiv organlarida patologiya yoʻqligiga amin boʻlish uchun u tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bola muntazam tekshiruvda boʻlishi kerak, ayniqsa, balogʻat yoshiga toʻlganida. Chunki bu vaqtda organizmda oʻzgarishlar yuz beradi va bunda reproduktiv funksiyalarda ilk buzilishlar namoyon boʻla boshlaydi”, — deydi Basitxanova.

Vazir oʻrinbosarining aytishicha, bugungi kunda Oʻzbekistonda reproduktiv salomatlik muhofazasi bir necha “boʻgʻinlardan” iborat boʻlib, eng birinchisi — oila hisoblanadi.

“Bu poliklinikalar, qishloq vrachlik punktlari. Shuningdek, bugungi kunda har bir tuman, shahar koʻptarmoqli poliklinikalarda ayollar maslahatxonalari, qizlar salomatligi boʻyicha maslahatxonalar, perinatal skrining xonalari ochilgan va bularning barchasi reproduktiv salomatlikni taʼminlashga qaratilgan”, — deydi suhbatdosh.

Davlat rahbari tomonidan imzolangan ushbu qonunda shuningdek, ikkita nozik mavzu koʻtarilgan: bu homilani sunʼiy ravishda toʻxtatish, kontratsepsiya masalalari mavzusi hamda yordamchi reproduktiv texnologiyalar masalasi.

Vazir oʻrinbosarining soʻzlariga koʻra, endilikda farzandni dunyoga keltirishga tayyor boʻlmagan ayol roziligi va talabi bilan homiladorlikni 12 haftalikkacha boʻlgan muddatda toʻxtatsa boʻladi. Belgilangan vaqtdan keyin homilani faqatgina tibbiy koʻrsatmalar asosida sunʼiy ravishda toʻxtatish mumkin.

Shuningdek, qonunda yordamchi reproduktiv texnologiyalar masalasi (EKU)ga alohida urgʻu berilgan.

Bunday jarayonlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekistonda alohida markazlar tashkil etiladi va ular yuqori texnologiyali uskunalar bilan taʼminlanadi. Mutaxassis malakasi masalalari alohida nazoratga olinadi.

Ayni vaqtda sunʼiy urugʻlantirish tizimini yoʻlga qoʻyish uchun Sogʻliqni saqlash vazirining onalik va bolalikni muhofaza qilish boʻyicha oʻrinbosari boshchiligida katta ishchi komissiyasini tashkil etish ustida ish olib borilmoqda.

Bu komissiya tarkibidan: deputatlar, yordamchi reproduktiv texnologiyalar bilan shugʻullanuvchi xususiy tuzilmalar rahbarlari, fan doktorlari, professorlar, akusher ginekologlar, ruhshunoslar, embriologlar, sitolog, endokrinolog, terapevt, genetik, neanatologlar oʻrin oladi.

Barcha texnik reglamentlar va yuridik masalalar tasdiqlangach, “probirkadan” bola olish amaliyoti Oʻzbekistondagi davlatga qarashli maxsus markazlarda bepul amalga oshirilishi aytilmoqda.

Ushbu tizim, yil oxiridan boshlab amaliyotga joriy etilishi mumkin. Aytgancha, “EKU” amaliyotidan foydalanganlar shaxsi qatʼiy sir saqlanadi. Bu borada yangi qonunchilik hujjatida alohida bobda aytib oʻtilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Elmira Bositxanova: Abort va “probirkadan” olinadigan bolalar masalasi xususida