09:10 / 19.03.2019
5 067

Qarz oldi-berdisida nimalarga eʼtibor berish kerak?

Qarz oldi-berdisida nimalarga eʼtibor berish kerak?
Fuqarolar tez-tez murojaat etadigan bitimlar, shuningdek qarz shartnomasining qonunchilik asoslari har tomonlama mustahkamlangan boʻlishiga qaramasdan, sudlarda qarz­ni undirish bilan bogʻliq nizolar soni hali ham kamayayotgani yoʻq.

Xususan, fuqarolik ishlari boʻ­yicha Jizzax viloyat sudlari tomonidan 2017 yil va 2018 yilning toʻqqiz oyi davomida koʻrib chiqilgan qarz undirish bilan bogʻliq ishlar tahlili misolida bu turdagi murojaatlar son jihatidan ortganligini koʻrish mumkin.

2017 yilning toʻqqiz oyida qarz shartnomasi bilan bogʻliq 252 ta fuqarolik ishi koʻrib tamomlangan boʻlsa, bu koʻrsatkich 2018 yilning shu davrida 368 tani tashkil etgan. Agar 2017 yilning toʻqqiz oyida 205 ta ish boʻyicha sudning hal qiluv qarori qa­bul qilingan boʻlsa, 2018 yilning shu davrida bu koʻrsatkich 335 taga yetgan.

Yoki ana shu qarz shartnomasiga oid 198 ta ish 2017 yilning toʻqqiz oyida qanoatlantirilgan boʻlsa, 2018 yilning shu davrida bu raqam 104 taga ortgan, yaʼni 302 ta daʼvo qanoatlantirilgan.

2017 yilning tegishli davrida 2 milliard 270 million 95 ming 373 soʻm, 2018 yilning ana shu davrida esa, 3 milliard 416 million 883 ming 795 soʻm qarz sud qarori bilan undirib berilgan.

Xoʻsh, qarz oldi-berdisi bi­lan bogʻliq murojaatlar son jihatdan kamaymayotganining sababi nimada?
Bu, avvalambor, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy ma­daniyati oshib borayotgani, sudlarga nisbatan ishonchi or­tayotganini koʻrsatadi.

Shu bilan birga, ushbu holat qarz beruvchi va qarz oluvchilar oʻz huquq va majburiyatlarini toʻ­liq bilmasligi hamda qarz shartnomasini toʻgʻri rasmiylashtirmayotganiga ham borib taqaladi.

Shunday ekan, fuqarolar qarz shartnomasi bilan bogʻliq qonun normalari va huquqiy asoslarni bi­lib qoʻyishi hech qachon foydadan xoli boʻlmaydi.

Fuqarolik kodeksining 732-moddasida belgilanganidek, qarz shartnomasi boʻyicha bir taraf — qarz beruvchi ikkinchi tarafga, yaʼni qarz oluvchi­ga pul yoki turga xos alomatlari bilan belgilangan bosh­qa ashyolarni mulk qilib beradi. Qarz oluvchi esa, qarz beruvchiga bir yoʻla yoki boʻlib-boʻ­lib, oʻshancha summadagi pulni yo qarzga olingan ashyolarning xi­li, sifati va miqdoriga ba­­ravar ashyolarni yoxud qarz summasini qaytarib berish majburiyatini oladi.

Qarz shartnomasi shartiga koʻra, qiymatga ega olingan narsa shartnomada koʻrsatilgan vaqtda qaytarilishi lozim. Bordi-yu, qaytarish muddati shartnomada koʻrsatilmagan boʻlsa, qarz qarzni beruvchi ta­­­­lab qilgan vaqtda qaytarilishi kerak.

Qarz shartnomasining bosh­qa shartnomalardan farqlanadigan, yuridik ahamiyatga ega oʻziga xos xususiyatlari mavjud.

Birinchidan, qarz shartnomasi real boʻlib, uning maʼnosi shundaki, shartnoma narsa, pul yoki ashyoni qarz beruvchi qarz oluvchiga topshirish paytidan vujudga keladi va xuddi shu vaqtdan shartnoma tuzilgan hisoblanadi.

Ikkinchidan, qarz shartnomasi bir tomonlama shartnoma hisoblanib, bir taraf — qarz beruvchi qarz berish hu­quqiga ega boʻlsa, ikkinchi tomonda qarz narsasini qaytarish majburiyati vujudga keladi.

Uchinchidan, shartnomaga koʻ­ra, qarzdor olgan mulkdan foydalanib, uni boshqarish hu­quqi berilganligi tufayli mulkning vaqtinchalik egasi hisoblanadi.
Toʻrtinchidan, qarz shartnomasi aksariyat hollarda tekinga tuziladi.

Qonun yoki shartnomada nazarda tutilgan hollarda foizlar olishga yoʻl qoʻ­yiladi.
Fuqarolar oʻrtasida qarz summasi eng kam ish haqining oʻn baravaridan ortiq boʻlsa, shartnoma oddiy yozma shaklda tuzilishi shart.
Shartnomadagi taraflardan biri yuridik shaxs boʻlganida esa, summasidan qatʼi nazar qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilishi kerak.

Agar taraflarning ikkalasi ham yuridik shaxs hisoblansa, ular oʻzaro shartnoma tuzishga haqli. Bir taraf yuridik, ikkinchi taraf jismoniy shaxs boʻlganda, albatta, shart­noma notarial tartibda tasdiqlanishi lozim.

Agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoxud muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar mavjud boʻlsa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi.

Bordi-yu, qarz majburiyati qarz oluvchi tomonidan veksel, obligatsiya yoki qarz summasini va qarz beruvchining uni undirib olish huquqini belgilaydigan boshqa qimmatli qogʻoz bilan tasdiqlangan boʻlsa, bunday holda qarz shart­nomasining yozma shakliga rioya qilingan hisoblanadi.

Shu oʻrinda fikrimizni sudda koʻrilgan bir fuqarolik ishi misolida davom ettiramiz. Daʼvogar A. Gʻaybullayev (ism-familiyalar oʻzgartirilgan) javobgar S. Ismatovga nisbatan sudga daʼvo arizasi bilan murojaat qilgan. Unda javobgardan 14 million soʻm qarzni undirishni soʻragan.

Birinchi bosqich sudining 2018 yil 15 maydagi hal qiluv qarori bilan daʼvogar A. Gʻaybullayevning javobgar S. Ismatovga nisbatan qarzni undirish haqidagi daʼvo talabi qanoatlantirilgan. Javobgar S. Ismatovdan daʼvogar A. Gʻaybullayevga 14 million soʻm qarz va 280 ming soʻm davlat boji, jami 14 million 280 ming soʻm undirish belgilangan.

Sudning mazkur hal qiluv qaroriga nisbatan javobgarning ishonchli vakili tomonidan kassatsiya shikoyati keltirilib, unda ushbu ish boʻyicha qa­bul qilingan hal qiluv qarorini bekor qilish soʻralgan.

Kassatsiya sudlov hayʼatining ochiq sud majlisida aniqlanishicha, S. Ismatov tomonidan 2017 yil 19 sentyabrda yozilgan tilxatda u A. Gʻaybullayevdan 2017 yilning 8 avgust kuni 14 million soʻm qarz olgani va qarzni 2017 yil 1 noya­br kuniga qadar qaytarishi koʻrsatilgan.

Biroq javobgar tomonidan qarz majburiyati bajarilmagan. Shu sababli daʼ­vogar sudga qarzni undirishni soʻrab murojaat qilgan.

Fuqarolik kodeksining 733-moddasi 3-qismiga koʻra, agar qarz oluvchining tilxati yoki unga qarz beruvchi tomonidan muayyan summa yoki muayyan miqdordagi ashyolar topshirilganligini tasdiqlaydigan boshqa hujjatlar mavjud boʻl­sa, qarz shartnomasi yozma shaklda tuzilgan hisoblanadi. Mazkur kodeksning 735-moddasi 1-qismiga koʻra, qarz oluvchi olingan qarz summasini qarz shartnomasida nazarda tutilgan muddatda va tartibda qarz beruvchiga qaytarishi shart.

Kassatsiya sudlov hayʼati ish hujjatlarida javobgarga qarz berilganligini tasdiqlovchi tilxat mavjudligi, bugunga qadar olingan qarz qaytarilganligi haqida ishda da­lillar yoʻqligini inobatga olib, birinchi bosqich sudi daʼvoni qanoatlantirish ha­qi­da toʻgʻri xulosaga kelgan, deb hisobladi.

Fuqarolik protsessual kodeksining 1-qismiga koʻra, har bir taraf oʻzining talab va eʼtirozlariga asos qilib koʻr­satgan holatlarni isbotlashi shart. Gap shundaki, javobgar tilxat majburlab yozdirilganligi, qarz aslida 14 million emas, aksincha, 5 million 600 ming soʻm ekanini vaj qilib koʻrsatgan boʻlsa-da, eʼtirozini tasdiqlovchi dalillarni sudga taqdim qilolmadi.

Shunday qilib, ushbu qarz oldi-berdisi bilan bogʻliq fuqarolik ishi yuzasidan birinchi bosqich sudi tomonidan qabul qilingan hal qiluv qarori oʻzgarishsiz, kassatsiya shikoyati esa, qanoatlantirilmasdan qoldirildi.

Qisqacha aytganda, qarz shart­nomasi shartlariga toʻ­liq rioya etish ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini olib­­gina qolmay, taraflarning qonuniy manfaatlarini ham taʼminlaydi. Shu bilan birga, bu qarz oldi-berdisi ishtirokchilari oʻrtasidagi iliq munosabatga darz yetishdan asraydi.
Xurshid ESHMURATOV,
Fuqarolik ishlari boʻyicha
Jizzax viloyati sudining sudyasi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qarz oldi-berdisida nimalarga eʼtibor berish kerak?