20:08 / 21.03.2019
4 097

Internetni oʻrgatib, oilani asrash mumkin...mi?

Internetni oʻrgatib, oilani asrash mumkin...mi?
Oilaviy ajrashishlarning oldini olish yoki bu muammoga qarshi kurashishning aniq dasturi ham, mexanizmi ham yoʻq.

Chunki buzilayotgan har bir oilaning muammosi oʻziga xos va bir-biriga umuman oʻxshamaydi. Kimdir muammo ildizini ayol oʻz huquqini bilmasligi bilan bogʻlasa, boshqa birov erkak kishi “haqqini tanigan” xotin bilan yashay olmasligini taʼkidlaydi. Ayniqsa, ikki yoshning xarakteri bir-biriga mos kelmayotgani, oraga uchinchi shaxsning aralashuvi, er-xotinning bir-biriga xiyonati, xullas, bu roʻyxatni uzoq davom ettirish mumkin. Ammo baribir oilalarni asrab qolish va bu mummoga qarshi barcha saʼy-harakatlarni koʻrish — jamiyat oldidagi jiddiy masala.

Xoʻsh, bugun huda-behudaga oilalar buzilib ketishiga qarshi qanday kurash olib borilmoqda? Yaqinda “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ham bu borada yangi bir loyiha boshlagani haqida eshitdik.

— Tahlillarning koʻrsatishicha, oilalarning qiyin ahvolga tushib qolishiga oʻziga ishonchsizlik va bilim yetishmasligi sabab boʻlyapti, — deydi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi direktori Dilorom TOSHMUHAMMЕDOVA.

— Misol uchun, Sirdaryo viloyatidagi 250 ta turmushi buzilgan oilaning 30-35 foizi qayerga murojaat qilishni, kimdan yordam olishni bilmay, arzimagan sabablar tufayli ajrashib ketishgan. Demak, ularda bugun davlat olib borayotgan siyosat, qaysi tashkilot nimaga masʼul, kimlar ularga yordam koʻrsatishi mumkinligi haqida tushuncha yoʻq. Shulardan kelib chiqib, poytaxtimizning Mirzo Ulugʻbek tumanidagi oʻn nafar ijtimoiy qiyin ahvolga tushib qolgan kelinga birlamchi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilimi oʻrgatildi. Telefon va internet bilan qanday ishlash, axborot qidirishda qaysi manbalarga murojaat qilish kerak, nima qilsa qiyin ahvoldan chiqish mumkin, degan savollarga javob berishga harakat qildik.

Mana, ular oʻqishni tugatib, ayrimlari ishga joylashishdi. Loyiha natijasida qiyin ahvoldagi oilalarga albatta yordam beramiz. Oʻquv darslaridan psixologik soatlar ham oʻrin olgan. Oʻziga ishonchni qanday orttirish, kelishmovchiliklarni yengib oʻtish, muammolarni hal qilish borasida kerakli bilim beriladi. Bu insonlar oʻqishni bitirgandan keyin axborot izlash va topish koʻnikmasiga ega boʻladi. Oʻziga ishonchi ortadi, ish topadi, banklardan kredit oladi, bir-biri bilan gaplashishni oʻrganadi. Shu orqali oilani mustahkamlashga hissa qoʻshmoqchimiz. Loyihamiz muvaffaqiyatli oʻtsa, har bir tumanda mana shunday kurslar tashkil etishimiz mumkin.

Xiyonatning elektron shakli
Turmush juda nozik masala. Uning darz ketishi uchun biror jiddiy sabab boʻlishi ham shart emas. Or, nomus, andisha kabi tushunchalar uning asosiy ustuni hisoblanadi. Xoh erkak boʻlsin, xoh ayol oʻzini oilasi uchun bagʻishlamas ekan, chin baxtga ham erishib boʻlmaydi. Toʻgʻri, bu soʻzlarni shunchaki aytish oson. Aslida ikki inson bir-birini tushunib, dardini his qilib, yelkadosh boʻlib yashashi uchun ancha kuch, sabot va vaqt talab etiladi. Mana shu toʻsiqlarni yengib oʻtganlargina oilaning shirin lazzatini his etib yashaydi. Afsuski, oramizda hamma narsaga qoʻl siltab, farzandlarining baxtsizligiga ham rozi boʻlib, turmushini buzib ketayotganlar koʻp.

Shu oʻrinda juda ogʻriqli bir savol: ayolning oilasiga qilgan xiyonatini kechirish mumkinmi? Javobiga esa hojat yoʻq. Umuman xiyonat kechirib boʻlmaydigan juda ogʻir gunoh. Butun avlodning tomirini chiritadigan illat. Bu hammaga maʼlum haqiqat. Eng alam qiladigani esa insonlar bir-birining yuziga oyoq bosib, oilalar buzilib ketayotgani. Bunga sabab boʻlayotgan omillar esa juda koʻp.

Zamonning shiddat bilan rivojlanishi, axborot texnologiyalarining kundan-kunga ilgʻorlab borayotgani ham maʼlum maʼnoda bunga yoʻl ochib berayotganidan koʻz yuma olmaymiz. Bugun kimga qaramang qoʻlida telefon. Hatto oilada er-xotinning bir-biri bilan gaplashishga vaqt topa olmasligini qanday tushunish mumkin?!

Endigina toʻyi boʻlgan kelinchakning oilasi buzildi. Nima emish, telefonda gʻoyibona kim bilandir gaplashib yurarmish. Qaynona buni sezib qolgach, ancha vaqtgacha kuzatib yuradi. Farzandining oilasiga begona odamning aralashganiga ishonchi komil boʻlgach, noiloj haqiqatni oshkor qiladi. Shunday boʻlgach, kim ham bunday kelinni qabul qila oladi deysiz. Shularni eshitib, koʻrib turib ham qizining sarposiga eng soʻnggi rusumdagi telefon qoʻshayotganlar qancha. Ularni yoʻldan qaytarmoqchi boʻlsangiz, “qizimning boshqalardan qayeri kam ekan”, deb oʻdagʻaylab ham qoʻyadi.

Aslida oʻzganing xonadoniga kelin boʻlib borayotgan qizning boshqalar bilan ortiqcha soʻzlashishi, uydagi gaplarni kim bilandir oʻrtoqlashishi tinch hayotiga sovuqchilik solishi mumkinligini oʻshalar ham yaxshi biladi. Kelin ham uy ishlarini oʻz oʻrnida, saranjom-sarishta qilish oʻrniga telefonga tikilib oʻtirishi qaysi erga yoki qaysi qaynonaga yoqadi?

“Baxtga eltuvchi” texnika
Fikrlarimizdan xuddi texnika rivojiga qarshi chiqayotgandekmiz. Yoʻq, bunday qarashdan yiroqmiz. Asl maqsadimiz, oila mustahkamligi. Barcha rivojlanishu yangiliklar faqat oilaning baxtu saodati uchun xizmat qilsin. Shu maʼnoda, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi boshlagan yangi loyihaning asl maqsadini biroz tahlil qilib koʻrmoqchimiz. Tasavvur qiling, suzishni umuman bilmaydigan odamni katta bir ummonga itarib yubordingiz. Oʻzingiz esa qirgʻoqdan turib unga qanday harakat qilishni oʻrgatyapsiz. Sira mantiqqa toʻgʻri kelmayapti, shunday emasmi? Loyiha ham kishida shunday taassurot uygʻotadi. Bu qanchalik toʻgʻri qaror?

Oilasida muammosi boʻlgan, oʻzaro kelisha olmayotgan er-xotinlarni axborotlar ummoniga olib kirish bilan ularning turmushini yaxshilashga qanchalik erishish mumkin? Bunday vaziyatda xotinidan charchagan er oʻziga yangi suhbatdosh yoki aksincha boʻlmasligiga kim kafil boʻla oladi?

Toʻgʻri, inson yaralibdiki, sadoqat va xiyonat kabi tushunchalar mavjud. Bu har kimning vijdoniga havola. Faqatgina jar yoqasida turgan oilaning hayotiga bunday aralashuv salbiy taʼsir koʻrsatmaydimi degan xavotirimiz bor.

— Bu loyihani amalga oshirishdan oldin juda koʻp oʻyladik, — deydi Dilorom Toshmuhammedova. — Haqiqatan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining odamlarga salbiy taʼsiri bor. Lekin ijobiy jihatlari bir necha barobar koʻpligiga amin boʻldik. Salbiy jihatidan qoʻrqib bu ishimizni toʻxtatib qoʻysak, mamlakatimiz, jamiyatimiz ortda qolib ketadi. Ikkinchi masala, agar yoshlarga internetdan toʻgʻri foydalanishni oʻrgatsak, ­muayyan muammolarning ham oldini olgan boʻlamiz. Uchinchidan, har tarafdan jamiyatning madaniyatini oshirish muhim vazifalardan biri. Aynan axborot texnologiyalarining oila buzilishiga sabab boʻlgan holatlari boʻyicha hali tadqiqot oʻtkazmadik. Bunday sabablar bor, eshityapmiz, ammo juda katta foiz emas. Agar bolalarga maktabdanoq AKT bilan ishlashni, ishonchli saytlarga kirishni oʻrgatsak, xavotirga oʻrin yoʻq.

Baʼzan rivojlanish va insoniylik tushunchalari bir-biriga zid kelib qoladigandek. Ammo bir narsa aniq, odamlar bir-biriga koʻrsatadigan mehrni robotlar bera olmaydi. Oilani mustahkamlash uchun esa qoʻrgʻon poydevori pishiq boʻlishi kerak. Shunda tashqaridan kelgan hech qanday kuch uni mahv eta olmaydi.
Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA

Manba: “Oila davrasida”

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Internetni oʻrgatib, oilani asrash mumkin...mi?