07:47 / 22.03.2019
14 731

“Qovurdoq” dahmazasi

“Qovurdoq” dahmazasi
Yaqinda Toshkent shahridagi bir tanishimning yigʻinida ishtirok etdim. Tugʻuruqxonadan chiqayotgan kelinning onasi qudasinikiga qovurdoq olib borarkan. “Qovurdoq”, deya nomlanuvchi mazkur marosimni koʻrib, ogʻzim lang ochildi.

Toʻrt xonali uyning uchtasi mehmonlar bilan toʻla. Salima opa bittasiga boshladi. Dasturxondagi noz-neʼmatlarni koʻrib, lol qoldim. Qand-qursdan tortib, pista-bodomgacha, turli xil pishiriq, chet eldan keltirilgan mevalargacha bor.

Koʻrinishidan xontaxtadagi yeguliklarga bir necha million soʻm ketganga oʻxshaydi. Birozdan soʻng tanishimning qizi Shalola patnisda non va salat, likobchada qovurdoq olib kirdi. Nari-beri ovqatlangandek boʻlib, chaqaloqqa uzoq umr tilab, oʻrnimizdan turdik. Shu payt bir ayol kirib keldi va Salima opaga:

— Dasturxonni qaytadan bezatish kerak. Chaqaloqning dadasi oʻrtoqlari bilan kelarkan, — dedi.

Tezroq chiqib ketishga oshiqdik. Yoʻlda ketayotib, oʻylanib qoldim. Nahotki, chilla degan udum unutilgan boʻlsa? Axir, bizda qadimdan chillali uyga qirq kun davomida begona odam kiritilmagan. Chaqaloq yotgan xonaga faqat onasi va buvisi kirgan. Zero, kelinchak tugʻuruq davrida ancha holdan toygani sababli kasallikka tez chalinadi. Shu bois kuch yigʻib, oldingi holatiga qaytgunicha onaga yaxshi parvarish kerak. Goʻdak yotgan uyda zararkunandalarga qarshi tez-tez isiriq tutatib turilishi ham bejiz emas. Chilladan omon-eson chiqqan kelinning oʻzi ham, bolasi ham sogʻlom boʻladi. Shundan soʻng ona-bolani koʻrgani qavm-qarindoshlar, opa-singillar, tanishlar kelishi mumkin.

Tugʻuruqxonadan chiqqan kelinning onasiga oʻsha kuniyoq togʻora-togʻora qovurdoq qilib borish majburiyatini kim yuklayapti? Bunday udumni yoʻq qilish mavridi kelmadimikan? Undan koʻra, endigina yengillashgan, kamqon, titrabgina turgan kelin quvvatli vitaminlarga boy taomlar bilan siylangani maʼqul emasmi? Bu bemaʼni tadbir kelin necha bor tugʻuruqxonadan chiqsa, shuncha marotaba takrorlanar ekan. Quda tomon qiz uzatib ham qutulmas ekan-da...

Nahotki, mahalla oqsoqollari, nuroniylar bu udumni yoʻqotish choralarini oʻylab koʻrmagan boʻlsa? Axir, ularning boshida ham shu savdo bor-ku! Qachongacha qiz uzatganning boshini egamiz, qarzga botiramiz? Qiz uzatib, oʻgʻil uylantirgan ota-ona yayrab-yashnab hayot kechirish oʻrniga, bir umr farzandlarining kam-koʻstini yamash bilan oʻtadimi?
Xonbibi HIMMAT qizi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » “Qovurdoq” dahmazasi