22:07 / 19.03.2019
11 378

Sirdaryoda Xitoydan keltirilgan 3 million tut koʻchati yoqib yoʻq qilindi (foto, video)

Sirdaryoda Xitoydan keltirilgan 3 million tut koʻchati yoqib yoʻq qilindi (foto, video)
Xitoy Xalq Respublikasidan Sirdaryo viloyatiga 3 million dona tut koʻchati Karantin ruxsatnomasisiz olib kirilgani maʼlum boʻldi.

Karantin ruxsatnomasi – karantin ostidagi mahsulotni belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga olib kirishga yoki uning hududidan tranzit tarzida olib oʻtishga ruxsat berilganligini tasdiqlaydigan, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan berilgan hujjat. Ushbu hujjatda respublikamizning fitosanitar talablari koʻrsatiladi.


Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasi matbuot xizmati xabar qilishicha, mazkur 3 million dona tut koʻchati boʻrtma nematoda bilan zararlangani uchun yoqish yoʻli bilan yoʻq qilingan.

Aytilishicha, mazkur tut koʻchati Oʻsimliklar karantini davlat inspeksiyasining Markaziy karantin laboratoriyasi tekshiruvidan oʻtkazilganda ildiz qismida boʻrtma nematoda topilgan va tegishli karantin choralari koʻrilishi yuzasidan xulosa berilgan.

Boʻrtma nematoda pomidor, bodring, sabzi, piyoz, gʻoʻza, gilos, oʻrik va boshqa ekinlarni kuchli zararlaydi. Boʻrtma nematoda bilan zararlangan mazkur ekinlar yoppasiga qurib qoladi. Lichinkalarning rivojlanishi natijasida oʻsimlik butunlay nobud boʻladi. Dunyo boʻyicha boʻrtma nematodalar bilan 2000 turga yaqin turli oilaga mansub madaniy va yovvoyi oʻsimliklar zararlangan, boʻrtma nematoda bilan zararlangan oʻsimliklarning soni yildan-yilga ortib bormoqda.


“Inspeksiya taqdimnomasiga muvofiq, viloyat hokimligi qarori bilan tut koʻchatlari keltirilgan hududda karantin holati eʼlon qilindi. Xitoydan keltirilgan 3 million dona tut koʻchatlari viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasining maxsus poligonida tegishli tashkilot va idoralarning masʼul xodimlari ishtirokida yoqish yoʻli bilan yoʻq qilindi”, deyiladi xabarda.

Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida”gi Qonunining 29-moddasiga asosan respublika hududiga karantin ostidagi mahsulotlar hamda oʻsimliklarning ekish materiallarini (urugʻlik, koʻchat, tuganak, piyozbosh va boshqalar) olib kirishdan avval “Oʻzdavkarantin” isnpeksiyasidan karantin ruxsatnomasi va fitosanitariya sertifikatini olish maqsadga muvofiqdir.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Sirdaryoda Xitoydan keltirilgan 3 million tut koʻchati yoqib yoʻq qilindi (foto, video)