21:06 / 24.03.2019
2 932

Jahongir Ortiqxoʻjayev deputatlik soʻroviga javob berdi

Jahongir Ortiqxoʻjayev deputatlik soʻroviga javob berdi
Joriy yilning yanvar oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Ulugʻbek Samatov Shayxontohur tumanidagi “Kattahovuz”, “Suzuk ota”, “Eshonguzar”, “Yangi Kamolon”, “Kamolon” mahallalarida boʻlib, u yerdagi vaziyatni oʻrgangandi.

Shu asosda, fevral oyida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevga Shayxontohur tumanida yashovchi fuqarolarga qulayliklar yaratish hamda mahalla fuqarolari yigʻinlari xodimlarini zarur shart-sharoitlar bilan taʼminlash borasida shahar hokimligi tomonidan rejalashtirilayotgan ishlar yuzasidan axborot berishlari toʻgʻrisida soʻrovnoma yuborilgandi.

Mazkur deputatlik soʻroviga Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxoʻjayevdan javob xati keldi. Bu haqda Adolat sotsial-demokratik partiyasi Matbuot xizmati xabar berdi.

Unda “Yangi Kamolon” va “Kamolon” MFYlarida mahalla markazi, savdo va maishiy shaxobchalar tashkil etilishi, “Suzuk ota” mahallasining qolgan ichki yoʻllarini asfaltlash ishlari 2019 yilning oxirigacha amalga oshirilishi rejalashtirilganligi koʻrsatilgan. Hududdagi “Kattabogʻ” mahallasida maktabgacha taʼlim muassassasi ochish lozimligi borasidagi murojaatga, hozirda Toshkent shahri boʻyicha ehtiyoj bor tumanlarda davlat yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida MTMlarini tashkil etish yuzasidan ishlar amalga oshirilayotgani toʻgʻrisida axborot berilgan.

Shuningdek, “Kattabogʻ” mahallasidagi Kattabogʻ, Atirgul va Samarqand Darvoza koʻchalariga oqava suv tarmogʻini qurib, shahar oqava suv tarmogʻiga ulash ishlarini Toshkent shahar bosh rejasi tasdiqlangandan soʻng amalga oshirilishi maqsadga muvofiq ekanligi keltirilgan. Ushbu reja konsepsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining topshirigʻiga asosan, joriy yilning 20 may kuniga qadar ishlab chiqilishi belgilanganligi maʼlum qilingan.

Shu bilan birga, deputatlik soʻrovida keltirilgan kamchiliklarni bartaraf etish Toshkent shahar hokimligi nazoratida ekanligi bildirilgan.

Oʻz navbatida partiya javob xatida koʻrsatilgan muddatlarda hokimlik nazorati ostida yuqorida keltirilgan mahallalarda aholi uchun kerakli qulayliklar yaratilishiga umid bildirgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Jahongir Ortiqxoʻjayev deputatlik soʻroviga javob berdi