18:17 / 26.03.2019
12 397

Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (1-maqola)

Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (1-maqola)
Tekis, silliq va shohona hayot...

1972 yil 8 iyulda tugʻilgan Gulnora Karimova hech qiyinchilik koʻrmay balogʻatga yetdi. U maktabni bitirganida otasi Islom Karimov Oʻzbekiston Kommunistik partiyasi markaziy kengashi birinchi kotibi, yaʼni mamlakat rahbari lavozimida qudratli siyosiy arbobga aylangan edi deb yozadi “Xabar” nashri.

Otasining koʻmagi va obroʻsi tufayli u nufuzli oliygohlarda tahsil oldi, lavozim pillapoyalaridan ham juda silliq, qushday oʻsib borardi.

Avvaliga Karimova Oʻzbekistonning Rossiyadagi elchixonasida maslahatchi, keyin Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziriga maslahatchi boʻldi. 2008 yili tashqi ishlar vazirining madaniyat va gumanitar hamkorlik masalalari boʻyicha oʻrinbosari etib tayinlandi.

2008—2013 yillarda Oʻzbekistonning BMTga qarashli Jenevadagi tashkilotlari vakili, 2010—2012 yillarda Oʻzbekistonning Ispaniyadagi elchisi boʻlib ishladi. U bu lavozimlarda qoyillatib bir ish qilgani yoʻq, unga diplomatik daxlsizlik maqomi kerak edi, xolos. Bu maqomdan nima maqsadda va qanday ustalik bilan foydalanilgani haqida keyinroq toʻxtalamiz.

Foto: “Delfi”
Yulduzi porlab turganida, xonim oʻzining isteʼdodi qirralarini koʻz-koʻz qilish uchun har sohaga qoʻl urdi. Maʼnosiz “Guuguusha” taxallusi ostida oʻzini qoʻshiqchilik sohasida ham sinab koʻradi. Pulning kuchi bilan mashhur yulduzlar Xulio Iglesias, Monserrat Kabalye, Maksim Fadeyev va Jerar Depardye kabi yulduzlar bilan qoʻshiqlar kuyladi va oʻzini ular qatorida koʻra boshladi.

Bu unga kamlik qilib, zargarlik buyumlari dizayneri sifatida dovruq qozonishga urindi. Moskva, Milan va Nyu-Yorkda modalar haftaliklarini oʻtkazdi. Oʻzining “Guli” brendini yaratdi, shu nomdagi atirini zoʻr berib reklama qildi.

Foto: “The Times”
Atrofidagi laganbardorlar va otasining kuchi bilan oʻziga haddan tashqari yuqori baho bera boshladi. “Oʻzbekiston madaniyati va sanʼati forumi” jamgʻarmasini tuzib, uning vasiylik kengashi raisi boʻlib ishladi.

2008 yildan boshlab, mutaxassislar unga otasi oʻrnini egallashi mumkin boʻlgan ehtimoliy nomzod sifatida qaray boshlashdi. Bungacha xorij OAVlarida Gulnora oʻz atrofida chetdan kuchli “piar”chi va loyihachilar guruhini tuzayotgani, ular koʻmagida bir qancha loyihalarni yoʻlga qoʻyib, 5-6 yil ichida undan xalq mehrini qozongan siyosiy arbob qiyofasi yaratilishi rejalashtirilgani haqida xabarlar tarqalgandi. Qaysidir maʼnoda, bu “missiya”ni amalga oshirishga urinilgani keyinchalik oʻz isbotini topgandek boʻldi.

Foto: “YouTube”
2005 yil aprelda Karimov oʻz qiziga yosh siyosiy elitani shakllantirish uchun Siyosiy tadqiqotlar markazini ochib berdi. Bu boʻlajak siyosatchi arbob uchun oʻziga xos “aql markazi” boʻlishi lozim edi.

Yoshligida Garvard universitetida sanʼat magistri darajasini olgan xonim, koʻp oʻtmay siyosiy fanlar doktori va professor ilmiy unvonlariga ega boʻldi. Hamma unga havas qilar, uning tarafdorlari boʻlgan yangi bir avlod shakllanib kelayotgan edi...

Islom Karimov nimani xohlar edi?
Karimovning haqiqatan ham katta qizi Gulnoradan umidi juda katta edi. Unga navbatdagi prezident boʻlishi uchun barcha resurslar, imkoniyat va vositalarni taqdim etardi. Xavfsizlik xizmatining qatʼiy nazoratida boʻlgan telekanallarda tunu kun uning turli loyihalariga joy ajratilar, barcha chiqishlariga “yashil chiroq” yoqib qoʻyilgan edi. Yangi-yangi tashabbuslarini amalga oshirishi uchun rozilik berilgandi.

Foto: “CA-TIMES”
Vaqt oʻtib, Gulnora oʻzini xuddi buyuk siyosatchi kabi tuta boshladi. Qoʻshimchasiga oʻzini barcha narsa mumkin boʻlgan “Oʻzbekiston qirolichasi”, deb eʼlon qildi. Neni istasa qilaverdi.

Kutilmaganda, Gʻarb tergovchilarining bong urushi bilan 2013 yilda shirin tushga nuqta qoʻyildi va “malika” real hayotda uyqudan koʻz ochdi.

Shundan soʻng uning hayotida murakkab kunlar boshlandi.

Tantiq xonim otasining ishonchini nafaqat oqlay olmadi, balki uning gʻazabini qoʻzitdi. Oʻzini juda erkin his qilgan qizi havoyi havaslarga berildi, siyosiy noʻnoqligini, boshqaruvda tajribasizligini koʻrsatdi.

Siyosat osmonida yangi yulduz boʻlib portlash daʼvosidagi xonim havaskor qoʻshiqchilik davrida, feshn shoularda milliyligimizga zid, musulmon ayoli uchun uyat boʻlgan ochiq-sochiq kiyinib, yoshlarga teskari oʻrnak boʻla boshladi.

Foto: “Vesti”
Dunyoning eng qimmat goʻshalaridagi muazzam va koʻrkam dala hovlilarda oʻz rohati va koʻngil xushi, maishati uchun yashashni odat qildi. Oʻzbekka bosh boʻlish maqsadini ochiq-oshkor bildirayotgan boʻlsa ham, bu jafokash xalqning na tilini oʻrgandi, na dardiga quloq soldi, na uni qiynayotgan asl muammolarini hal qilish bilan shugʻullandi. Aksincha, shu elning pulini koʻkka sovurdi.

Oʻzbekiston uchun sariq chaqalik foydasi tegmagan xorijdagi dongʻi ketgan megayulduzlarning qandaydir yarim yoki bir kunlik ijodiy safarlariga millionlab dollarni koʻz yummay behudaga sarfladi. Imijparastlik dardida tadbirvozligu koʻz-koʻzchilikdan boshi chiqmay qoldi.

Ochigʻi, oqbilakoyim oddiy odamlarimiz qanday qiyin va murakkab vaziyatda yashayotgani haqida hatto tasavvurga ega emas edi. Uning jarangdor loyihayu, ulugʻvor tashabbuslari tagida siyosiy maqsad mujassam edi.

Foto: “NewsNowgr.com”
Atrofida chinakam fidoyi va vatanparvar, eng asosiysi, oʻziga sodiq “komanda” yigʻa olmadi. Uning ortidan jaraq-jaraq pul ishlab olgan baʼzi shovvozlar ham xoʻjayini yiqilgan birinchi kuniyoq uni sotdi, ortidan yomonotliq qilib toshlar ota boshladi.

“Opa” nomini olgan Gulnora atrofidagi bitta-yarimta tuzuk toʻrali yordamchilarining ham hafsalasini pir qilib, ularning ichki noroziligini keltirib chiqardi. Ular esa qanday qilib boʻlmasin, undan tezroq uzoqlashishga harakat qilishardi.

Keyinroq mediamagnat Firdavs Abduholiqovning eʼlon qilingan iqrorsifat maqolasida Gulnora va uning atrofidagi ogʻir vaziyat, tarang munosabatlar muhiti atroflicha tahlil qilib berilgan edi.

Yaqinda Xalqaro boks federatsiyasi prezidenti lavozimidan ketgan Gʻofur Rahimov, mashhur bokschi Ruslan Chagayev kabi millatimizning eng yorqin vakillari aynan Gulnoraning qurboni boʻlishdi. U oʻz qudratidan foydalanib, yoʻrigʻiga yurmagan bu shaxslarni kuchli tazyiqqa oldi, muttasil taʼqib qilishga urindi. Ular oʻz xavfsizligini taʼminlash uchun chetga chiqib ketishga majbur boʻlishdi. Va bu kabi nomlar kam emas. Gulnoraning qilmishlarini oʻz gardaniga olishdan boshqa chorasi qolmagan va uzoq yillar buning aziyatini chekkan arboblar bugun Oʻzbekiston siyosiy elitasi orasida ham bor.

Mamlakat ichida ham uning kalondimogʻligi, nuqsonli-mojaroli tabiati sabab aziyat chekkan oilalar, tadbirkorlar soni kun sayin ortib boraverdi...
Davomi bor.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (1-maqola)