Prezident maktablariga qabul jarayonini Angliyaning Cambridge Assessment kompaniyasi nazorat qiladi

  • 26 mart 2019, 23:48
  • 562
  • Jamiyat
  • Prezident maktablariga qabul jarayonini Angliyaning Cambridge Assessment kompaniyasi nazorat qiladi
    Bugun, 26 mart kuni Oʻzbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Oʻzbekiston Respublikasi xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov, vazirlik masʼullari va OAV xodimlari ishtirokida “Oʻqituvchilarning jamiyatdagi nufuzini oshirish bilan bogʻliq muammolar va ularning yechimlari” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda “Daryo” xabar berdi.

    Matbuot anjumanida Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov Prezident maktablariga qabul qilish jarayoni haqida ham toʻxtalib oʻtdi:

    «Prezident maktablariga oʻquvchilar faqat bilimiga qarab qabul qilinadi.

    Prezidentimiz tomonidan maktabga qabul qilish jarayonini baholash uchun eng yuqori tajribaga ega boʻlgan xorijiy mutaxassislarni olib kelish talabi qoʻyildi. Shuning uchun biz bir qancha davlatlar tajribasini oʻrgangan holda, oxiri Cambridge universitetining Cambridge Assessment kompaniyasini tanlab oldik. Bu dunyodagi eng nufuzli test oʻtkazadigan tashkilotlardan biri hisoblanadi.

    Prezident maktablariga qabul qilish jarayonini toʻliq Cambridge Assessment nazorat qiladi. Agar qabul jarayonida qandaydir gap-soʻz chiqsa, bu ularning zimmasida boʻladi. Bu albatta tekinga qilinmaydi. Hammasi xarajat. Lekin Prezidentning talabi hammasi ʻtozaʻ boʻlsin, dedilar. Vatan kelajagiga xizmat qiluvchi bilimli yoshlarni Prezident maktablari yetishtirib beradi. Kelgusida Prezident universitetini ochish ham rejalashtirilmoqda. Bolalarimizning sifatli taʼlim olishiga sharoit yaratish maqsadida.

    Nima sababdan Oʻzbekistondan Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiydek buyuk mutafakkirlar yetishib chiqmayapti? Bu maktablarning maqsadi kelgusida Oʻzbekistondan ana shunday allomalar yetishib chiqishi kerak», — deydi Xalq taʼlimi vaziri Sherzod Shermatov.

    » » Prezident maktablariga qabul jarayonini Angliyaning Cambridge Assessment kompaniyasi nazorat qiladi