16:23 / 27.03.2019
3 640

Yo ilm, yo oʻlim (boshqa yoʻl qolmadi)

Yo ilm, yo oʻlim (boshqa yoʻl qolmadi)
His-tuygʻular insonni boshqaradi. Shubhalanyapsizmi? Lekin bu fikrni butkul inkor etishga ham asos yoʻq. Taʼm bilishni olaylik. Bola nega shirinliklarni xush koʻradi? Sababi shirin taʼmga odatlangan. Axir, ona suti shirali-ku. Bir vaqtlar undan huzurlanganmiz. Shu bois hayot davomida xuddi shunday (yoki shunga yaqinroq) lazzatni topishga va tuyishga bot-bot intilamiz.

Endi barchamizni oʻz ichiga gʻarq etgulik darajada kengayib ketgan global media makon haqida gaplashsak. Dunyoda axborot Yer yuzidagi 8 milliard aholining kundalik ehtiyoji uchun zarur oziq-ovqat mahsulotlaridan ham koʻp. Turli maʼlumotlarni har daqiqada, har soniyada qabul qilamiz. Baʼzan tahlil qilib, baʼzan esa, shunchaki bir yamlab yutgan holda. Ammo istalgan axborotni qancha miqdorda emas, balki qanday isteʼmol qilish ham muhim. Aks holda, foydadan koʻra ziyoni koʻproq boʻladi.

Hozirgi axborot olamimiz tubsiz va sarhadsiz okeanga oʻxshaydi. Unda qancha illat, gʻurbat, bidʼat, yolgʻon va tuhmatlar suzib yuribdi. Biroq barchasini koʻrib ilgʻashga, magʻzini chaqib, asl mohiyatini tushunib yetishga ojizmiz. Bunday ojizlik nafaqat alohida bir shaxslar yoki guruhlar, balki butun boshli jamiyatlarga ham xos boʻlib bormoqda.

Ochigʻi, yurtimiz yoshlarining axborotga munosabati va undan foydalanish madaniyati, hayotiy eʼtiqodi, qarashlariyu qadriyatlarini tafakkur chigʻirigʻidan oʻtkazib koʻrilsa, bugun biz ham ojiz jamiyatga aylanayotgandek tasavvur uygʻonadi kishida. Balki, aslida ham shundaydir...

Keling, dastavval har bir shaxs ichki konstitutsiyasining oʻzagini tashkil qiluvchi hayotiy eʼtiqod masalasiga toʻxtalaylik. Eʼtiqod va qadriyat aslida egiz tushunchalar. Ikkisi ham bolalikdan shakllanadi va umr boʻyi insonga hamrohlik qiladi. Ularning bosh manbai esa, oiladagi tarbiyadir.

Lekin tarbiya oʻz-oʻzidan paydo boʻlib, oʻz holicha kechadigan jarayon emas. Unga puxta tayyorgarlik koʻrish kerak. Bunda ota-ona, avvalo, millatning maʼnaviy oriyentirlariga murojaat qiladi (har holda, shunday boʻlmogʻi durust demoqchimiz).

Oʻzbek xalqi uchun ilmu maʼrifat hamisha va har vaqt eng muhim maʼnaviy oriyentir boʻlib kelgan. Yevropa hali mudrab yotgan zamonlarda olamshumul kashfiyotlari bilan butun dunyoni uygʻota olgan, falakiyotdan tortib tibbiyotgacha, huquq va geografiya, hatto hozir mislsiz darajada rivojlangan axborot texnologiyalari sohasining tamal toshini qoʻygan oʻnlab buyuk ajdodlarimiz bolalikdan ilmu maʼrifatga intilgani, bilim olishni yuksak, yana bir bor qaytaramiz, yuksak (!) qadriyat deb hisoblagani uchungina daho boʻlib yetishdi. Oradan necha asr oʻtib ham ularga boʻlgan hurmat-eʼtirof zarracha kamaygani yoʻq.

Ota-bobolarimizdan qolgan bebaho ilmiy meros hali-hanuz insoniyatni oʻylashga, tahlil qilishga, yangiliklar yaratishga undab kelmoqda. Ushbu xazinaning duru marvaridlarini koʻz qorachigʻidek avaylab, tafakkuriga jo aylagan jamiyatlar bundan faqat yutmoqda. Axir, ilmiy salohiyati yuksak mamlakatlar yengilmasdir. Ularni na taslim qilish, na qoʻlda qoʻgʻirchoq qilib oʻynatish mumkin.

Xoʻsh, oʻtmishi buyuk xalq boʻlaturib nega bugun biz, dunyo tan olgan Xorazmiy va ibn Sino avlodlari ilm-fanda orqada qoldik? Nega internetda gʻiybatlashish, boʻlmagʻur post va xabarlarni oʻqib, ularga munosabat bildirish, “Million”chilarning bachkana konsertlarini tomosha qilishga, bir soʻz bilan aytganda, oʻz saviyamizni tushirishga soatlab vaqt sarflaymiz-u, ammo yilda aqalli bir marotaba kutubxona yoki kitob doʻkoni ostonasidan hatlamaymiz? Nega dangʻillama hovli-joy solishga oshiqamiz-u, biroq ehtiyojimizdan ortib qolayotgan mablagʻni maktab kutubxonasiga xayriya qilgimiz kelmaydi? Nega oʻsha qasr-uylarda yigirmata televizor bor-u, ammo yigirmata kitob topilmaydi?!.

Oxiri koʻrinmas yuqoridagi kabi ogʻriqli savollarga uzil-kesil javob berish juda qiyin (ular hayotiy haqiqat asnosida vujudga kelayotganini anglash esa, undan-da ogʻir!). Faqat bir gap xayolda aylanaveradi — oʻzingdan soʻra, oʻzbegim, oʻzingdan!

Fikrni mutolaa mavzusiga burganimiz bejiz emas. Sababi ayni paytda kitobxonlik jamiyatimiz uchun hayot-mamot masalasiga aylangan. Qanchalik andishali xalq boʻlmaylik, bir haqiqatni roʻy-rost aytishga toʻgʻri keladi — bugun aksariyat yoshlar maʼnaviy oriyentirlarsiz yashamoqda. Bunday tendensiya kun kelib millatning koʻhna ildizlarini batamom quritib yuborishi tayin. Bunga esa, yoʻl qoʻyib boʻlmaydi!

— Yoshlarni yengil-yelpilikka koʻniktirish, axloqsizlik, jirkanchlik va johillikni targʻib qilish, olijanob his-tuygʻular hamda goʻzallikka intilishiga imkon qoldirmaslik millatning oʻz-oʻzidan parokanda boʻlishiga olib keladi, — deydi amaliyotchi psixolog Luqmon Kazakov.— Bu texnologiya bashariyatga qadimdan maʼlum. Yangi mingyillikka kelib u axborot urushining asosiy quroliga aylandi. Natijada global media makonda millionlab odamlarni yoppasiga ahmoqlashtirish jarayonini kuzatyapmiz.

Gollivudning jangari filmlarini olaylik. Ular taʼsirida bir necha avlod voyaga yetdi. Bunday kinoasarlar hozir ham kassabop. Auditoriyasi esa, asosan bolalar va oʻsmirlar. Istalgan jangari filmda jismonan baquvvat, lekin sira yengilmas qahramon hammaning burnini qonatib yoki odamlarni beayov oʻldirib yuradi. Ekranda hadeb vajohat va zoʻravonlikni koʻravergach, yosh tomoshabin kuch ishlatishni qadriyat sifatida qabul qila boshlaydi. Deylik, nega bosh qahramon birovga pichoq suqdi, axir, bu yomon-ku, degan fikr uning xayolidan oʻtmaydi. Chunki aksariyat bolalar axborotni tahlil qilishga, voqea­hodisalarga tanqidiy munosabat bildirishga odatlanmagan. Aniqrogʻi, biz ularni shunday qilib tarbiyalay olmayapmiz.

Bordi-yu, ota-ona farzandiga erta yoshdan kino va hayot boshqa-boshqa narsalar ekanini, birovga ozor yetkazish, urish yoki oʻldirish jinoyat sanalishini hamda bu qilmishi uchun inson, albatta, jazolanishini tushuntirsa, bolada salbiy axborotga immunitet shakllanadi. Va kun kelib u sizga bunday filmlarni suratga olishdan maqsad nima, degan savolni berishi muqarrar.

Yana bir gap. Audiovizual vositalar orqali zoʻravonlikni hadeb namoyish etaverish huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning ortishiga sabab boʻladi. Qonunlarga itoat etmaydigan odamlarni esa, yoʻldan toydirish, aldash va adashtirish juda oson. Boshqacha aytganda, hozirgi media makondagi dezinformatsiya (yolgʻon va noxolis axborotlar oqimining kengayishi) ijtimoiy dezoriyentatsiya, yaʼni jamiyat uchun odatiy va normal tasavvurlarning izdan chiqishiga olib kelmoqda. Keyingi vaqtda yoshlarimiz feʼl-atvorida agressiya, johillik, suitsidal kayfiyat tobora yaqqol koʻzga tashlanayotganini mana shu jihat bilan izohlash mumkin.

Ayanchlisi, saviyasizlik va bachkanalik nainki media makon, hatto sanʼatimizga ham singib boryapti.

Bir necha oʻn yilliklar avval Gʻarbda gʻalati bir tendensiya vujudga kelgandi — sanʼatkorning mashhurlik darajasi isteʼdodi bilan emas, balki tashqi qiyofasi yoki xatti-harakatidagi gʻayritabiiylikdan kelib chiqib belgilangan. Aytaylik, qaysidir xonanda konsertda gitarasini sindirishi mumkin, birov qulogʻi yoki burnini teshib olgan, boshqasi badaniga tatuirovka chizdirgan va hokazo. Bu narsalar psixologik nuqtai nazardan anormal holat, yaʼni axloq meʼyorlaridan ogʻish hisob­lanadi. Lekin hamma gap shundaki, oʻziga erk bergan “sanʼatkor”lar koʻpaygani sayin omma va birinchi navbatda, yoshlar axloqsizlikni norma sifatida qabul qila boshlaydi. Muammo yana oʻsha-oʻsha — oʻzini muxlis deya atayotganlarda tahlil qilish, chuqur mushohada yuritishga koʻnikma ham, istak ham yoʻq. Ularni musiqaning soʻzu ohangidan koʻra shovqin-suroni koʻproq qiziqtiradi. Bugungi oʻzbek estradasini arzon-garov qoʻshiqlari bilan bulgʻayotgan “xonanda”larning bozori nega bunchalik chaqqon ekanini endi anglayotgandirsiz.

— Nazarimda, zamonaviy dunyoga senzura kerak, — taʼkidlaydi L.Kazakov. — Soʻz va ijod erkinligini boʻgʻish maʼnosida emas, balki sanʼat, adabiyot hamda qalb tarbiyasiga bevosita aloqador boshqa sohalarda axloqsizlikka yoʻl qoʻymaslik uchun ham cheklash mexanizmini ishga solish zarur. Lekin maʼnaviy qashshoqlikka qarshi kurashishda senzura faqat 30 foiz samara beradi. Qolgan 70 foizi sizda goʻzallik hissi nechogʻliq shakllangani bilan bogʻliq. Bunga esa, mutolaasiz erishish mumkin emas. Ilmning bosh manbai, shubhasiz, kitobdir.

Ilgari hayotimizda internet yoʻq edi. Telekanallar sanoqli boʻlgan. Koʻrsatuvlar ham. Oʻshanda odamlar kitobni koʻproq qoʻlga olardi. Bundan tashqari, dunyoqarashini kengaytirish, maʼnaviyatini yuksaltirish maqsadida teatr va muzeylarga borgan. Mana shu yoʻsinda biz faqat axborot emas, balki bilim olishga intilardik.

Hozir axborot oqimini toʻxtatib boʻlmaydi. Televideniye koʻngilochar kanallar bilan liq toʻla. Past saviyali musiqa, yumor, kino va multfilmlarga koʻmilib ketyapmiz. Oqimga qarshi suzish befoyda. Boshqacha yoʻl tutmoq zarur — oʻgʻil-qizlarni bogʻchadanoq mutolaaga qiziqtirib, yaxshi asarlarni tanlab oʻqishiga koʻmaklashsak, jamiyatni koʻp illatlardan tozalagan boʻlamiz.

6-7 yoshlarda bolada tasavvur koʻnikmalari shakllanadi. Mazkur bosqichda unga axloq nimaligini tushuntirib borish lozim. 11-12 yosh insonning axborotni tahlil qilib, maʼnosini chaqishga harakat qiladigan payti. Mana shu jarayonda bola koʻrayotgan filmi, eshitayotgan musiqasi yoki oʻqigan kitobini ota-onasi va ustozlari ishtirokida muhokama etsa, u asta-sekin tahliliy fikrlashga oʻrganadi.

Yoshlarga kitob oʻqitibgina millatni maʼnaviy halokatdan asrash mumkinligini sotsiolog Komil Kalonov ham biz bilan suhbat davomida qayta-qayta taʼkidladi.

— Har oʻquv yili boshida auditoriyaga darsga kirgan talabalar shu kungacha nechta kitob oʻqigani bilan qiziqaman, — deydi Oʻzbekiston Milliy universiteti sotsiologiya kafedrasi mudiri K.Kalonov. — Ishonasizmi, oʻnta kitob oʻqiganman, deganlari bir yoki ikkita topiladi, xolos. Mazkur holat biz, sotsiologlarda jamiyat kelajagi haqida jiddiy tashvish uygʻotmoqda.

— Xoʻsh, muammoning ildizi qayerda? Nahotki, hali ham oʻtish davridamiz?
—Kinoyangizni tushundim (istehzoli kuladi). Oʻtish davri koʻpi bilan uch yil davom etishi mumkin. Uch yil! Biz esa, oʻttiz yildan buyon oʻtish davri, deb oʻzimizni ovutib yuribmiz. Yoʻq, oʻrtoq jurnalist, muammoning ildizlari boshqa yoqda.

Mening kuzatishlarim boʻyicha biz jamiyat rivoji uchun muhim boʻlgan jabhalar, avvalo, taʼlim sohasida vorisiylikni saqlab qololmadik. Yurtimizda birdaniga hamma narsadan voz kechish tamoyili asosida islohotlar olib borildi. Maktab taʼlimini olaylik. Sotsiologiya fanining otasi, buyuk nemis olimi Maks Veber fanga “ideal byurokratiya” degan nazariyani kiritgan. U shu nomli asarida: “Byurokratiya ideal boʻlishi kerak. Byurokratiya ideallikdan oʻtdimi, hamma narsani orqaga tortadi”, — deb yozadi. Bizda ikkinchi holat yuz berdi. Chunki oʻz vaqtida ideal byurokratiyani notoʻgʻri talqin qildik. Natijada oʻqituvchi qogʻozga koʻmib qoʻyildi. darsni sifatli oʻtish emas, tekshiruvlardan “omon qolish” haqida oʻylaydigan boʻldi.

Toʻgʻri, hozir baʼzi xatolar tushunib yetilgan. Lekin ularni tuzatishga ham ancha-muncha vaqt kerak.

Ikkinchi muammo, ongimizda parazitlik qilayotgan stereotiplar bilan bogʻliq. Bir misol keltiraman. “Ommaviy madaniyat” deya hamma yoqqa ayyuhannos solyapmiz. Toʻgʻri, bu bor narsa. Ammo negadir jamiyatimiz “ommaviy madaniyat” faqat gʻarbdan kirib keladi, deb oʻylaydi. Mana shunday fikrlashning oʻzi stereotip. Televideniyemiz hind film va seriallarini koʻrsatgani-koʻrsatgan. vaholanki, ular ham ommaviy madaniyat!

— Nega?
— Eʼtibor bering, hind kinolarining barchasi bir xil syujet va yechimga ega. Film nima bilan yakunlanishini oldindan bilib turasiz. Inson baxt­li boʻlishi kerak! Hind kinoijodkorlari bu gʻoyani tomoshabin ongiga tinimsiz singdirishga harakat qiladi. Sababi tushunarli. Hindistonda 1,5 milliard aholi bor. Shundan 400 millioni savodsiz va qashshoq. Tasavvur qilyapsizmi, 400 million-a! Bu AQSHga oʻxshagan katta bir davlat yoki salkam butun Yevropa qitʼasi degani. Oʻsha savodsiz va qashshoq omma uchun faqat bitta obrazni yaratish mumkin. Bu — baxtli hayot obrazi. Bejiz emaski, hindlar oʻzini dunyodagi eng baxtiyor xalq, deb hisoblaydi. Boisi inson qanchalik nochor yashasa, oʻzini shunchalik baxtli his qiladi. Qanchalik boy va ilmli boʻlsa, shunchalik baxtsizdir. Chunki hamma narsaga aqli yetadi-da. Bunday odamlar koʻngil xotirjamligiga erishishi juda qiyin.

— Unda nega hind filmlari va seriallari Oʻzbekistonda sevib tomosha qilinadi? Biz qashshoq emas-ku!
— Biz maʼnan qashshoqlashyapmiz. hamma gap shunda. Aksariyat yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlar milliy qadriyatlarimizni oʻrganish oʻrniga oʻzga millatlar madaniyatiga koʻr-koʻrona ergashib ketmoqda. Oqibatda maʼnaviyat boy berilyapti. bu dahshatli narsa!

— Nima qilish kerak?
— Toʻgʻri savol. Yoshlar mutolaaga qaytmaguncha hech narsa oʻzgarmaydi. Kitob oʻqimagan omma televizorga yopishadi. U yerda esa, sayoz film, serial va koʻrsatuvlar namoyish etilmoqda. Saviyasiz media mahsulotlarni qayta-qayta isteʼmol qilavergan inson, tabiiyki, maʼnan qashshoqlasha boshlaydi.

Meni qiynayotgan yana bitta ogʻriqli masala bor: nega umumtaʼlim maktablarini har yili 650-700 ming nafar yigit-qiz tamomlaydi-yu, ammo ularning bor-yoʻgʻi 10 foiziga oliy oʻquv yurtlariga kirish imkoniyati yaratilgan? Bu haqda yurtimiz sotsiologlari salkam oʻn yildan buyon bong urib kelmoqda. Axir, oʻqishni davom ettira olmagan 600 ming qorakoʻz turmush tashvish­lariga oʻralib, ilmdan yiroqlashishi tayin-ku.

— Kutubxonalarimiz oziq-ovqat doʻkonlaridek serob boʻlsa ham mayli edi...
— Haq gap. Bolalik paytimda mahallalar hamda koʻp qavatli uylar orasida ixchamgina kutubxonalar boʻlardi. Hamma kirmasa ham, harqalay, qiroat zallari boʻsh qolmasdi. Endi esa, oʻzimizni internetga urganmiz. Xoʻsh, nima naf koʻryapmiz bundan?! Hech qanaqa! Internetda safsata sotish evaziga bizda olomon psixologiyasi shakllanib boʻldi. Ijtimoiy tarmoqlarda yuzaki gap-soʻzlardan nariga oʻtolmayapmiz. Jiddiy, fakt va dalillar asosida bahs-munozara yuritishni bilmaymiz. Chunki ilm yetarli emas.

Jamiyatda tirnoq tagidan kir qidirishdek bemaza illat paydo boʻlgan. Ayb toʻqishga usta boʻlib qoldik — talabalar oʻqituvchilarni savodsizlikda ayblaydi, koʻchaga chiqsangiz, odamlar bir-birini doʻzaxiylikda ayblaydi... Millatni maʼnaviy tanazzuldan qutqarishning yoʻli bitta — yoshlarda ilmni kuchaytirish zarur. boshqa yechim yoʻq!

— Yoshlarimiz kitobxon boʻlishini hamma xohlayapti. Lekin birgina istak bilan maqsadga erishish dargumon. Siz nimani taklif qilasiz?
— Amerikalik sotsiolog Deniyel Bell oʻzining “Postindustrial jamiyat” nomli asarida: “XXI asrda oʻqish-yozishni biladigan aqlli odamlar koʻp boʻladi, lekin donishmand odamlar juda kam uchraydi”, — deb yozgan. Olimning bashorati toʻgʻri boʻlib chiqdi. Donishmand bu — kitob oʻqigan odam. Bilʼaks, oddiy koʻzoynak yoki bashang kiyim-bosh ham sizni aqlli qilib koʻrsata oladi.

Savolingizga kelsak, men maktabdagi oʻqituvchimning tajribasini qoʻllashni taklif qilaman. Yozgi taʼtilda har bir oʻquvchiga yigirmata badiiy asarni oʻqishni majburiy qilib qoʻyish kerak. Lekin kitoblarni muallimning oʻzi saralab bersin. Shu tamoyilga soʻzsiz amal qilaylik, mana koʻrasiz, farzand­larimiz kitobga umrbod mehr qoʻyadi.

Xuddi shunday oliy taʼlimda ham. Yevropadagi aksariyat universitetlarning kafedra oʻqituvchilariga, avvalo, oʻz faniga oid yuzta tayanch manbani oʻqib chiqish topshiriladi. Aks holda, u dars berishga haqli emas. Nega biz shu ishni qilolmaymiz? Talaba oliygohni bitirguncha yuzta kitobni oʻqib chiqsin, boʻldi, yuz birinchisini oʻzi yozadi.
Nargiza UMAROVA

Manba: Darakchi.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yo ilm, yo oʻlim (boshqa yoʻl qolmadi)