Maqsad “pul shilish”mi?..

  • 27 mart 2019, 17:30
  • 1 566
  • Jamiyat
  • Maqsad “pul shilish”mi?..
    Oʻzbekistonni dunyoning uzoq va yaqin davlatlari qanchalik bilishadi? Oʻqituvchim juda xunob boʻlib bir voqeani aytib bergandi. Ancha yillar avval Londonga borganida bir angliyalik ustozimning egnidagi milliy choponimizni koʻrib “buni qayerdan oldingiz”, deb soʻrabdi. Shunda ustozim faxrlanib “bu mening yurtim Oʻzbekistonniki” deganida, angliyalik “Oʻzbekiston degan gipermarket qayerda” degan ekan. Ustozim yurtimiz haqida batafsil aytib bergach, angliyalik “ha tushundim UzPakistan” deb javob beribdi.

    Hozir zamon oʻzgardi, vatanimiz dunyo hamjamiyatida oʻz oʻrniga ega boʻlmoqda. Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida chet ellik sayyohlar koʻp tashrif buyuradigan mamlakat, yaʼni turistik markaz hisoblanadi. Sohada oxirgi yillarda katta oʻzgarishlar qilinyapti, lekin muammolar ham yoʻq emas. Xoʻsh mamlakatimizga kelgan sayyohlarni qanday muammolar qiynaydi?

    Ortiz Netali, ispaniyalik sayyoh:
    — Oʻzbekistonga rafiqam bilan keldim. Buxoro va Samarqand kabi tarixiy shaharlarda boʻldik. Odamlari mehmondoʻst va ovqatlari shirin. Internetda koʻrganimda bu yer zamondan ortda qolgandek taassurot uygʻotgandi. Chunki, internet orqali Oʻzbekistonni qidirganimda rasmlar shunday oʻylashimga sabab boʻlgandi. Ammo tarixiy shaharlarga kelib unday emasligiga ishonch hosil qildim. Lekin bozorlardagi tartibsizliklar, ayniqsa hoʻl meva va sabzavotlarning yerda yoyib sotilishi dilimni xira qildi. Hujjat toʻldirishda, mehmonxona tanlashda, shaharlararo yoʻllarda juda qiynaldim. Aeroportdan tushganimda mehmonxonagacha 50$ga borganman, aslida taksi narxi ancha arzonligini kech bildim.

    Zeshaan Zohid, pokistonlik sayyoh:
    — Yurtingizni yaxshi bilaman. Men, ayniqsa, tarixiy shaharlar va metrosining ozodaligiga qoyil qolaman. Inha universiteti talabalari bilan uchrashib fikr almashib turaman, chunki hamkasbmiz. Ikkinchi marta kelishim, ammo meni xafa qilgan jihati shahar aylanib yurganimda “hindistonlikmisan”, deb ustimdan kulib ketishadi. Xuddi oʻzga sayyoradan kelgan kishiga qarashgandek qarashadi. Aviachipta va mehmonxonaning qimmatligi, mehmonxonalarda taksi xizmatining yoʻqligi, rasmiy hujjatlarni toʻldirishga koʻp vaqt ketishini hisobga olmaganda, hammasi yaxshi.

    Kim Leyesuyel, koreyalik sayyoh, shoir:
    — Universitetda sharq adabiyoti kursini oʻqiganman. Oʻzbekistonga kelishimning asosiy sababi tarixiy shaharlaringizni koʻrish bilan bir qatorda, adabiyotingiz bilan yaqindan tanishish edi. Alisher Navoiy, Nodirabegim, Zulfiya, Erkin Vohidov ijodi bilan tanishman. Ularning ijodini ingliz tilidagi tarjimasi orqali oʻqiganman.

    Safar vaqtida sogʻligim ogʻirlashgani tufayli, mehmonxonada qolib, shifokor nazoratida boʻlishimga toʻgʻri keldi. Boʻsh vaqtimdan foydalanib mehmonxona kutubxonasida badiiy kitoblarni oʻqimoqchi boʻldim, afsuski oʻzim xohlagandek maʼlumot topa olmadim...

    Maqolani tayyorlash chogʻida bir nechta sayyohlik agentliklari bilan bogʻlandim. Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasiga ham telefon qildim. Goʻshakni ovozi “qoʻpolgina” opa koʻtardi. Rasmiy xat bilan murojaat qilishimni va u xatga javobni kutishimni aytib, oxirgi savollarimni eshitmasdan goʻshakni qoʻyib qoʻydi. Agar sayyohlarga ham shunday munosabat qilinayotgan boʻlsa, buyogʻini tasavvur qilavering.

    Davlat statistika qoʻmitasining maʼlumotiga koʻra, har yili 2 mln.ga yaqin xorijiy mehmon mamlakatimizga tashrif buyuradi va ularning oʻrtacha 200 ming nafardan oshigʻi aynan turizm maqsadida safar qilgan. Demak, aynan shu sayyohlar orqali, ularning yurtimizga bergan bahosi tufayli turizm salohiyati rivojlanadi, yoki...

    Birinchidan, juda koʻp va xoʻp aytilgan muammolarning biri — bu aviachiptalarning qimmatligi. Xorijlik sayyohlarning mamlakatimizga asosiy tashrifi aviareys orqali. Keyingi paytlarda bu sohada yangi qarorlar, chora-tadbirlar ishlab chiqilgani qulogʻimizga chalingandi. Ayniqsa, Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida yoʻlovchilar uchun imkoniyatlar yaratilganidan xabarimiz bor, yaʼni bu pasport nazoratidan oʻtishning qisqargani birinchi yutugʻimiz. Biroq narxlar hali-hamon tosh qotib turibdi. Aviachipta narxlarini optimallashtirish va aviakompaniyalar sonini koʻpaytirish, sohada sogʻlom raqobatni shakllantirish vaqti keldi.

    Ikkinchidan, mehmonxonalarda xizmat koʻrsatish sifatining yuqori emasligi. Sayyohlar odatda sayohat qilmoqchi boʻlgan yurtning shart-sharoitlari bilan obdon tanishib chiqishadi. Aksariyat sayyohlar bu boʻyicha maʼlumotlarni mehmonxona saytlaridan olishadi. Ularning servisi, turistlar uchun chegirmalar mavjudligi, imkoniyatlariga qarab mehmonxona tanlashadi. Afsuski mehmonxonalarimizda xizmat koʻrsatish sifati quvonarli darajada emas. Albatta narxiga qarab, sifati ham shu darajada boʻladi. Biroq xususiy uylar negizida tashkil qilingan kichik otel va xostellarda xizmat koʻrsatish sifati sayyohlarni qoniqtiryapdi, deb aytolmaymiz.

    Ayniqsa, bu borada mehmonxonalarda taksi xizmatining yoʻqligi sabab, yurtimizga kelgan sayyohlar aeroportdan, yaʼni ostona hatlamasdan turib katta muammolarga duch kelmoqda. Bunga haydovchi akaning hindistonlik sayyohlarni kun boʻyi shahar aylantirib yurgani uchun 2500$ (ikki yarim ming dollar) qoʻldan sanab olganligini misol sifatida keltirishimiz mumkin. Bunday muammolarga yechim sifatida, kadrlar tanqisligining oldi olinsa, mehmonxonalarda taksi va gid xizmati yoʻlga qoʻyilsa, mehmonxona rasmiy saytlari orqali Oʻzbekistonning turistik imijini shakllantirish va yurtimizga ikkinchi, undan koʻp marotaba kelayotgan sayyohlar uchun chegirmalar tashkil etilsa yaxshi boʻlardi.

    Uchinchidan, bizda Samarqand, Buxoro va Xivadan boshqa borib koʻradigan joylar yoʻqmi?! Aksariyat sayyohlar yurtimizga aynan shu shaharlarni koʻrish uchun tashrif buyurishadi. Xoʻsh, turistlar boshqa yerlarni ham koʻrishni istashsa, biz qaysi shaharlarga borishni maslahat beramiz?! Asosiy kamchiligimiz ham balki shundadir. Yurtimizda tarixiy maskanlar juda koʻp. Har bir viloyatda sayyohlarni oʻziga jalb qiladigan turistik markazlar tashkil qilish mumkin. Masalan, Namangan gullar shahri, yiliga bir marotaba oʻtkaziladigan gullar festivalining oʻzi yetarlimi? Balki gullardan iborat katta maketlar yasash mumkindir. Yoki Surxondaryoning baland togʻlari bagʻridagi yulduzli “openhotel” yoki Imom Termiziy nomidagi muzeyni koʻrishni xohlamaydigan odam boʻlmasa kerak. Ularni qiziqtira bilish lozim, xolos.

    Toʻrtinchidan, adabiy turizmni rivojlantirish. Chet ellik sayyohlar yurtimizga faqat tarixiy shaharlarimiz-u va osh-ovqatlarimiz uchun kelishadi, desak adashamiz. Bunday oʻylab koʻrsak, sayyohlarning yurtimizga kelishi uchun juda koʻp sabablari bor. Axir, bu yurt Alisher Navoiy, Mirzo Ulugʻbek, Al-Xorazmiy, Imom al-Buxoriy kabi buyuk ajdodlarga vatan boʻlgan diyordir. Masalan, Shotlandiyada Sherlok Xolmsning yashagan uyi bor ekan. Oʻylab koʻring, Sherlok Xolms yoʻq odam, u adabiy asar qahramoni, ammo turistlar dunyoning turli burchagidan uning oʻqigan kitoblarini, foydalangan koʻz oynagi va kiygan kostyumlarini koʻrish uchun tashrif buyuradi. Bizdachi afsonaga aylangan, hayotda juda koʻp ishlar qilib oʻtgan buyuk zotlar bor. Qolaversa, Farhod va Shirinning, Layli va Majnunning, Tohir va Zuhraning, Otabek va Kumushning “yashab oʻtgan” joylarini bunyod etish, borlarini obod qilish vaqti kelmadimikan?

    Beshinchidan, ovqatlanish shoxobchalaridagi muammolar. Bu muammo tashqi turizm uyoqda tursin, hattoki ichki turizmni rivojlantirishga ham toʻsiq boʻlmoqda. Oʻzbek palovini eshitgan, uni taʼmini taʼtib koʻrishni istaydigan, ginnes rekordlar kitobiga kirgan milliy taomimizni hech boʻlmasa koʻrinishini bilish uchun internetdan qidirgan xorijliklarni istagancha topish mumkin. Xoʻsh, bu borada ovqatlanish shoxobchalaridagi sharoitlar bilan maqtana olamizmi?! Arzon, ammo sifatiga oʻylobroq qoladigan, qimmat lekin bergan pulingga arzimaydigan joylar koʻp.

    Ayniqsa, turistlar boradigan joylarda ilojini topib ularning oxirgi chaqasigacha “sugʻurib” oladiganlardan odam hijolat tortasan. Eng qizigʻi, baʼzi joylarda hojatxonasigacha pulli qilib qoʻyishadi. Bu ham xizmat koʻrsatishga kiradi-ku. Axir hamma joylarda ham jamoat hojatxonalari mavjud emas. Yurtimizga kelayotgan sayyohlarning ham hammasi milliarder emasligini hisobga olsak, yaxshi boʻlardi. Yakka tartibda oʻzi sayohat qiladigan sayyohlar uchun ovqatlanish shoxobchasida tilni biladigan ofitsiantlar xizmat qilsin demaymiz, ammo ovqatlanish menyusini iloji boricha uch tilda koʻrsatsa maqsadga muvofiq boʻladi.

    Oltinchidan, har bir vatandoshimiz turizm salohiyatini shakllantirish boʻyicha oʻzining hissasini qoʻshyapti. Shuningdek, bu sohadagi muammo faqat ushbu soha mutaxassislariga tegishli emas. Uchinchi sektor vakillarini ham turizmni rivojlantirish ishlariga jalb qilsak, muammolar birin-ketin hal boʻlishi mumkin. Masalan, tadbirkorlar oʻzlari yashab turgan manzillarda turistik zonalar tashkil qilsa, yurtimizdagi 9200 dan ortiq nodavlat va notijorat tashkilotlari ham bosh qoʻshsa, har qaysisi bittadan loyiha qilganda ham katta ishlar amalga oshirilardi.

    Yettinchidan, milliy turizm imijini yaratish. Sohada juda katta oʻzgarishlar kutilyapti. Aksariyat sayyohlar boradigan davlati haqida maʼlumotlarni qidiruv tizimlari orqali olishadi. Masalan, Euronews davlatimiz haqida rolik qilganida juda xursand boʻldik va biz bajonidil yordam berdik. Biz haqimizdagi chet ellik sayyohlarning qarashini aynan .ru, .org domenlardagi saytlar hal qilayapti. Axir oʻzimiz ham sotuvchi maqtaganini emas, xaridor maqtagan narsani olishga qiziqamiz. Lekin reklamada ham gap koʻp.

    Chet ellik sayyohlarni jalb qilish boʻyicha roliklar tayyorlandi. Ammo bu axborotlar jahon media bozorida qanchalik xaridorgir?! Har kuni soniya ichida minglab “Oʻzbekiston” tegi bilan maʼlumot qidiriladi, bu albatta bizga boʻlgan qiziqishning ortishi. Shuning uchun doimiy tarzda chet tillarida roliklar, koʻrsatuvlar, maqolalar yozilishi va uni milliy .UZ domenida jahon mediabozoriga olib chiqishni yoʻlga qoʻyish kerak. Zero, chet ellik sayyohlar biz haqimizdagi maʼlumotlarni oʻzgalardan emas, oʻzimizdan eshitsin.

    Beruniy Alimov, jurnalist:
    — Kasbim taqozosi bilan juda koʻp davlatlarda boʻldim. Bir narsani faxr bilan aytishim mumkin oʻzbek xalqidek mehmondoʻst millat koʻrmadim. Bugungi kunda turizm salohiyatini oshirish uchun koʻp ishlar qilinmoqda. Lekin sohada oqsashlar bor. Chunki sayyohlarning “pulini shilish”ni emas, balki ularda mamlakatimiz haqida ijobiy taassurot qoldirish asosiy vazifamiz boʻlishi kerak. Ayniqsa, sayyohlarga xizmat koʻrsatadigan gidlarning xizmat koʻrsatish sifatini yaxshilashimiz zarur. Masalan, yaponiyalik hamkasblarim Xivada boʻlishdi. Kichik ikkita guruh boʻlishdi va ularga alohida-alohida gidlar xizmat koʻrsatdi. Kalta Minor tarixi haqida ikkita guruhga ham ikki xil maʼlumot berilgan. Masalan, birinchi guruhda urush tufayli toʻxtatilgan degan boʻlsa, ikkinchi guruhda minor quruvchisi shohning zolimligi tufayli qanot yasab uchib ketilgan deyishgan. Vaholangki, hamkasblarim eshitgan narsalarini bir-biriga aytganlarida ikki xil maʼlumot chiqib keldi.

    Xulosa oʻrnida shuni aytishimiz kerakki, koʻtarilgan muammo muammoligicha qolmasa va yurtimizga kelayotgan sayyohlar oldidagi toʻsiqlar bartaraf qilinsa, albatta, oʻzimiz kutgan natijalarga erishamiz.
    Ayjamal Joldasbayeva,
    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari
    federatsiyasi yetakchi mutaxassisi

    Manba: Xabar.uz

    » » Maqsad “pul shilish”mi?..