15:54 / 28.03.2019
10 333

Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (2-maqola)

Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (2-maqola)
Xalqning puli qani?
Mamlakat boyliklarini ayovsiz talon-toroj qilish, shubhali xorijiy kontraktlar tuzish ishiga bosh-qosh boʻlish orqali behisob boylik orttirdi. Oʻzbekistonda biznes olib borgan yuzlab xorijiy kompaniyalar tomonidan bajarilgan ishlar uchun haq toʻlovini asossiz ravishda bajarmadi va mamlakatimizning xalqaro arbitrajlarga tushishiga sabab boʻldi, deb yozadi Xabar nashri.

...Uning xorijda sotib olgan koʻchmas mulklari roʻyxati va davlatlar joʻgʻrofiyasi shu qadar kengki, insonning aqlini shoshiradi. Londondan tortib Dubaygacha, Gongkongdan AQSHgacha choʻzilgan bu mulklar keyinchalik uning qudratini fosh qilishda muhim fakt boʻlib xizmat qildi.

Foto: “Paparassi”
Albatta, bu harakatlarning barchasi garchi otasi mamlakat prezidenti boʻlib turgan boʻlsa ham dunyo hamjamiyatining eʼtiborini tortmasdan qolmas edi. Birin-ketin Shvetsiya, Shveysariya, Gollandiya, Rossiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, AQSH kabi davlatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarida turli ayblar boʻyicha tergov ishlarida uning nomi aylana boshladi.

Bu qilmishlari Oʻzbekistonning xalqaro obroʻsini tushira boshladi. Jinoyatlarning adogʻi, yutib yuborilgan pullarning bosh-keti koʻrinmasdi. Butun mamlakatni uzoq yillar tinch idora qilayotgan Islom Karimov uchun bitta quloqsiz qizini yoʻlga solish qiyin vazifaga aylanib qoldi.

Unga qarshi tergov harakatlari boshlanayotgan bir paytda oʻzini himoya qilish uchun ijtimoiy tarmoqlar orqali katta qilgan otasi, onasi va jigari boʻlmish singlisiga qarshi soʻzlar ayta boshladi. Mamlakatda qudratli arbob boʻlgan MXX raisi Rustam Inoyatovni uquvsizlikda va hokimiyatni egallab olganlikda ochiq ayblab chiqdi.

Albatta, Birinchi prezident qizini qanchalik qiyin boʻlmasin, ortiq ochiqda tuta olmas edi.

Nihoyat, chorasiz qizini sud hukmiga topshirishga majbur boʻldi. Biroq sud chogʻida u oʻmargan milliardlab dollar mablagʻlarning taqdiriga aniqlik kiritilmadi, ularni davlat xazinasiga qaytarish boʻyicha sud hukmida band bormidi-yoʻqmidi, buni ham hech kim bilmaydi.

Nega jinoyat sudi hukmi ochiq eʼlon qilinmadi? Hukm adolatlimidi? Koʻp savollar ochiq qolib ketdi. Ammo jinoyatchining otasi eng oliy hokimiyatda turgan paytda qaysi sudya “yoʻriqnomasiz” hukm chiqara olar edi, deb oʻylaysiz. Xullas, hukmron oila uchun uy qamogʻi — eng maʼqul variant edi. Bu orqali Gulnorani tashqi xavfdan yaxshigina himoya qilish ham mumkin edi. Shu sababli milliy qonunchiligimizga oʻzgartirish kiritildi: uy qamogʻi instituti paydo boʻldi.

Foto: “UzNews.uz”
Ammo elning peshona teri va qadoq qoʻllarining mehnati evaziga kelgan bu mablagʻlar, albatta, xalq byudjetiga qaytarilishi eng adolatli qaror boʻlar edi. Bu pullarga qancha uylar, yoʻllar, koʻpriklar, maktablar qurilishi mumkin edi.

Bu pullar qaytarilishi adolatdan boʻlishi haqidagi fikrlar faqat Shavkat Mirziyoyev prezident etib saylanganidan keyingina koʻtarildi.

Farqlar va foydalar...
Agar Gulnora haqiqatan ham prezident boʻlib qolsa nima yuz berar edi?

Avvalo Gulnora oʻzini qamatgani uchun otasini hech qachon kechira olmas edi. U hokimiyatga kelgan kuniyoq birinchi navbatda otasiga qarshi harakat boshlash ehtimoli ham yoʻq emasdi. Tabiiyki, uning hokimiyat tepasiga chiqishi oilaviy nizolar bilan boshlanar edi.

Shavkat Mirziyoyev oʻziga ustoz deb bilgan inson haqida hokimiyatga kelganiga mana, 2,5 yil toʻlganiga qaramay, biror marotaba haqoratli yoki kamsituvchi soʻzni ishlatmadi. Qolaversa, u oʻtganlarni yomonotliqqa chiqarish orqali soxta obroʻ orttirish yoʻlini inkor qilmoqda.

Biz Shavkat Mirziyoyevning faoliyatida Birinchi prezident Islom Karimovga nisbatan gʻaraz yoki kekni koʻrmadik. Aksincha, har doim uni eʼzozlab va ulugʻlab kelmokda, ruhi oldida chuqur hurmat va ehtiromini ochiq koʻrsatmoqda. Mustaqil Oʻzbekiston davlatining asoschisi sifatida nomini abadiylashtirdi. Buni qoʻshimcha siyosiy dividendlar orttirish yoʻlida qilmoqda, deb baholash notoʻgʻri boʻlar edi. Undagi chin oddiylik, olijanob fazilatlar, ulugʻlarga boʻlgan hurmat bugungi kunda quyi rahbarlarga ham koʻchib oʻtib, davlatning xalq tomon kuchli harakatiga aylanib ketdi.

Shavkat Mirziyoyev oʻsha davrning eng qaynoq siyosiy nuqtasida yashagan arbob sifatida oʻzbekning barcha muammolarini ham, ularning yechish mexanizmlarini ham juda yaxshi biladi. Eng quyi qatlamlargacha kirib borib, fuqarolar qanday hayot kechirayotganini ich-ichidan his qilib yashaydi.

Prezident marhum Islom Karimov hurmati uchun Gulnoraning barcha gunohlaridan kechib yuborish va ozodlikka chiqarish haqida ham oʻylamagan, deb boʻlmaydi. Unga imkon ham berildi. Lekin u nopok qoʻllari bilan orttirgan boylikni oʻz egasiga — xalqqa qaytarishni istamadi.

Jinoyatchini qonuniy jazodan ozod qilib yuborishga Shavkat Mirziyoyevning korrupsiyaga qarshi kurash borasidagi qatʼiy prinsiplari, albatta, yoʻl qoʻymaydi, deb oʻylashga barcha asoslar bor.

Bolalar nega jigʻibiyron?
Oxirgi kunlarda Gulnora Karimovaning xorijda, aniqrogʻi Londonda yashayotgan oʻgʻli Islom va qizi Imon anchayin bezovtalik bilan amaldagi rahbariyat nomiga xalqaro maydonda loy chaplashga berilib ketdi. Bu puxta oʻylangan kampaniyaga oʻxshaydi.

Qolaversa, Islom hech qanday ehtiyoj boʻlmasa-da, Britaniyadan shov-shovli tarzda siyosiy boshpana soʻrab, murojaat qilishgacha yetib bordi. Hech kim uni Oʻzbekistonda taʼqib qilayotgani yoki qidiruvga bergani ham yoʻq edi.

Imon esa oʻtgan yili 29 sentyabrda Londonga uchib ketish chogʻida Toshkent aeroportida xavfsizlik xizmati xodimlari uning shaxsiy kompyuterini tekshirishga qaror qilgani toʻgʻrisida ijtimoiy tarmoqda bahsli fikrlarni yozib, mustaqil xalqaro tergov oʻtkazish lozimligi haqida jamoatchilik eʼtiborini tortishga urinib koʻrdi.

Endi ularning uch-toʻrtta asossiz, lekin tagida oʻzining chuqur moddiy-moliyaviy manfaatlari yotgan gap-soʻzlariga odamlar chalgʻib ketadi, deyish ham xato boʻlar edi.

Odamlar hamma narsani bilib va koʻrib turibdi, oqni qoradan ajrata oladi. Biroq ularning ishlari zamirida respublikamizda jinoiy huquq, qamoqdagi shaxslar bilan munosabat boʻyicha olib borilayotgan tizimli islohotlarni obroʻsizlantirish, xalqaro jamoatchilikni real vaziyatdan chalgʻitishga urinishni kuzatish mumkin.

Foto: “Gazeta.uz”
Islom ular chetda yurganida onasiga biror kor-hol boʻlishi mumkinligidan chuqur tashvishda ekanligini, hukumatda uni yoʻq qilish rejasi borligi, bobosini oxirgi yoʻlga kuzatishga onasini ataylab qoʻyishmagani haqida tinmay soʻzlaydi.

“Islomboy, sen onang muvaffaqiyatsizliklarida hozirgi hokimiyatni ayblama. Hatto bobongu buving davlat tepasida turganida ham onangni himoya qilmaganini unutma. Sen hali yoshsan-gʻoʻrsan, beling ogʻrib bir tiyin topmagansan, ketmon nima, hatto paxtaning rangi qandayligini bilmasang ham kerak. Rossiyaga borib ishlayotgan yigitlarning dardiyu iztiroblari senga begona. Shu sababli onangning manfaatlarini himoya qilishingni toʻgʻri tushunamiz, albatta. Ammo bu intilishlaring Oʻzbekiston manfaatlariga qarshi oʻlaroq boʻlmasligi kerak. Qolaversa, xolang Lola Karimovaning 2001 yildan buyon onang bilan sovuq munosabatlari, jigarlarning bir-biri bilan muloqot qilmasligi haqida dunyoga jar solishga andisha qil. Ertaga singling bilan ham onang yashirgan boyliklarni boʻlishda janjal kelib chiqib, yuz koʻrmas boʻlib yurmagin”, degimiz keladi. Oʻmarilgan va aniqlangan pullar miqdori 2 milliard dollardan kam emas deyiladi.

Qizi Imon 2015 yil avgustda uy oshxonasida bir necha soat boʻlgan sudni xotirlab yozgan edi. Hozir onasining sogʻligʻi bilan bogʻliq jiddiy muammolari borligini va ikkita operatsiya oʻtkazish kerakligini, ammo uni shifokorlarga koʻrsatishga ruxsat berilmayotgani haqida jar solmoqda.

Inkor etib boʻlmas asos shuki, mahkuma jazoni oʻtash shartiyu tartiblarini buzdi. Yashash joyidan oʻzboshimchalik bilan chiqib ketdi, internet va mobil vositalardan foydalandi. Yetkazilgan zararni toʻlash haqida butunlay unutdi.

Probatsiya xizmati taqdimnomasiga koʻra, qonuniy chora qoʻllanildi. Jazoning qolgan qismini, 2019 yil martdan boshlab, umumiy tartibli koloniyada oʻtamoqda. Hozirda ayrim xalqaro tashkilotlar va ekspertlarning boʻlayotgan voqealarga siyosiy tus berishga va vaziyatda gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanib qolishga urinishi samarasiz ishdir.

Aslida ayrimlar bilib-bilmay iddao qilayotganidan ters ravishda Gulnora Karimovaga 2017 yilda emas, balki 2015 yildayoq hukm oʻqilgan va 5 yilga uy qamogʻiga mahkum etilgan edi. U 2013 yildan, yaʼni tergov harakatlari boshlangan davrdan uy qamogʻida saqlanib kelgan...
Davomi bor.

Mavzuga oid: Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (1-maqola)

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Gulnora Karimovani kim “oʻldirdi”? (2-maqola)