11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi kasb malakasi diplomi beriladi

  • 29 mart 2019, 00:20
  • 657
  • Jamiyat
  • 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi kasb malakasi diplomi beriladi
    Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihasi muhokamasi portalida “Umumiy oʻrta taʼlim maktablarining 11-sinf bitiruvchilariga kasb malakasi diplomini berish tartibini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi Xalq taʼlimi vazirining buyruq loyihasi joylashtirildi.

    Xalq taʼlimi vazirligi axborot xizmati xabariga koʻra, mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 24 oktyabrdagi 868-son “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarining 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualarini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tayyorlangan.

    Ushbu buyruqqa asosan 11-sinf bitiruvchilarining Oʻquv-ishlab chiqarish majmualarida malaka talablarini bajargan oʻquv-dasturlarida belgilangan bilimlarni oʻzlashtirgan oʻquvchilarga davlat namunasidagi kasb malakasi diplomi berilishi koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, mazkur hujjat loyihasiga koʻra oʻquv-ishlab chiqarish majmuasini muvaffaqiyatli tamomlagan bitiruvchiga mehnat qilish huquqini beruvchi oddiy yoki aʼlo darajali kasb malakasi diplomi beriladi hamda mazkur diplom bitiruvchining qaysi oʻquv-ishlab chiqarish majmualari kasb-hunar oʻrganishidan qatʼiy nazar oʻzi taʼlim olayotgan umumiy oʻrta taʼlimi maktabi direktori tomonidan berilishi belgilangan.

    Umumiy oʻrta taʼlim muassasalari 10-11-sinflari oʻquvchilariga kasbiy taʼlim berishga ixtisoslashgan oʻquv-ishlab chiqarish majmualari:
    • oʻquvchilarga maxsus va chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan kasb-hunar oʻrgatish;
    • shu kasb boʻyicha ijodiy fikrlaydigan, tashkilotchilik hamda tadbirkorlik koʻnikmalariga ega boʻlgan shaxsni tarbiyalash;
    • oʻquvchilarning qiziqish va qobiliyatlaridan kelib chiqqan holda kasb-hunar tanlashda koʻmaklashish maqsadida tashkil etilgan.

    » » 11-sinf bitiruvchilariga davlat namunasidagi kasb malakasi diplomi beriladi