20:12 / 29.03.2019
8 875

Qoʻqonda Xudoyorxon oʻrdasining suratlari taqdim etildi (foto)

Qoʻqonda Xudoyorxon oʻrdasining suratlari taqdim etildi (foto)
Qoʻqon shahrida Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 1 noyabrdagi «Xalqaro hunarmandchilik festivalini oʻtkazish toʻgʻrisida«gi qarori asosida joriy yilning 10—15 sentabr kunlari xalqaro hunarmandchilik festivali boʻlib oʻtadi, ayni paytda mazkur tadbirga qizgʻin tayyorgarlik koʻrilmoqda. Shaharning diqqatga sazovor joylari, qadamjolari, usta-hunarmandlar faoliyati bilan OʻzA tanishtiradi.

Qoʻqonda Fargʻona vodiysidagi boshqa shaharlarga nisbatan meʼmoriy yodgorliklar koʻp saqlanib qolgan. Dahmayi shohon, Jome masjidi, Komolqozi (Xoʻja dodxoh), Norboʻtabiy, Miyon hazrat, Dasturxonchi madrasalari, Madarixon dahmasi, Xudoyorxon oʻrdasi va boshqa koʻplab yodgorliklar shaharning tarixiy qiyofasini belgilab, uning husniga husn bagʻishlab turibdi.

Foto: OʻzA
XIX asrning muazzam va muhtasham obidalaridan boʻlmish Xudoyorxon oʻrdasi Turkiston zaminida mavjud mashhur uch saroy inshootidan biridir. Qoʻqon xonligi davrida xonlar tomonidan olti marta Oʻrda (saroy) qurdirgan. Zamona zayli bilan ular vayron boʻlib, faqat oxirgi oʻrda – Xudoyorxon oʻrdasining kichik bir qismigina saqlanib qoldi.

Manbalarning xabar berishicha, Xudoyorxon oʻrdasi oʻrnida Amir Umarxon oʻrdasi boʻlgan. Muhammad Alixon davrida mazkur inshoot mukammal taʼmirlanib, “Zarrinsaroy” degan nom olgan, baʼzan “Qirqustun” deb ham atalgan. Ushbu goʻzal inshoot 1842 yildagi urush pirovardida Buxoro amiri Nasrulloxon tomonidan vayron etilgan.

Sayyid Muhammad Xudoyorxon taxtga oʻtirgach, “Jahonoro” saroyida istiqomat qilgan. Saroy eskirib qolganligi, bu yerda otasi va akasi fitna qurboni boʻlganligi tufayli, yangi oʻrda qurdirish fikriga tushadi. Bu fikr yoshligida tugʻilgan boʻlsada, sharoit taqozosi bilan bu ishga 1865 yildagina kirisha oladi. Umarxon xotirasini yodga olib, yangi oʻrdani Umarxon oʻrdasi xarobalari oʻrniga qurishni moʻljallaydi.

Bosh meʼmorlikka Mir Ubaydullo Muhandis, sarkorlikka Muhammad Turdiali tayinlanadi. Shuningdek, Usta Abdullo Roshidoniy, aka-uka Usta Jamol va Usta Jamil, Usta Zokir, Mullo Suyarqul, Usta solixoʻja, Fozilxoʻja Buxoriy, Usta Hakimboy, Usta Soʻfi Yoʻldosh, Usta Marasul, Isaboy Mahsum, mulla ahmad Domullo, Muhammad Olim Sirchi va boshqa atoqli ustalar qurilish ishiga jalb etiladi.

Foto: OʻzA
Dastlab ganchdan inshootning “surati” tayyorlanadi. Loyiha tayyorlashda Amir Umarxon davrida barpo etilgan bogʻni qayta tiklashga harakat qilinadi. Saroy qurilishida Fargʻona ustalari bilan birga Buxoro, Samarqand va Oʻrta Osiyodagi boshqa shaharlarning quruvchi-ustalari faol qatnashdi. Qurilish ishlarini tezlashtirish maqsadida xon xalqni hasharga jalb etadi. Jami qurilish ishlarida 16 ming aholi, 80 nafar usta ishlaydi, mingdan ortiq arava va zambilgʻaltakdan foydalaniladi. Qurilishning asosiy qismi 1870 yilda tugallansada, ayrim bezak ishlari bir qancha vaqt davom ettiriladi. Uning rasman qurib bitkazilgan sanasi 1873 yil deb belgilangan.

Foto: OʻzA
Oʻrda binosi oʻsha davrning yirik saroy inshootlaridan boʻlib, maydoni sakkiz gektarni egallagan. Atrofi qalʼa sifatida baland binolar, qalin devorlar bilan oʻrab olindi. Qalʼa atrofiga choh qazilib, Qoʻqonsoydan chiqarilgan anhor oqizilib, yana soyga tashlanadi.

Inshoot toʻrt tarkibiy qismdan iborat boʻlgan:
1. Tashqi saroy (qalʼa).
2. Oʻrta saroy.
3. Bogʻ.
4. Ichki saroy.

Foto: OʻzA
Har bir qismning sharq tomonga qaragan va bir oʻq yoʻnalishi ustida joylashgan oʻz darvozasi bor edi. Birinchi darvoza hozirgi bogʻning ramziy darvozasi oʻrnida boʻlgan. Saroyning oʻymakor eshigini ishlagan usta Maqsumxoʻja Gʻoziyon madrasasidagi katta eshik va Toshkentdagi Shayxontohur eshigini ham qoʻldan chiqargan. Oʻrdaning bezak ishlarida xalq memorchilik sanʼatining badiiy kulolchilik, naqqoshlik, yogʻoch, ganch oʻymakorligi va boshqa koʻp turlaridan foydalanilgai. Mohirlik bilan terilgan turli rang va har xil shakldagi koshinlar uygʻunligi hamda nafisligi Fargʻona kulollik sanʼati XIX asrda yuksak darajaga yetganligidan dalolat beradi.

Foto: OʻzA
Mazkur binoda 1925 yilda Qoʻqon shahar oʻlkashunoslik muzeyi tashkil etilgan. 2017 yildan esa muzey “Qoʻqon madaniyati tarixi davlat muzeyi” maqomini oldi. Albatta shaharga tashrif buyurgan mehmon va xorijlik sayyohlar Xudoyorxon oʻrdasini tomosha qilmasdan ketmaydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Qoʻqonda Xudoyorxon oʻrdasining suratlari taqdim etildi (foto)