21:11 / 29.03.2019
3 185

Moddiyat qalbimizni koʻr qilmoqdami? Biz unutayotgan tushunchalar...(foto)

Moddiyat qalbimizni koʻr qilmoqdami? Biz unutayotgan tushunchalar...(foto)
Foto: “InformByuro”/Yanush Korchak
Qanday sevish kerak bolalarni...
Ikkinchi jahon urushi davrida nemislar uchun yahudiylar inson sanalmagan. Ularga hayvondan ham beshafqat munosabatda boʻlishgan. Bolalar uyida ishlagan polyak yozuvchisi, pedagog-tarbiyachi Yanush Korchak asirlikda ham har qanaqasiga tarbiyalanuvchilarga yordam berishga harakat qilgan. Uning tarbiyalanuvchilari oʻzlarini oʻzlari eplay olishgan, hatto kiyim-bosh tikishgan.

Varshava gettosi — yahudiylarning barcha huquqlari cheklangan holda saqlanadigan joy. Yanush Korchak shu yerda ham bolalarga taʼlim-tarbiya berish bilan shugʻullanadi. Atrofda ajal shamoli esayotganini anglab, hech boʻlmaganida bolalarning xotirjam oʻlishlari uchun muhit yaratishga harakat qiladi. Oʻsha paytlari fashistlar gettoda yashayotgan yahudiylarni navbati bilan otishni boshlaydi. Bularning barchasi bolalar koʻz oʻngida sodir etilishi juda azobli hol boʻlsa-da, Yanush Korchak ularga taʼlim-tarbiya berishda davom etaveradi.

1942 yilning yozida Korchakning yetimlarini deportatsiya qilishga qaror qilishadi. Deportatsiyaki, har holda yaxshiroq joyga emas. Shunda Yanush Korchak getto rahbarlarini uning “bolalari” nemislar uchun ishlashi, yaʼni kiyim tikib berishi mumkinligini aytadi va bolalarni olib qolishga erishadi.

Lekin baribir 1942 yilning 6 avgustida bolalar uyining 192 nafar tarbiyalanuvchisi Treblinkaga joʻnatiladi. Ular bilan birga Korchakning yaqin doʻsti Stefaniya va yana 8 nafar katta yoshli odamlar ham birga ketadi. Yanush Korchak mashhur, taniqli inson boʻlgani uchun uni qutqarib qolishga koʻpchilik harakat qiladi. Ammo u bolalar bilan birga boʻlish uchun har qanday yordamni rad qiladi.

Bolalarni vagonga chiqarish tugagach, uning oldiga nemis ofitseri keladi va: “Qirol Matiush”ni siz yozganmisiz, — deb soʻraydi. — Men bu kitobni oʻqiganman bolaligimda. Juda yaxshi kitob. Siz ozodsiz, degan gapni aytadi.

- Bolalar-chi?
- Bolalar lagerga ketadi, siz esa qolishingiz mumkin.
- Bekorlarni aytibsiz. Men ular bilan ketaman, hamma odamlar siz oʻylaganchalik tuban emas.

Foto: “InformByuro”/Yanush Korchak va uning bolalari
Polshalik tarixchi Emmanuel Ringelblyum bu haqda shunday esdaliklarini qoldiradi: “Buni men hech qachon unuta olmayman. Bolalar nemis yovuzlariga qarshi isyonini boshlarini baland koʻtargancha, shaxdam qadamlar bilan bir qatorga toʻrt nafardan turib vagonga chiqib ketishda isbotlashdi. Korchak boʻlsa, ularning oldida eng kichik ikki bolaning qoʻlidan ushlaganicha boshini baland koʻtarib ketib borardi. Ularni koʻrib bizdan soʻrashdi: «bu odam kim?”. Men koʻz yoshlarimni yashirish uchun yuzlarimni berkitdim».

Yanush Korchak bolalar bilan Treblinka lageridagi gaz kamerasida vafot etdi. U gaz kamerasida hech narsadan xabari yoʻq ikki nafar bolakayning qoʻllaridan ushlaganicha, ularga ertak aytib oʻtirardi...

Farzandlarim yosh paytida yozuvchining “Kak lyubit rebyonka” degan kitobini oʻqigan edim. Biografiyasida uning uylanmagani va farzandi yoʻqligi yozilgan. Bunga sabab uning otasi bir necha bor ruhiy-asab kasalliklari shifoxonasida davolangan. Yanush Korchak bu ruhiy xastalikning farzandlarida ham davom etishi mumkinligini istamagani uchun ham oila qurmaydi! Garchi yoshligida qizlarni juda koʻp marta sevib qolgan boʻlishiga qaramay, birorta ayolga sevgi izhor qilmaydi. Ammo umrini bolalarga bagʻishlaydi. Ular bilan birga gaz kamerasida jon beradi.

100 nafar bolaning otasi
Vyetnamda yashaydigan Tong Fuok Fuk baʼzi bagʻritosh onalardan koʻra olijanob chiqib qoldi. U homilador xotinini tugʻruqxonaga olib borganida qaygʻuli holatni kuzatadi. Jarrohlik xonasiga kirgan ayollar koʻzida yosh bilan chaqaloqsiz chiqib kelardi. U ayollarning oʻz farzandidan qanday qilib shu taxlit voz kechishi mumkinligini va hatto insondek qabrga qoʻyishni ravo koʻrmasligini tushunmaydi. Shunda garchi mablagʻi oshib-toshib ketmagan, oʻzi nochor ahvolda yashayotgan boʻlsa-da, yigʻib yurgan puliga Xot Tom togʻidan yer sotib oladi va abort qilingan bolalarni oʻsha yerga koʻmadi.

Tong Fuok Fuk
U bu qabristonni koʻrgan onalar balki fikridan qaytar, degan umidini soʻndirmaydi. Dastlabki ikki yilda Tong 10 000 nafar homilani qabrga qoʻyadi. Tez orada bu ishi samara bera boshlaydi. Uning oldiga iqtisodiy sharoiti ogʻir boʻlgani uchun bolasini oʻldirmoqchi boʻlgan birinchi ayol tashrif buyuradi va fikridan qaytadi, yaʼni Tong u tuqqach bolasini oʻziga oladi, keyin boshqa ayollar ham ketma-ket Tongga murojaat qiladi.

Xullas, Tongning hozir 100 nafardan ziyod farzandi bor. Agar dunyoga kelgan bolaning onasi iqtisodi yoki vaziyat oʻnglangach olib ketaman deb kelsa, bolani berib yuboradi. Ona izlab kelmasa, goʻdakni oʻziga farzandlikka rasmiylashtiradi. Tong Fuok Fuk “Soʻnggi nafasimgacha bu ishimni davom ettiraman”, deydi.

Maoshini oʻquvchilariga boʻlib beradigan oʻqituvchi
Yaqinda dunyo boʻylab ajoyib xabar tarqaldi. “Minbar.uz” sayti bu haqda “Qanday qilib rohib dunyoning eng yaxshi muallimiga aylandi” sarlavhali kattagina maqola tayyorladi. Maqolada taʼkidlanishicha, BAAda topshirilgan “Global Teacher Prize” — “Varkey” xayriya jamgʻarmasining yillik mukofotini (bir million dollar) bu yil dunyoning eng yaxshi muallimi sifatida Keniyadagi oʻrta maktabda dars beruvchi rohib Peter Tabichi qoʻlga kiritdi.

36 yoshdagi bu muallim Keniyaning Pvani qishlogʻidagi Keriko oʻrta maktabida ishlaydi. Maktabda har bir oʻqituvchi 60-70 nafardan oʻquvchini oʻqitadi. Bolalarning koʻpchiligi maktabga bir necha kilometr masofadan piyoda qatnaydi. Peter har oy maoshining 80 foizini kambagʻal oʻquvchilar va qishloqdagi qashshoq oilalarga boʻlib beradi.

Foto: “EducationWorld”
Uning onasi yoshligida vafot etgan. Peterning otasi ham muallim boʻlgan, u oʻgʻliga kamtar, xushchaqchaq, saxiy va taqvodor boʻlishni oʻrgatgan.

12 yildan beri dars berib kelayotgan Tabichining tajribalari shuni koʻrsatadiki, oʻqituvchi oʻquvchilarga faqat saboq berib qolmasdan, ularga maslahat berishi, yaqin doʻstga aylanishi, oʻzaro hurmat, birovga darddosh boʻlish HISsini ham tarbiyalashi kerak ekan.

Maktabda, tasavvur qilayapsizmi, 4-8-sinf oʻquvchilari uchun bittagina kompyuter va birgina proyektor boʻlib, muallim shundan unumli foydalanishga harakat qiladi.

Foto: “EducationWorld”
“Global Teacher Prize”ning short-listiga kirgani maʼlum boʻlgach, Tabichi agar million dollarni yutib olsa, uni ham oʻz maktabi va jamoasiga hadya qilishini aytadi: “Men pulni maktab kompyuter laboratoriyasini rivojlantirishga va internetga yaxshiroq ulanishiga tikaman. Pulning bir qismini isteʼdodli, lekin muhtoj oʻquvchilarni qoʻllashga, qishloqda polizchilikni rivojlantirish va qurgʻoqchilikka chidamli oʻsimliklarni yetishtirishga sarflamoqchiman”. Uning aytishicha, toʻrt nafar hamkasbi bilan birgalikda iqtisodi ogʻir bolalarga ham bepul saboq berisharkan.

Oʻtgan yili ularning maktabi oʻquvchilari Keniya fan va texnika yarmarkasida mamlakat miqyosidagi musobaqada birinchi oʻrinni oldi. Matematika jamoasi esa Arizonada oʻtkaziladigan INTEL-2019 xalqaro ilmiy-texnik yarmarkasida qatnashish huquqini qoʻlga kiritdi...

Biz unutayotgan tushunchalar
Bizning farzandlarimizga, oʻqituvchilarning oʻquvchilarga berayotgan taʼlim-tarbiyasida, avvalo, shaxsiy oʻrnak yetarli emas. Yaʼni, bolalarga yuqoridagi — Yanush Korchak, Peter Tabichi va Tong Fouk Fukdek olijanoblik, fidoyilikda oʻrnak koʻrsatolmaymiz. Yoshlarga odob-axloqdan saboq beramiz: “Oʻzingdan kattalarga joy ber”, “qoʻling koʻksingda salom ber”, “oʻzingdan kattalarga gap qaytarma”, deymizu, ammo olijanoblik, fidoyilik nima — hech tushuntirmaymiz. “Men farzandimga sen olijanob inson boʻl, sen fidoyi boʻl deb oʻrgataman” deya olasizmi?

Olijanoblik, fidoyilik, insoniylik nima degan savolni farzandlaringiz sizga berganmi? Shaxsiy hayotingizda mana shunday fazilatlar bilan ibrat boʻla olganmisiz? Afsuski... Birovga zararingiz tegmayotgan, birovning dilini ogʻritmayotgan, halol va mehnatkash boʻlishingiz mumkin, ammo insoniylik sifatlariga shularning oʻzi yetarlimi?

Menimcha, bu soʻzlar maktablarda ham hech qachon ishlatilmaydi. Koʻproq mulozamatni oʻrgatamizu, insoniylik fazilatlari esdan chiqib ketadi. Maktabda oʻqituvchi bolani turtkilasa yoki tanbeh bersa, koʻpincha “oyligi kam boʻlgach uradi-da”, “oʻqituvchilarga yaxshi oylik bersa oʻzlari uchun oʻqitadi”, degan fikrlarga duch kelamiz. Umuman, har qanday sohadagi masʼuliyatsizlikni moddiylikka bogʻlaymiz. Tarbiyalanmagan, sayqallanmagan FIDOYILIK, OLIJANOBLIK kabi insoniy fazilatlarni moddiylik niqobi bilan qachongacha bekitamiz?..

Manba: Xabar.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Moddiyat qalbimizni koʻr qilmoqdami? Biz unutayotgan tushunchalar...(foto)